Jahon | 14:14
3190
3 daqiqa o‘qiladi

Kremlda Putin va Slovakiya bosh vaziri o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Vladimir Putin Kremlda Robert Fitso bilan uchrashdi. Bu - siyosatchilarning sakkiz yil ichida birinchi shaxsiy muzokaralari.

Foto: kremlin.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kremlda Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso bilan uchrashdi. Bu haqda 22 dekabr, yakshanba kuni Kreml matbuot xizmati xabar berdi.

«Robert Fitso amaliy tashrif bilan Moskvada», — deyiladi xabarda.

Matbuot xizmati tarqatgan kadrlarda siyosatchilarning qo‘l berib ko‘rishayotgani aks etgan.

TASS agentligi eslatganidek, bu - Putin va Fitsoning 2016 yildan beri birinchi shaxsiy uchrashuvi.

Kiyev Rossiya gazining Ukraina orqali tranziti bo‘yicha kelishuvni uzaytirmaslikka qaror qildi

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich 21 dekabr kuni uchrashuv Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiyning 2025 yil 1 yanvardan Rossiya gazini Ukraina orqali tranziti bo‘yicha kelishuvni uzaytirmaslik haqidagi qarori fonida rejalashtirilganini aytdi. Fitso avvalroq bu qadam Slovakiyani inqirozga olib kelishi mumkinligini bildirgandi.

«Norasmiy ma’lum bo‘lishicha, Fitso Putinning oldiga Yevropa Ittifoqi davlati rahbari sifatida boradi – bu boshqa yetakchilar tomonidan qanday kutib olinishini aytishim shart emas va bu vaziyatni yanada murakkablashtiradi», — dedi Serbiya prezidenti.

Kiyevning «Gazprom» Rossiya korporatsiyasi bilan tranzit shartnomasi 2019 yildan beri amal qiladi.

Kelgusi yili Fitso SSSRning Ikkinchi jahon urushida natsistlar Germaniyasi ustidan qozongan g‘alabasining yubileyini nishonlash uchun Rossiyaga kelishga va’da berdi.

YeI gaz yetkazib beruvchilari Ukraina orqali tranzitni saqlab qolishga chaqirmoqda

Slovakiyaning eng yirik gaz yetkazib beruvchi SPP kompaniyasi, shuningdek, Avstriya, Vengriya va Italiyaning bir qancha gaz kompaniyalari Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyenga Ukraina orqali gaz tranzitini saqlab qolishga chaqiruvchi murojaatnoma tayyorladi, deb xabar bermoqda Reuters agentligi 17 dekabr kuni.

SPP rahbari Voytex Ferens kompaniyalarning ushbu qo‘shma xatini «yaqin kelajakda katta iqtisodiy zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan mintaqaning energiya xavfsizligi va iqtisodiyoti uchun bevosita mas’ul bo‘lgan biznes muhim ovozi» deb atadi. Ferensga ko‘ra, Ukrainadagi gaz infratuzilmasini saqlab qolish va bu mamlakat orqali gaz tranzitini davom ettirishdan Yevropa iste’molchilari ham, Kiyev ham foyda ko‘radi.

Mavzuga oid