Fan-texnika | 15:48
4458
17 daqiqa o‘qiladi

Superkubok tikilgan El-Klasiko, «Arsenal» «MYu»ga qarshi. Hafta o‘yinlari anonsi

Ba’zi ligalarda tanaffus tugab, navbatdagi turlarga start berilmoqda, Angliyada esa bu safar faqat kubok o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Shunday bo‘lsa-da, zerikishga vaqt yo‘q, xususan ham Angliyada, ham Ispaniyada mamlakatning eng nomdor klublari o‘rtasida muhim uchrashuvlar bor. El-Klasiko, Turin derbisi, Amorimning «Emireyts»ga ikkinchi safari muxlislar uchun juda yaxshi sovg‘a bo‘lishi tabiiy.

Foto: Getty Images

TORINO – YuVeNTUS (11 yanvar, 22:00)

Kuchli beshlik chempionatlarida birinchi davra yakunlari bo‘yicha faqat ikki jamoa mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Birinchisi Fransiya chempionati peshqadami «PSJ»ning holati tushunarli, zero u yerda parijliklarga nisbatan keskin raqobat qila oladigan raqibning o‘zi yo‘q. Ammo «Yuventus»ning vaziyati tushunarsiz, shu bilan birga u qadar ijobiy baholash ham qiyin. Chunki «Yuventus» hali mag‘lubiyatga uchramagan bo‘lsa-da, g‘alabalar soni bo‘yicha peshqadam «Napoli»dan ikki barobar kam ko‘rsatkichga ega. «Yuventus» A Seriya doirasida allaqachon 11 o‘yinda durang qayd etib ulgurdi. Qizig‘i, bu ko‘rsatkichni faqat yangi murabbiy Mottaning jamoa tizimiga yangi ekani bilangina bog‘lash ham qiyin, zero «Yuventus» o‘tgan mavsumda ham ligada eng ko‘p durang o‘ynagan jamoalardan biri bo‘lgandi – 14 ta.

Ayni pallada «Yuventus» 32 ochko bilan 5-o‘rinda bormoqda, ammmo to‘rtinchi o‘rindagi «Latsio»ga nisbatan ikki o‘yin zaxirasi borligini inobatga olsak, turinliklarda kuchli to‘rtlikka qaytishga imkoniyat yaxshi. Ammo boshqa tomondan Motta jamoasining A Seriyadagi keyingi uch o‘yini «Atalanta», «Napoli» va «Milan»ga qarshi ekanini e’tiborga olsak, bu turda g‘alaba qozonish shartligini ta’kidlash kerak. Ortdan ergashib kelayotgan «Milan» va «Roma» o‘z murabbiylarini almashtirib ulgurishdi va agar turinliklar yuqorida sanalgan o‘yinlarda ochkolar yo‘qotishni davom ettirsa, yanada pastroqqa qulash va hatto Mottaning iste’fosi haqida gap-so‘zlar ko‘payishi mumkin. Buning ustiga «Yuventus» Chempionlar Ligasida ham u qadar zo‘r ketmayapti, o‘tgan haftada esa Superkubok yarimfinalida «Milan»ga yutqazib qo‘ydi.

«Torino» esa turnir jadvalida qanday o‘rinda bormasin, derbida «Yuventus»ga yetarlicha muammo tug‘dira olishi sir emas. Ayniqsa o‘z maydonidagi o‘yinlarda. Aynan «Torino» maydonida o‘tgan oxirgi 7 o‘yinda yo durang qayd etilgan yoki «Yuventus» atigi 1:0 hisobida ustun kelgan. O‘tgan mavsumdagi derbida hisob ochilmagandi.»Yuventus» mezbon hisoblangan javob o‘yinida esa 2:0 hisobi qayd etilgan. Boshqa tarafdan, oxirgi 25 derbida «Torino» atigi bir marta g‘alaba qozonganini ham ta’kidlash lozim. Bu g‘alaba 2015/16 mavsumiga to‘g‘ri kelib, oradani o‘n yilga yaqin vaqt o‘tdi.

