Aqtaudagi aviahalokat. So‘nggi ma’lumotlar
Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Bokudan Grozniyga uchgan samolyoti Qozog‘istonda qulab tushdi. Uning bortida 67 kishi bo‘lgan, shundan 38 kishining o‘limi tasdiqlandi.
Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasining Bokudan Grozniyga reysni amalga oshirgan Embraer 190 rusumli yo‘lovchi samolyoti 25 dekabr tongida Qozog‘iston g‘arbidagi Aqtau shahri yaqinida aviahalokatga uchradi. Qulagan samolyot bortida 62 yo‘lovchi va ekipajning besh nafar a’zosi bo‘lgan, deb xabar qilgan Qozog‘iston FVV. Avvaliga «Kazinform» agentligi samolyotda 105 yo‘lovchi va ekipajning besh a’zosi uchganini xabar qilgandi, ammo keyinroq xabariga tuzatish kiritdi. AZAL telegram-kanalida 62 yo‘lovchi va ekipajning besh a’zosi ro‘yxati e’lon qilingan.
Samolyotda to‘rt mamlakat fuqarolari parvoz qilgan. Qozog‘iston transport vazirligiga ko‘ra, bortda Ozarboyjonning 37, Rossiyaning 16, Qozog‘istonning olti fuqarosi, shuningdek uch nafar qirg‘izistonlik bo‘lgan. Shot telegram-kanali bortda bo‘lgan Rossiya fuqarolari ro‘yxatini e’lon qilgan, unda 15 rossiyalik bor, jumladan, 2011 va 2013 yillarda tug‘ilgan bolalar.
Samolyot halokati oqibatida 38 kishi halok bo‘ldi, deb xabar berdi Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Kanat Bozumbayev. 29 kishi shifoxonaga yotqizilgan, shundan uch nafari bolalar. Jabrlanganlardan 11 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda. Shifoxonadagilarning 15 nafari Ozarboyjon, to‘qqiz nafari Rossiya, ikki nafari Qirg‘iziston fuqarolari, yana uch kishining fuqaoligiga aniqlik kiritilmoqda.
Bungacha Qozog‘iston FVV 29 kishi halokatdan omon qolganini, RIA Novosti esa jabrlanganlardan to‘qqiz nafari og‘ir ahvolda ekanini xabar qilgandi.
Halokatdan keyin samolyot parchalangan, dum qismi ajralgan va ag‘darilgan. Fotosuratlar va hodisa videolaridan ko‘rish mumkinki, omon qolganlar aynan samolyotning dum qismida bo‘lgan.
Samolyot halokatga uchrashi videoga olingan. Kadrlarda samolyot balandlikka ko‘tarilishga uringani, ammo boshqaruv tizimlari ishdan chiqishi tufayli pastlagani, qo‘nish yo‘lagiga kirishdan oldin 45 daraja burchak ostida yerga urilgani va shundan keyin portlash ro‘y berganini ko‘rish mumkin.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda halokatdan keyin olingan videolar paydo bo‘lgan.
Ularda omon qolganlarni va usti yopib qo‘yilgan jasadlarni ko‘rish mumkin.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot Kaspiy dengizi ustida ekanida halokat signalini yo‘llagan, deb xabar beradi Ozarboyjonning APA agentligi. Shundan keyin layner majburiy qo‘nish uchun Qozog‘iston tomon yo‘l olgan.
Sputnik Azerbaijan aviakompaniyadagi manbaga asoslanib, samolyot qushlar galasi bilan to‘qnashib ketganini halokat sababi sifatida keltirgan. Rosaviatsiyadan ham shunday ma’lumot berishgan. Orda.kz esa Qozog‘istonning Mang‘istau oblasti sog‘liqni saqlash boshqarmasiga asoslanib, samolyot bortida ballon portlaganini xabar qilgan. Guvohlar nashr bilan suhbatda havo kemasi dvigateliga qush tiqilib qolgani, shundan keyin bortda kislorod balloni portlaganini aytib berishgan. «Kislorod balloni portlab ketdi, odamlar hushini yo‘qota boshladi», — deyishgan guvohlar.
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev halokat sabablari noma’lum ekani, turlicha versiyalar ko‘rib chiqilayotgani va ular haqida gapirishga hali erta ekanini aytgan. «Menga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, AZAL kompaniyasining Boku — Grozniy yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilgan samolyoti ob-havo sharoiti yomonlashgani tufayli yo‘nalishni o‘zgartirgan va keyinroq qo‘nish chog‘ida avariya ro‘y bergan Aqtau aeroporti tomon harakatlana boshlagan», — deya Aliyevning so‘zlarini keltirgan Vesti.az nashri.
