Jahon | 19:17 / 26.12.2024
8533
3 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon samolyoti Rossiya raketasi sababli halokatga uchragan – Euronews

Dastlabki tergov ma’lumotlari shuni tasdiqlamoqda, deb yozdi Euronews nashri Ozarboyjon hukumatidagi manbalarga tayanib. Rossiya va Qozog‘iston yakuniy xulosa chiqarishga erta ekanini ma’lum qilmoqda.

Foto: EPA / TASS

25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasi samolyotining Qozog‘istondagi halokatiga Rossiyaning «yer-havo» sinfidagi raketasi sabab bo‘lgan. Bu haqda Ozarboyjon hukumatidagi manbalarga tayanib Euronews yozdi.

Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Ozarboyjonning Boku shahridan Rossiyaning Grozniy shahriga uchgan samolyot manzilga yaqinlashganida unga raketa otilgan. Bu vaqtda Grozniyda «dronlarning havodagi faolligi» kuzatilgan. Raketa samolyot yaqinida portlab, fyuzelajga zarar yetkazgan.

Euronews manbalariga ko‘ra, shikastlangan samolyot ekipaji favqulodda qo‘nishni so‘ragan, biroq Rossiyaning birorta aeroportiga qo‘nishga ruxsat berilmagan. Shundan so‘ng ularga Kaspiy dengizi orqali Qozog‘istonning Oqtov aeroportiga uchish buyurilgan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, samolyotning GPS-navigatsiya tizimlari dengiz ustidagi parvoz davomida to‘silgan.

25 dekabr kuni ertalab Bokudan Grozniyga uchgan Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Embraer 190 samolyoti Oqtov yaqinida halokatga uchradi. Samolyot bortida 67 kishi, jumladan besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot halokatida 38 kishi halok bo‘ldi. Dastlab, samolyot halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashuv yoki bortdagi kislorod bakining portlashi sabab bo‘lishi mumkinligi haqidagi versiyalar ilgari surildi.

Oqtovdagi aviahalokatdan so‘ng, samolyotning dum qismi fyuzelajida o‘qqa tutilganiga ishora qiluvchi ko‘plab teshiklar borligi haqidagi video tarqaldi.

25 dekabr kuni samolyot Grozniyga yaqinlashayotganida Rossiya Havo hujumidan mudofaa kuchlari Ukraina dronlari hujumini qaytarishga harakat qilayotgan edi.

Rossiya rasmiylari samolyot halokati sabablariga izoh bermadi.

«Tergov xulosasidan oldin har qanday gipoteza qurish noto‘g‘ri. Biz, albatta, buni qilmaymiz va hech kim buni qilmasligi kerak. Biz tergov tugaguncha kutishimiz kerak», dedi Kreml vakili Dmitriy Peskov.

Qozog‘iston Senati raisi Maulen Ashimbayev Ozarboyjon samolyoti o‘qqa tutilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi versiyalarni ilgari surishni noto‘g‘ri deb atadi.

«Bunday taxminlarni tarqatish noto‘g‘ri va axloqsizlikdir… Komissiya, mutaxassislar ishlayapti, ekspertlar hammasini kuzatmoqda, ular o‘z xulosalarini chiqaradi», dedi Ashimbayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aviahalokatni tekshirishga Qozog‘iston, Ozarboyjon va Rossiya vakillari jalb qilingan. Bu mamlakatlarning hech biri haqiqatni yashirishdan manfaatdor emas, deb ta’kidladi Senat raisi.

Mavzuga oid