Tarkiblarga kelsak, «Yuventus» tarkibida Konsensau va Vlaxovich oy oxirigacha sheriklariga yordam bera olishmaydi. Kambiyassoda virus aniqlangan. Shuningdek, Manuel Lokatelli «Fiorentina» bilan o‘yinda olgan sariq kartochkasi tufayli diskvalifikatsiyaga uchragan. Mezbonlar safida Gineitis va Shuursda jarohatlar bor. Duan Sapata mavsum oxirigacha safdan chiqqan.

ARSeNAL – MANCheSTeR YuNAYTeD (12 yanvar, 20:00)

Ushbu dam olish kunlari Angliyada tur o‘yinlari o‘tkazilmaydi. Jamoalar futboldagi eng quhna turnir hisoblanmish Angliya kubogi bahslarida navbatdagi bosqich o‘yinlarini o‘tkazadilar. Bu bosqichdan APL jamoalari ham qo‘shilishi barchaning e’tiborini ushbu turnirda jamlaydi. Aksariyat top-klublar quyi liga vakillariga raqib bo‘lishgan. «Arsenal» va «Manchester Yunayted»ning bu bosqichdayoq to‘qnash kelishi esa tabiiyki, ushbu o‘yinni dam olish kunlarining markaziy uchrashuviga aylantirdi.

Yangi yilni «Manchester Yunayted» «Enfild» va «Emireyts»dagi safar uchrashuvlari bilan boshlashi go‘yoki Amorim jamoasining butunlay tubga tushishi sifatida baholanayotgandi. Chunki o‘tgan yilning oxirgi uch o‘yinini «MYu» umumiy 0:7 hisobida uch mag‘lubiyat bilan yakunlagandi. Ammo «Liverpul»ga qarshi o‘yin barchasini unuttirib yubordi. Aynan o‘sha uchrashuvda ko‘pchilik Amoriya Manchesterda qanday jamoa qurmoqchi ekanini tomosha qildi ham. «MYu» «Enfild»da ancha dadil, hujumkor o‘yin ko‘rsatdi va hatto g‘alaba ham qozonishi mumkin edi. Mutaxassislar aynan shu o‘yinni «Liverpul»ga qarshi ushbu mavsumda ko‘rsatilgan eng yaxshi performans sifatida baholashdi. Tabiiyki, o‘rinli savol paydo bo‘ladi – «Manchester Yunayted»ning bu o‘yini «Liverpul»ning muammolari natijasida namoyon bo‘lgan alohida xodisami yoki rostan ham futbolchilar yangi murabbiy sistemasini tushunib, tuzalish yo‘liga o‘tishdimi? Ushbu o‘yin aynan shu savolga qisman javob berishi lozim.

APL doirasida «Manchester Yunayted» Amorim qo‘l ostida «Arsenal» mehmoni bo‘lib ulgurgan ham. Ammo u paytda murabbiy yangi kelgan bo‘lib, atigi to‘rtinchi o‘yinni o‘tkazayotgandi. O‘sha o‘yinda standart vaziyatlar barchasini hal qilib, «Arsenal» burchak to‘plaridan kiritilgan gollar tufayli ustunlikni qo‘lga kiritgan, mehmonlar qisman bo‘lsa-da, raqibni zararsizlantirishga muvaffaq bo‘lishgandi. Bu safargi o‘yin ancha ochiqroq va ikki tomonlama risklarga boy bo‘lishini taxmin qilsa bo‘ladi.

