KXDR Yapon dengizi tomon ballistik raketa uchirdi
Shimoliy Koreya 2025 yilda uchirgan birinchi raketasi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Seulga tashrif buyurgan vaqtga to‘g‘ri keldi. O‘rta masofaga mo‘ljallangan raketa qariyb 1100 kilometr uchib, Yapon dengiziga quladi.
KXDR 6 yanvar kuni Yapon dengizi tomon ballistik raketasini uchirdi. Bu haqda Janubiy Koreya harbiylariga tayanib Yonhap agentligi xabar berdi.
Janubiy Koreya Qurolli kuchlari Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasining ma’lum qilishicha, o‘rta masofaga mo‘ljallangan ballistik raketa deya taxmin qilinayotgan snaryad soat 12:00 da Pxenyandan uchirilgan.
«Yangi uchirishlar amalga oshirilishi mumkinligi sabab harbiylarimiz Amerika va Yaponiya tomoni bilan KXDR raketalariga oid ma’lumotlarni almashib, monitoringni kuchaytirdi», — deyiladi xabarda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ballistik raketa qariyb 1100 kilometr uchib, Yapon dengiziga qulagan.
Yaponiya Sohil qo‘riqlash xizmati ham Pxenyan tomonidan raketa uchirilganini ma’lum qilgan. Raketaning uchirilishi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Seulda bo‘lib turgan vaqtga to‘g‘ri keldi. Amerikalik amaldor Janubiy Koreyadagi hamkasbi bilan KXDR tahdidlarini tutib turish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oktyabr oyi oxirida KXDR qit’alararo ballistik raketa sinovini amalga oshirgandi. Raketa 87 daqiqa parvoz qilib, Xokkaydo orolidan 200 kilometr uzoqlikka borib tushgan. Yaponiya hukumatiga ko‘ra, raketa 7 ming metr balandlikka qadar ko‘tarilgan, parvoz uzoqligi esa 1000 kilometrni tashkil etgan. Koreya Markaziy telegraf agentligi bayonotida aytilishicha, sinov parvozi «strategik raketalar kuchi rekordini yangilagan».
Mavzuga oid
17:25 / 07.01.2025
KXDR gipertovushli ballistik raketa sinovi muvaffaqiyatli o‘tganini e’lon qildi
21:11 / 06.01.2025
KXDR «sosiskali sho‘rva» uchun odamlarni lagerlarga yuborishni boshladi - OAV
12:11 / 30.12.2024
«Ularning o‘zi kelmaguncha bu xabarlar feyk deb o‘ylagandim». Kurskdagi shifokorlar shimoliy koreyalik yaradorlar haqida
12:14 / 29.12.2024