Jahon | 11:11 / 28.12.2024
2755
3 daqiqa o‘qiladi

Bloomberg: UQK 2025 yilda Kursk oblastini tark etishi mumkin

Nashr manbalari o‘z prognozlarini Ukraina Qurolli kuchlari saflarida askarlarning yetishmasligi va kelajakda G‘arb qurol-yarog‘larini yetkazib berish borasidagi noaniqlik bilan izohlamoqda. Ularning fikricha, bu Kiyevning sulh muzokaralaridagi pozitsiyasini zaiflashtirishi mumkin.

Foto: Yan Dobronosov/AFP

Ukraina bir necha oy ichida Rossiya Federatsiyasining Kursk oblastida qo‘lga kiritgan hududlarini yo‘qotishi mumkin, deb xabar berdi Bloomberg 27 dekabr, juma kuni ismini oshkor qilishni istamagan bir necha AQSh rasmiylariga tayanib. Nashrning eslatishicha, Ukraina Qurolli kuchlari shu yilning yozida bosib olgan hududning yarmi ustidan nazoratni allaqachon yo‘qotgan. Uning suhbatdoshlari bu Kiyevning Rossiya bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha ehtimoliy muzokaralardagi pozitsiyasini zaiflashtirishi mumkinligidan xavotirda.

Bloomberg manbalariga ko‘ra, bunga Ukraina Qurolli kuchlari saflarida askarlarning yetishmasligi hamda AQSh va boshqa ittifoqchilardan kelajakda qurol-yarog‘ yetkazib berilishi borasidagi noaniqlik sabab bo‘lgan. Shuning uchun ukrainalik harbiylar Kursk oblastidagi hududni bahorgacha ushlab turishi mumkin, keyin esa chekinishga majbur bo‘ladi yoki qurshab olinish xavfi tug‘iladi. Ikki suhbatdosh Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy og‘ir yo‘qotishlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun mintaqadan o‘z vaqtida chekinishga buyruq berishiga umid bildirdi.

NYT: KXDR qo‘shinlarini Rossiyaga yuborish g‘oyasi Pxenyandan chiqqan

Shimoliy Koreya qo‘shinlarini Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiyaga yuborish g‘oyasi Moskvadan emas, Pxenyandan chiqqan, deb yozadi The New York Times (NYT) 23 dekabr kuni o‘z manbalariga tayanib. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbus Moskva va Pxenyan o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolangandan so‘ng darhol paydo bo‘lmagan. «AQSh razvedka idoralari bu Rossiyaning emas, Shimoliy Koreyaning g‘oyasi degan xulosaga keldi, garchi prezident Vladimir Putin buni tezda qabul qilgan bo‘lsada», deb yozadi NYT.

Biroq, materialda ta’kidlanganidek, Shimoliy Koreya «yordam» evaziga «darhol hech narsa olmadi» va uning rahbari Kim Chen In hozirda Moskvadan kelajakda — texnologiya, diplomatik yordam ko‘rinishida minnatdorchilikka umid qilmoqda. Bu G‘arb bilan qarama-qarshilik va inqirozli vaziyatlarda RFning boshqa harakatlarini ham nazarda tutadi, deydi manbalar.

Mavzuga oid