Shuningdek har ikki tomondan ham rotatsiyani kutsa bo‘ladi. Har xolda kubok o‘yini va «Arsenal» bor imkoniyatini chempionatga ko‘proq qaratishi tabiiy. «MYu»dan farqli ravishda «Arsenal» hafta o‘rtasida «Nyukasl» bilan Liga kubogi doirasida o‘yin o‘tkazdi. Kelasi hafta o‘rtasida esa «Tottenhem»ga qarshi derbi bor. «MYu»ning keyingi raqibi «Sauthempton» ekanidan kelib chiqsak, aynan «Arsenal» ko‘proq keyingi uchrashuvlarni hisobga olishga majbur sharoitda turibdi. Amorim faqat Andre Onana o‘rniga darvozada Altay Bayindir turishini tasdiqladi xolos. Albatta, yana boshqa bir qator o‘zgarishlar bo‘lishini kutish mumkin. Majburiy o‘zgarishlardan, «Arsenal» Bukayo Sakani uzoqroq muddatga yo‘qotgani ma’lum – ushbu pozitsiyada 17 yoshli Itan Nvaneri tusha boshlagan, hatto «Brayton» darvozasiga gol ham urgandi.Ammo u ham jarohat oldi va kamida bir oyga safdan chiqdi. Har ikki jamoada shuningdek, jarohat sababi bilan Uayt, Shou, Maunt va Lindeloflar sheriklariga yordam bera olishmaydi. «Iblislar»ning «Arsenal» darvozasiga so‘nggi goli muallifi Markus Reshfordning betob bo‘lgani va ayni damda jamoadan alohida shug‘ullanayotgani aytilgandi, ammo katta ehtimol uning transfer ishlari amalga oshmoqda va u qizil libosda boshqa maydonga tushmaydi.

Bundan tashqari, ayniqsa ushbu mavsumda Artetaga nisbatan tashqi bosimlar ortib borayotganini ham ta’kidlash kerak. Murabbiy Londonda ancha kuchli jamoa qurgan bo‘lsa-da, to‘rt yildan beri sovrin yuta olmayapti. Ushbu mavsumda «Nyukasl»dan mag‘lubiyat Liga kubogi imkoniyatlarini ham tushirib yuborgan bo‘lsa, chempionatda «Liverpul» bilan 9 ochkolik farq bor. «MYu» bilan o‘yindagi mag‘lubiyat «Arsenal»ning ushbu mavsumdagi sovrin uchun imkoniyatini keskin tushirib yuborishi tabiiy. Har xolda «Arsenal» Angliya kubogini eng ko‘p yutgan jamoa sanaladi. Manchesterliklar esa, ma’lum, ushbu sovrinning ayni damdagi egasi hisoblanadi.

BOLONYa – ROMA (12 yanvar, 22:00)

Mavsumni kutilmalarga nisbatan yomonroq boshlagan, ammo tuzatish yo‘liga kirgan ikki jamoa o‘rtasidagi bahs ancha qiziqarli o‘tishi kutilmoqda. «Bolonya» tushunarli, o‘tgan yilgi ajoyib mavsumdan keyin bir qator yetakchi futbolchilar, hamda bosh murabbiy jamoani tark etdi. Pasayish tabiiy edi. Shunday bo‘lsa-da, «Bolonya» yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha hisoblaganda chempionatda beshinchi ko‘rsatkichni qayd etgan – xuddi o‘tgan yilgi kabi. Ammo Motta davridagi kabi barqarorlik va har o‘yinda kutilgan darajada yaxshi o‘yin namoyish etishda muammolarni payqash qiyin emas. So‘nggi o‘yinlarda jamoa qatorasiga olti o‘yinni mag‘lubiyatsiz o‘tkazgach, o‘z o‘yinini qayta topgandek tuyulgandi, lekin o‘z maydonida «Verona»ga 2:3 hisobida yutqazib qo‘ydi.

