O‘zbekiston | 20:15 / 26.12.2024
7121
4 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev: YeOII davlatlari fuqarolariga ichki hujjatlari bilan O‘zbekistonga kirish imkonini berishga tayyormiz

O‘zbekiston sayyohlik almashinuvlarini rag‘batlantirish maqsadida YeOII davlatlari fuqarolariga ichki hujjatlar bilan respublikaga kirish imkonini berishga tayyor. Bu haqda YeOII sammitida kuzatuvchi maqomida qatnashgan prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi maqomida ishtirok etdi.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan raisligida (onlayn formatda) o‘tgan bu galgi uchrashuvda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, shuningdek, YeOII huzuridagi kuzatuvchi mamlakat – Eron sanoat, konlar va savdo vaziri Said Muhammad Otabak ham qatnashdi. Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel ishtirokchilarga videomurojaat yo‘lladi.

Kun tartibidan ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari o‘rin oldi.

Sammitda Mirziyoyev nutq so‘zladi va so‘nggi yillarda O‘zbekiston kuzatuvchi sifatida YeOII bilan 22 ta yo‘nalishda samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yganini ta’kidladi.

Ta’kidlanishicha, 2024 yilda O‘zbekistonning ittifoq mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 11 foizga oshdi. Oktyabr oyida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan savdo, sanoat, moliya, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa sohalarda 40 ga yaqin chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan yangi uch yillik hamkorlik rejasi qabul qilindi.

O‘zbekiston, shuningdek, YeOII savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijoratni joriy etish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohasidagi qator tarmoq dasturlarida faol ishtirok etmoqda.

Kelgusi yil mart oyida qo‘shma Ishchi guruhining to‘rtinchi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Davlat rahbari YeOII bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtaldi. Xususan, o‘zaro savdodagi savdo to‘siqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etishga chaqirdi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston va YeOII davlatlari o‘rtasidagi savdoda tarif va notarif cheklovlarni qo‘llamaslik masalasini ekspertlar darajasida ishlab chiqish taklif etildi.

Amaliy harakatlar rejasini qabul qilgan holda, yaqin kelajakda texnik jihatdan tartibga solish tizimlarini yaqinlashtirish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazishga tayyorlik bildirildi.

O‘zbekiston yetakchisi tadbir yakunida imzolanayotgan Yagona bojxona tranziti tizimi to‘g‘risidagi bitimda mamlakatimizning ishtirok etishi, shuningdek, bojxona chegaralari orqali olib o‘tilayotgan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida elektron ma’lumotlar almashinuvini tez fursatda joriy etish tarafdori ekanini ta’kidladi.

Sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va vositalariga qo‘shilishdan manfaatdorlik bildirildi.

- Qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun ishonchli moliyaviy manbalarni shakllantirish maqsadida kelgusi yil boshida tartib-taomillarni yakunlab, Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqdamiz, dedi Mirziyoyev.

Biznesni yanada faol jalb qilish va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida YeOII Ishbilarmonlar kengashining yig‘ilishini 2025 yil aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkazish taklif etildi.

Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida tizimli hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi. Mamlakatimizni YeOIIning integratsiyalashgan axborot tizimiga va «Raqamli ittifoq» loyihasiga ulash tashabbusi ilgari surildi.

Agrar sohada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni yengillashtirish, innovatsion agrosanoat loyihalarini amalga oshirish va ilmiy ishlanmalarni joriy etishga qaratilgan kooperatsiya dasturini tayyorlash taklif etildi.

Sayyohlik almashinuvlarini rag‘batlantirish maqsadida davlatimiz rahbari YeOII davlatlari fuqarolariga O‘zbekistonga ichki hujjatlar bilan kirish imkonini beruvchi tartibni joriy etishga tayyorligini bildirdi.

Mavzuga oid