Samolyot Aqtau aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagi yaqinidagi dalaga qulagan. Flightradar servisi ma’lumotlariga ko‘ra, halokatdan oldin samolyot aeroport ustida aylangan. Servis vakillari samolyot bir soatdan ortiq vaqt davomida qiyinchilik bilan balandlikni ushlab turgan. AZAL’dagilar layner «Aqtau shahridan uch kilometr masofada avariyaviy qo‘nishni amalga oshirgani»ni aytishgan.
Samolyot tuman tufayli Grozniyga qo‘nish uchun ruxsat ololmagan. Layner avvaliga Mahachqal’aga, keyin esa Aqtauga yo‘naltirilgan, deb xabar bergan RIA Novostiga Grozniy aeroporti matbuot xizmati.
Qozog‘iston hukumati aviahalokat sabablarini o‘rganish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzgan. Havo kemasidan foydalanish paytida xavfsizlik qoidalari buzilishi moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Azerbaijan Airlines aviakompaniyasi tergov yakuniga qadar Bokudan Grozniy va Mahachqal’aga (va qarama-qarshi yo‘nalishlarda) parvozlarini to‘xtatdi.
Reuters agentligi rasmiylar hozircha Kaspiy dengizi ustida uchgan samolyot Rossiya janubiga (Vladikavkaz, Ingushetiya va Grozniyga) dronlar zarbalari yog‘dirilgan bir vaqtda halokatga uchraganini tushuntirib bera olmayotgani haqida yozgan. Avvallari mazkur hududda dronlar faollashganida aeroportlar yopilgan bo‘lardi.
«Mojyem ob’yasnit» telegram-kanali Aqtauga qulagan samolyot havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan urib tushirilgan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi versiyani ilgari surdi. Aviatsiya mavzusiga ixtisoslashgan Fighterbomber kanali ham bunga qo‘shilgan.
Samolyot Grozniyga uchayotganida ushbu shaharga ukrain dronlari hujum qilgandi.
Salondan olingan videolardan birida samolyot qanotidagi shikastlanishlar ham yaqqol ko‘zga tashlangan.
Omon qolgan yo‘lovchilardan biri Zaur Mamedov «bir necha portlash» ovozini eshitgani, shundan keyin bort «bir-ikki soat» uchib, qulab tushganini aytgan.
Checheniston rahbari Ramzon Qodirov samolyot halokati yuzasidan hamdardlik bildirgan. «Azerbaijan Airlines laynerining Bokudan Grozniyga parvoz qilgan va Aqtauda halokatga uchragan reysi yo‘lovchilarining yaqinlariga hamdardlik bildiraman», — deya yozgan u telegram-kanalida. Qodirov jabrlanganlar tezda sog‘ayib ketishini tilagan.
RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva Aqtaudagi aviahalokatda yaqinlarini yo‘qotganlarga chuqur hamdard ekanini bildirib, jabrlanganlarga sog‘lik tilagan. RF prezidenti Vladimir Putin Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali bog‘lanib, hamdardligini bildirgan.
Ozarboyjonda 26 dekabr motam kuni deb e’lon qilingan. Mamlakat prezidenti Ilhom Aliyev tegishli farmonni imzolagan. U bundan oldinroq samolyot halokati munosabati bilan Rossiyadagi MDH sammitidagi ishtirokini muddatidan oldin yakunlab, Bokuga qaytishga qaror qilgandi.
Halokatga uchragan Embraer E190AR bundan 11 yil muqaddam foydalanishga topshirilgan. Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, bu vaqt davomida bort AZAL va unga aloqador Buta Airways kompaniyalariga tegishli bo‘lgan.
Mavzuga oid
22:27 / 25.12.2024
Mustaqil Qozog‘iston tarixidagi eng yirik aviahalokatlar sanab o‘tildi
21:32 / 25.12.2024
Azerbaijan Airlines samolyotining Qozog‘istondagi halokatida 38 kishi vafot etdi
20:54 / 25.12.2024
Qozog‘istonda halokatga uchragan samolyot yerdan urib tushirilgani haqida taxminlar yangramoqda
12:27 / 25.12.2024