Jahon | 09:43 / 10.01.2025
7639
7 daqiqa o‘qiladi

Livanda nihoyat prezident saylandi. Bu Eronga yana bir zarba

Armiya bosh qo‘mondoni prezidentga aylandi. Uni AQSh, Fransiya va Saudiya Arabistoni qo‘llagan. Bunga qadar ikki yil davomida Livanning yangi prezidentini saylash uchun 12 urinish muvaffaqiyatsizlikka uchragandi. 

Foto: Reuters

Payshanba kuni Livan parlamenti ovoz berishning ikkinchi turida armiya bosh qo‘mondoni Jozef Aunni mamlakat prezidenti etib sayladi. Ekspertlar mamlakatdagi deyarli barcha siyosiy kuchlar, jumladan, «Hizbulloh»ni ham qanoatlantiradigan nomzod bo‘lgani tufayli uning saylanishi ehtimolini yuqori baholayotgandi.

Ovoz berishning birinchi turi bir necha soat oldinroq o‘tkazilgan, ammo Aun g‘alaba uchun zarur bo‘lgan 86 ovozni (128 ovozdan) qo‘lga kirita olmagan, faqat 71 parlamentariy uning nomzodini qo‘llagandi.

Xabar qilishlaricha, turlar orasidagi tanaffusda livanlik qonunchilar turli darajalarda faol maslahatlashuvlar o‘tkazishgan. Aunning tarafdorlari shia deputatlarni o‘z tomoniga og‘dirishi kerak edi. Birinchi turda ular ovoz berishdan bosh tortishgan.

Ikkinchi turda Aun 99 ovoz olishga erishdi.

Livanda prezidentlik lavozimi ikki yildan oshiq vaqtdan buyon, 2022 yil oktyabrida Mishel Aunning vakolatlari tugaganidan keyin vakant qolayotgandi va ko‘p yillik iqtisodiy inqiroz hamda yaqinda Isroil bilan bo‘lgan urushdan zaiflashgan mamlakat uchun hozir hokimiyatdagi bo‘shliqni to‘ldirish har qachongidan muhim. Bugungi kunga qadar Livanning yangi prezidentini saylash uchun 12 urinish muvaffaqiyatsizlikka uchragandi.

Livanda prezidentni saylash jarayoni Konstitutsiya va hokimiyatning konfessional taqsimotiga asoslangan mamlakat siyosiy tizimining o‘ziga xos xususiyatlari bilan tartibga solinadi. Livan prezidenti 128 deputatdan iborat parlament tomonidan olti yil muddatga saylanadi va u ketma-ket ikkinchi muddatga ushbu lavozimni egallay olmaydi.

Livanning murakkab jamoaviy boshqaruv tizimida prezident lavozimini an’anaga ko‘ra maronit xristianlar vakili egallab keladi.

Aunning nomzodini xristianlarning o‘ng markazchi «Marada» partiyasi yetakchisi, tajribali siyosatchi, Livanning sobiq ichki ishlar vaziri Sulaymon Franjye ham qo‘llab-quvvatlagan — u ushbu harbiy foydasiga prezidentlik lavozimini egallash rejalaridan voz kechdi.

Parlament qarshisida prezident sifatida qilgan ilk chiqishida Aun uning birinchi galdagi vazifalari orasida — qurolga egalik huquqi faqat davlatda bo‘lishiga erishish ekanini aytdi.

Bu so‘zlar davlat harbiy tuzilmasi hisoblanmaydigan «Hizbulloh» arsenaliga ishora sifatida qabul qilinmoqda.

Eronga zarba

Ekspertlar bu ovoz berish jarayonini so‘nggi yillarda Livan uchun eng jiddiy siyosiy sinov bo‘lganini aytishmoqda.

Gap shundaki, mamlakat qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni saylanishi Eronning mintaqadagi ta’siri sezilarli darajada zaiflashgani haqidagi signaldir.

