Jahon | 20:29 / 08.01.2025
3507
3 daqiqa o‘qiladi

«Telegraf»: Zelenskiy ikkinchi muddatga nomzodini qo‘yish bo‘yicha qaror qabul qilgan

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ikkinchi muddatga nomzodini qo‘yishi mumkin. 2019 yilgi saylovlar avvalida Zelenskiy faqat bir muddatga prezidentlik lavozimida qolishini aytgandi.

Foto: Getty Images

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy allaqachon ikkinchi muddatga nomzodini qo‘yishga qaror qilgan. Bu haqda Ukrainaning «Telegraf» nashri davlat rahbariga yaqin bo‘lgan manbalariga tayanib xabar berdi.

«52 foizli ishonch darajasi bilan unda prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonish imkoniyati mavjud», — deyiladi xabarda.

«Telegraf» Zelenskiyning asosiy raqibi sifatida Ukraina Qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni, mamlakatning Buyuk Britaniyadagi elchisi Valeriy Zalujniyni ko‘rsatgan. Nashrning qayd etishicha, «vaqti-vaqti bilan uni ukrainaliklar orasida ishonch reytingi yetakchisi» deb atashadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Zalujniy hozircha «o‘zining siyosiy kelajagi» to‘g‘risida yakuniy qaror qabul qilmagan. Nashrning ta’kidlashicha, Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yerman Zalujniy agar o‘z nomzodini ilgari surmay, saylovlarda Zelenskiy tomonida ishtirok etsa, sobiq bosh qo‘mondon «Xalq xizmatkori» partiyasi ro‘yxatida birinchi o‘rinni va Oliy Radada spikerlik lavozimini olishi mumkinligi haqida xabardor qilgan.

«Telegraf», shuningdek, Zalujniy prezidentlikka nomzodini qo‘yishga qaror qilsa, jinoiy javobgarlikka tortilishi bilan tahdid qilinayotgani haqida ham yozgan. U jalb etilishi mumkin bo‘lgan tergovlardan biri — bu «2022 yilda Xersonni kim topshirgani» borasida.

Jurnalistlarning siyosiy rejalari haqidagi savolga Zalujniy quyidagicha javob qaytargan: «Avval biz davlatchiligimizni saqlab qolamiz. Shundan keyingina gaplashamiz».

Ukrainada prezidentlik saylovlarini o‘tkazish 2024 yil mart oyiga rejalashtirilgandi. Parlament saylovlari 2023 yil oktyabrda bo‘lib o‘tishi kerak edi. Ukrainada harbiy holat tufayli saylovlar o‘tkazilmagan.

2019 yilgi saylovlar avvalida Zelenskiy faqat bir muddatga prezidentlik lavozimida qolishini va ikkinchi muddatga saylanish niyatida emasligini ma’lum qilgandi. 2023 yilda u kelgusi yilda, urush vaqtida saylovlar o‘tkaziladigan bo‘lsa, prezidentlikka yana nomzodini ko‘rsatish rejasini aytgan.

Leks Fridmanga bergan intervyusi davomida Zelenskiy Ukrainada saylovlar harbiy holat bekor qilinishi bilan o‘tkazilishini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, u unda ishtirok etish yoki etmaslik bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilmaganini bildirgan.

Mavzuga oid