Olimlar qish mavsumi uchun eng foydali ichimlikni ma’lum qildi
Zamonaviy tadqiqotlar kakao nafaqat yaxshi kayfiyat berishi, balki yurak va miya salomatligiga hissa qo‘shishini isbotlamoqda.
Yuragingiz “rahmat” deydi
Tadqiqotlarga ko‘ra, kakao tarkibidagi flavonoidlar yurak salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu moddalar yallig‘lanishni kamaytiradi, qon oqimini yaxshilaydi va qon bosimini me’yorda ushlab turishga yordam beradi.
2017 yilda Tsyurix universiteti olimlari tomonidan olib borilgan “Cocoa, Blood Pressure, and Vascular Function” nomli tadqiqot natijalariga ko‘ra, kakaoni muntazam iste’mol qilish qon tomirlari faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va arterial qon bosimini pasaytiradi. Tadqiqotda qayd etilishicha, kakao qon tomirlarni kengaytiruvchi va ularning elastikligini saqlab qolishga yordam beruvchi azot oksidi ishlab chiqarilishini yaxshilaydi.
Xolesterin miqdorini kamaytiradi
Qon bosimini tushirishdan tashqari, kakao yurak xurujlari va insult xavfini kamaytirishi mumkin bo‘lgan boshqa xususiyatlarga ham ega. Tadqiqotlar kakao “zararli” xolesterin darajasini pasaytirishi, yallig‘lanishni kamaytirishi va aspirin kabi qonni suyultiruvchi tabiiy vosita bo‘la olishini ko‘rsatdi.
2016 yilda Harvard tibbiyot maktabi va Braun universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan meta-tahlilda 1100 dan ortiq ishtirokchi qatnashgan 19 ta klinik tadqiqot natijalari o‘rganildi. Xulosa qilinishicha, kakaoni muntazam iste’mol qilish organizmning insulinga sezuvchanligini oshiradi, bu esa o‘z navbatida yurak xurujlari va insult xavfini kamaytiradi.
Ammo kakao ishlov berish va qizdirish jarayonida o‘z foydali xususiyatlarini 60 foizgacha yo‘qotishi mumkin.
Miya salomatligi
Bostondagi Hebrew SeniorLife keksayish tadqiqotlari institutidan Farzane Sorond va uning jamoasi o‘tkazgan tadqiqotda har kuni kakao iste’mol qiladigan 34 nafar keksa ko‘ngillida o‘rta miya arteriyasidagi qon oqimi tezligi sezilarli darajada yaxshilangani kuzatildi.
Flavanolga boy kakao iste’mol qilingandan so‘ng, miyaga qon oqimi bir hafta ichida 8 foizga, ikki hafta ichida 10 foizga oshgan. Demak, hatto qisqa muddatli iste’mol ham xotira va diqqatga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yoshlar orasida olib borilgan tadqiqotlar esa kakaoni muntazam iste’mol qilish diqqatni jamlash qobiliyatini oshirishi va neyronlar o‘sishiga yordam berishini ko‘rsatgan. 366 nafar ishtirokchi bilan o‘tkazilgan 11 ta klinik tadqiqot kakao miya faoliyatini qo‘llab-quvvatlashi va aqliy qobiliyatlarni yaxshilashi mumkinligini isbotlagan.
Kakaoni to‘g‘ri iste’mol qilish
Maksimal foyda olish uchun tarkibida shakar va qo‘shimchalari bo‘lmagan kakaoni tanlash kerak.
Yevropa oziq-ovqat xavfsizligi agentligi kuniga tarkibida yuqori miqdorda flavanollar bo‘lgan taxminan 2,5 gramm kakao kukuni yoki tarkibida kamida 70 foiz kakao mavjud bo‘lgan 10 gramm qora shokolad iste’mol qilishni tavsiya etadi.
Kakaoni iste’mol qilish usullari:
· Issiq shokolad tayyorlash.
· Ertalabki smuzilarga kakao qo‘shish.
· Kakaodan foydali shirinliklar tayyorlashda foydalanish.
· Mevalar ustiga sepish, ayniqsa banan yoki qulupnay bilan juda mazali ketadi.
Allergiya, qandli diabet yoki boshqa kasalliklar bilan og‘rigan odamlarga kakaoni iste’mol qilishdan oldin shifokor bilan maslahatlashish tavsiya etiladi!
Mavzuga oid
18:36
O‘zbekiston va rossiyalik olimlar ko‘cha zo‘ravonligini aniqlovchi neyron tarmoq yaratdi
21:14 / 08.01.2025
Kuniga 10 ming qadam yurganlarni rag‘batlantirish taklif etilmoqda
16:40 / 07.01.2025
Xotirani yaxshilashda eng samarali bo‘lgan parhez aniqlandi
14:22 / 06.01.2025