Jahon | 08:08 / 25.12.2024
6315
2 daqiqa o‘qiladi

Kiyev RFning muzlatilgan aktivlaridan milliard dollar oldi

Ukraina Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olingan daromad evaziga yigirma milliard dollardan birinchisini oldi, dedi bosh vazir Denis Shmigal.

Denis Shmigal Foto: EPA/Vostock-photo

Ukraina Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromad evaziga AQShdan milliard dollar oldi, dedi 24 dekabr, seshanba kuni bosh vazir Denis Shmigal o‘zining Telegram-kanalida. «Bu AQSh G7 tashabbusi doirasida bloklangan Rossiya aktivlaridan foydalanish orqali ajratishga tayyor bo‘lgan rejalashtirilgan 20 milliard dollarning birinchi transhidir», deb tushuntirdi u.

Shmigal Qo‘shma Shtatlar va Jahon bankiga «adolat sari muhim qadam» uchun minnatdorchilik bildirdi. «Biz Rossiyaning barcha suveren aktivlari musodara qilinishini va Ukrainani tiklash uchun ishlatilishini kutamiz», — deya qo‘shimcha qildi ukrainalik siyosatchi.

AQSh Moliya vazirligi Kiyevga 20 mlrd dollar qarz haqida e’lon qildi

AQSh Moliya vazirligi G7 ("Yettilik guruhi") tashabbusi doirasida Ukrainaga 20 milliard dollar (19 milliard yevro) ajratilishini e’lon qildi. Qarz haqida 10 dekabr kuni AQSh moliya idorasi ma’lumot berdi.

Kredit Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan mablag‘lar hisobidan to‘lanishi kerak. G7 orqali taqdim etilayotgan mablag‘larning umumiy miqdori 50 milliard dollarni (47,5 milliard yevro) tashkil etadi.

AQSh moliya vaziri Janet Yyellen Ukrainaga «tez yordam xizmatlari, shifoxonalar va jasoratli qarshilik ko‘rsatishning boshqa ustunlarini saqlab qolish uchun» moliyaviy resurslar kerakligini ta’kidladi.

Bu mablag‘lar, Vashingtonning xavfsizlikka yordami va Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish choralari «Ukrainaning o‘z suverenitetini himoya qilish va adolatli tinchlikka erishishdagi pozitsiyasini mustahkamlaydi», deb ta’kidladi Yyellen.

Mavzuga oid