«Roma» esa Xummels, Ermoso kabi tajribali erkin agentlar, Dovbik kabi hujumchilarni sotib olgach, nihoyat yuqori o‘rinlar uchun kurashish taxmin qilingandi. O‘tgan mavsum oxirida jamoani qabul qilib olib, natijalarni yaxshilanishiga sabab bo‘lgan Daniele de Rossi go‘yoki «Roma» uchun mukammal nomzoddek ko‘ringandi. Ammo hali mavsum yarmi tugamay, «Roma» uchinchi murabbiy bilan ishlamoqda. Yurichning ham ishlari yurishmagach, tajribali Raneriga murojaat qilindi. Ayni damda «Roma» o‘ninchi o‘ringa tushib ketgan. Boshqa tarafdan so‘nggi o‘yinlarda natijalar yaxshi tomonga o‘zgarganini, so‘nggi 4 o‘yinda uch g‘alabaga erishdi va faqat safarda «Milan» bilan durang o‘ynadi. Ayniqsa, so‘nggi turda Rim derbisidagi g‘alaba «Roma»ga burilish nuqtasi bo‘lishi ham mumkin.

O‘zaro o‘yinlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, oxirgi paytlarda «Bolonya»ning yaqqol ustunligini ko‘rshimiz mumkin. O‘tgan mavsumning har ikki o‘yinida ham «Bolonya»ning qo‘li baland kelgandi. Birinchi davrada Rimda kechgan o‘yinda ham mehmonlar 3:2 hisobida g‘alaba qozongan edi. Oxirgi yetti o‘yinning faqat bittasida «Roma»ning qo‘li baland kelgan xolos. Aynan Bolonya maydonidagi so‘nggi g‘alabasini esa rimliklar to‘rt yil oldin qo‘lga kiritishgan. O‘shanda 5:1 hisobi qayd etilgandi.

Jarohatlar borasida tomonlarda deyarli muammolar yo‘q. Brayan Kristante hali tiklanib ulgurmadi va katta ehtimol uni «Roma» libosida kelasi oydan ko‘rishimiz mumkin. Mezbonlar safida esa Tommaso Pobega diskvalifikatsiya tufayli o‘ynay olmaydi. U yuqorida eslab o‘tilgan «Verona»ga qarshi uchrashuvda hakam tomonidan maydondan chetlatilgandi.

ReAL – BARSeLONA (12 yanvar, 23:55)

Ispaniya Superkubogini tashkillashtirishni o‘z bo‘yniga olgan saudiyaliklarning omadi chopdi – bu safar ham finalda El-Klasikoga guvoh bo‘lamiz. Albatta, bu safar jamoalar avvalgi to‘qnashuvga nisbatan farqli sport formasida va kayfiyatda yetib kelishmoqda.

«Barselona» oktyabr oyida «Real» ustidan 4:0 hisobida g‘alaba qozongach, ishlar chappasiga keta boshladi. Orada faqat Chempionlar Ligasidagi ikki g‘alaba, Qirollik kubogida quyi liga vakili va ushbu Superkubok yarimfinalidagi «Atletik»ni yengishni aytmasa, alohida La Liga o‘yinlarini olsak, ahvol juda yomon – jamoa qatorasiga 7 o‘yinning atigi bittasida g‘alaba qozondi xolos. To‘rt o‘yinda Flik shogirdlari mag‘lubiyatga uchrashdi. Mag‘lubiyatlarning uchtasi o‘z maydonida sodir bo‘lgani ham alohida mavzu. To‘qqiz ochkolik farq bilan turnir jadvalida peshqadam bo‘lib turgan jamoa ayni damda Madrid klublaridan sezilarli ortda qolib ketdi. Ko‘p o‘yinchilarning jarohati tufayli mavsumning dastlabki qismida «Barselona» deyarli ayni tarkib bilan ishtirok etgani ma’lum pallalarda pand berishni boshladi.