Armiya — mamlakatda barcha darajalarda hurmatga sazovor bo‘lgan tuzilma bo‘lib, harbiy kishi prezident bo‘lishi Livanning birinchi navbatda o‘z manfaatlariga xizmat qilish niyatini ifodalaydi.

Ovoz berish natijalari e’lon qilinishi bilan Aun Livanga sodiqlikka qasamyod qildi.

«Men Livan xalqi konstitutsiyasi va qonunlarini hurmat qilishga, Livanning mustaqilligi va hududiy yaxlitligini saqlashga va’da beraman», — degan u.

Voqealarning bunday rivoji Yaqin Sharq mintaqasida so‘nggi vaqtlarda Eronning boshiga tushgan muvaffaqiyatsizliklar seriyasining davomi bo‘ldi.

Reuters va Bloomberg bu saylov natijalari «Hizbulloh» guruhining mamlakatdagi ta’siri kuchsizlashganini ko‘rsatishini qayd etgan.

Isroil bilan qurolli qarama-qarshilikdan keyin Livanda joylashgan eronparast «Hizbulloh» ulkan yo‘qotishlarga uchratib, rahbariyati va harbiy qudratidan ayrildi. «Hizbulloh»ning siyosiy qanoti Livan siyosiy landshaftining bir qismi bo‘lib qolayotganiga qaramay, uning mamlakatdagi pozitsiyasi ham kuchsizlashgan.

Tehron uchun yana bir zarba Suriyada unga sodiq bo‘lgan Bashar Asad rejimi ag‘darilishi bo‘ldi, buning natijasida Eron xorijdagi muhim platsdarmini yo‘qotdi.

Tashqaridan qo‘llov

Livan siyosiy doiralaridagi manbalarga ko‘ra, ovoz berish jarayoni arafasida G‘arb va qator arab mamlakatlari vakillari Jozef Aunning saylanishiga erishish maqsadida Livan rasmiylari bilan aloqalarni faollashtirishgan.

Xabar qilishlaricha, chorshanba kuni tongda Fransiya va Saudiya Arabistoni elchilari livanlik siyosatchilar bilan uchrashishgan.

Ekspertlar qayd etishicha, hozirgi saylovlar Ar-Riyod uchun muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Saudiya Arabistoni qachonlardir Livandagi ta’sir doirasi uchun Eron bilan raqobatlashgandi va hozirda qo‘ldan boy berilgan nufuzini tiklashni maqsad qilgan.

Shuningdek, Aun nomzodi AQSh tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan.

Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar Livan armiyasi bosh qo‘mondoni Jozef Aun mamlakat prezidenti etib saylanganini olqishladi.

«Umid qilamanki, bu tanlov barqarorlik, Livan va uning xalqi uchun yaxshi kelajak va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga hissa qo‘shadi», — deya yozgan Saar X platformasida.

60 yoshda bo‘lgan Aun 2017 yil martidan buyon armiyaga qo‘mondonlik qilib kelayotgandi. U Livan harbiy akademiyasida ta’lim olgan va keyinroq AQSh hamda Fransiyada malaka oshirgan. Faoliyati davomida Livan qurolli kuchlaridagi muhim lavozimlarni egallagan, jumladan, brigadalarni boshqargan va mamlakat hududida terrorizmga qarshi kurash strategiyasida ishtirok etgan.

2024 yil yanvarida uning muddati tugashi lozim edi, ammo «Hizbulloh» va Isroil o‘rtasidagi urush tufayli vakolat muddati ikki bor uzaytirildi. Associated Press Livanning Aun tomonidan tayinlanadigan yangi hukumati iqtisodiy og‘ir vaziyat tufayli jiddiy muammolarga duch kelishi haqida yozgan. Mamlakat rahbariyati 2022 yilda Xalqaro valuta jamg‘armasi bilan moliyaviy yordam paketi bo‘yicha og‘zaki kelishuvga erishgandi, ammo kelishuv tuzilishi uchun talab etiladigan islohotlar hali to‘liq amalga oshirilgani yo‘q.

 

Mavzuga oid