O‘zbekiston | 16:12 / 23.12.2024
10060
3 daqiqa o‘qiladi

Moped va skuterlarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov joriy qilindi

Mototransport vositalariga, yaroqsiz holga kelgan yoki yo‘qotilgan davlat raqami belgisi o‘rniga yangi belgi berish uchun to‘lov miqdori biroz pasaytirildi. Moped va skuterlarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov joriy qilindi. Shuningdek, ba’zi to‘lovlarning undirilishi bekor qilindi.

«Ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini va qat’iy hisobdagi blankalarni berishda, avtomototransport vositalari, ularning tirkamalarini (yarim tirkamalarini) ro‘yxatdan o‘tkazishda, qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda, majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishda, shuningdek imtihonlarni olishda undiriladigan to‘lovlar stavkalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi buyruq Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Unga ko‘ra, to‘lov stavkalari quyidagicha miqdorda belgilandi:

- Mototransport vositalari (mototsikl, elektromototsikl, moped va skuterlar) va tirkamalarga (yarim tirkamalar) davlat raqami belgilari uchun BHM 1,5 baravari miqdorida (ilgari BHM 1,75 baravari edi);

- Yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan bir dona davlat raqami belgisi o‘rniga yangi belgi berish uchun BHM 1,5 baravari miqdorida (ilgari BHMning 1,75 baravari edi);

- Yo‘qotilgan bir dona davlat raqami belgilari (mototransport vositalari (mototsikl, elektromototsikl, moped va skuterlar) va tirkamalar (yarim tirkamalar) uchun) o‘rniga yangi bir dona belgi berish uchun BHM 1,5 baravari miqdorida undiriladi (ilgari BHMning 1,75 baravari edi);

- Elektromobillar (gibrid avtomobillar), mototransport vositalari (mototsikl, elektromototsikl, moped va skuterlar) va tirkamalarni (yarim tirkamalarni) ro‘yxatdan o‘tkazish uchun BHM 1,5 baravari miqdorida;

- Elektromobillar (gibrid avtomobillar), mototransport vositalari (mototsikl, elektromototsikl, moped va skuterlar) va avtotransport vositalari tirkamalaridan (yarim tirkamalaridan) boshqa barcha avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun BHM 6,84 baravari miqdorida;

- Avtotransport vositalari, elektromobillar (gibrid avtomobillar), mototransport vositalari (mototsikl, elektromototsikl, moped va skuterlar) va tirkamalarni (yarim tirkamalarni) qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun BHM 10 foizi miqdorida.

Shuningdek, quyidagi to‘lovlarning undirilishi bekor qilindi:

- yaroqsiz holga kelgan, shikastlangan yoki o‘g‘irlangan avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma dublikatini berish uchun BHM 70 foizi miqdoridagi to‘lov;

- yo‘qotilgan avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma dublikatini berish uchun BHM 1 baravari miqdoridagi to‘lov;

- yo‘qotilgan avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish haqida vaqtinchalik guvohnoma dublikatini berish uchun belgilangan to‘lov stavkasining 5 baravari miqdoridagi to‘lov.

Mavzuga oid