«Real»ning holati mutloq teskari. Jamoa «Barselona»dan keyin Chempionlar Ligasida yana ikki uchrashuvni boy berdi. Ammo Ispaniya chempionatida natijalar nisbatan ancha barqarorlashganini e’tirof etish lozim – yetti g‘alaba, bir durang va bir mag‘lubiyat. Orada qit’alararo kubokda «Pachuka» ustidan qozonilgan g‘alaba «Real»ga navbatdagi sovrinni olib keldi. Ayni paytda madridliklar hisobida qatorasiga besh g‘alabali seriya mavjud.

Mana shu vaziyatda jamoalar yana bir bor kim kuchliroq ekanini isbotlashga harakat qiladilar. So‘nggi o‘yinlardan kelib chiqsak, raqiblar holatida yana bir kichik farqni ko‘rishimiz mumkin. «Barselona» ko‘proq birinchi taymlarni yaxshi o‘tkazmoqda. Yosh tarkib va taktikaga ko‘proq e’tibor qaratadigan Flik bilan jamoa asosan o‘yinga belgilangan rejani yaxshi bajarib, aksariyat o‘yinlarni hal qiladi. Ammo vaqt o‘tib, o‘yin oxirlagan sari o‘yinni nazorat qilishda muammolar paydo bo‘la boshlayapti. «Real»da esa aksincha, aksariyat o‘yinlar u qadar yaxshi boshlanmasa-da, ijrochilarning mahorati va zaxiradagi variantlar yordamida jamoa o‘yinlarda burilish yasay olmoqda. Agar raqamlarga to‘xtalsak, «Real» mavsum davomida 60+ daqiqalarda hisobni tenglashtiruvchi yoki hisobda oldinga chiqib olishga sabab bo‘luvchi 14 gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Bu «Barselona»ga nisbatan ancha katta ko‘rsatkich. Kataloniyaliklar hisobida atigi 6 ta bunday gol bor xolos. O‘tkazib yuborilgan gollarga qarasak ham, «Barselona» 9 marotaba mana shunday hal qiluvchi gollar qo‘yib yuborgan bo‘lsa, madridliklar raqiblari atigi besh marta so‘nggi o‘ttiz daqiqalikda muvozanatni o‘zgartira olishgan xolos. Bu orqali taxmin qilish mumkinki, agar ilk daqiqalarda, dastlabki reja bo‘yicha «Barselona» o‘z ustunligini natijaga aylantira olmasa, o‘yin oxirlarida «Real»ning imkoniyatlari oshib ketishi mumkin.

Tarkiblardagi yo‘qotishlarga kelsak, «Barselona»da jarohatlar deyarli yo‘q. «Real» esa himoyachilar borasida muammoga duch kelishda davom etyapti. Militao va Karvaxal mavsum tugaguncha maydonga qaytmasligi ma’lum. Ayrim o‘yinlarda himoya markazini yopishi mumkin bo‘lgan Tchuameni ham kichik jarohat olib, uning finalda qatnashishi so‘roq ostida qolyapti.

Xullas, barcha musobaqalarda sakkiz o‘yindan buyon mag‘lubiyatga uchramay kelayotgan «Real» bilan so‘nggi ikki El-Klasikoni o‘z foydasiga hal qilgan «Barselona» bahsida favoritni aytish biroz qiyin. Darvoqe, yuqorida esga olingan o‘tgan mavsumdagi Superkubok finalida 4:1 hisobida «Real»ning qo‘li baland kelgandi. Vinisius Junior het-trik qayd etgan.

BOShQA O‘YINLAR

11 yanvar. LIVeRPUL – Akkrington (17:15), Udineze – ATALANTA (19:00), CheLSI – Morekamb (20:00), Borussiya M – BAVARIYa (22:30), MANCheSTeR SITI – Solford Siti (22:45), MILAN – Kalyari (12 yanvarga o‘tar kechasi, 00:45)

12 yanvar. Venetsiya – INTeR (19:00), NAPOLI – Verona (13 yanvarga o‘tar kechasi, 00:45), PSJ – Sent Etiyen (13 yanvarga o‘tar kechasi, 00:45). 

Mavzuga oid