Jahon | 17:05 / 12.01.2025
3946
6 daqiqa o‘qiladi

O‘z fikri, pozitsiyasi yo‘q xodimlar sinfi – Stalin qurgan tuzum haqida

Faqat bosh egib turadigan, rahbari nima desa ma’qullaydigan, fikrsiz, pozitsiyasiz, tashabbussiz odamlar – hammasi o‘sha – Stalin ixtiro qilgan tuzum ruhiyatining bolasi, qo‘rquv va xiyonat mashinasining asorati.

Stalin o‘zi xiyonatkor bo‘lgani uchun, xiyonatdan qo‘rqib, xiyonat tuzumini bino qildi. Bu tuzumda siz xiyonat qilish orqali biron narsaga erishar edingiz va... bir fursat o‘tib, o‘zingiz xiyonat qurboni bo‘lar edingiz.

Hiylaning daholigi shunda ediki, repressiv g‘alvir birin-ketin odamlarni olib ketaverar edi, ammo tuzumning effektivligini ta’minlab turar edi, o‘ziga xos.

Xiyonat o‘zi insonlar tabiatida salmoqli o‘rin tutgani uchun ham Stalinning tuzumi yashovchan bo‘lib chiqdi va hamon yashamoqda. Bu tuzum albatta egalariga ham xiyonat qiladi, ammo uzoqni ko‘rolmaydiganlar uchun u qulaydek ko‘rinadi. O‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lgan kishi uchun soatiga 500 kilometr tezlikda yuradigan sportkar qo‘l kelganidek.

Xiyonat tuzumi qanday ishlar edi?

Davlat pillapoyasidan avvalo yaxshi va ma’nan sog‘lom kadrlar emas, balki sotqinlar – har lahzada yonidagi odamni sotishga moyil bo‘lganlar ko‘tarilardi.

Stalin yoshligidayoq inqilobiy harakatga qo‘shilgan edi, inqilobchilar esa politsiyadan yasharinishga, chor-atrofga shubha bilan qarashga majbur edi. Aynan atrofga shubha bilan qarash ruhiyatini Stalin o‘zi qurgan tuzumning mohiyatiga aylantirdi.

Qo‘rquv – tuzumning asosiy harakatga keltiruvchisi – motori edi. Qo‘rquv ostidagi inson uzoqni ko‘ra olmaydi – faqat o‘zining oddiy ehtiyojlari va omon qolishni o‘ylaydi.

Qo‘rquvdan asab tolalari doim tarang turadigan bunday odam har lahzada yonidagi bir odamga yoki hamkasbiga tuhmat qilishga yaqin turadi. Go‘yoki o‘zini yaxshi ko‘rsatib, omon qolish yoki biron narsaga erishish uchun. Katta sinov edi bu hamma uchun – qalblar sinovi.

Albatta, bunday qo‘rquv muhitida katta qurilishlar qilindi, GESlar-u shaharlar qurildi, ammo chaqimchilig-u tuhmatlarga qurilgan xiyonat mashinasi ko‘p million odamning nobud bo‘lishiga, GULAGlarga jo‘natilishiga olib keldi, minglab iste’dodli odamlar qamaldi, minglab iste’dodlar ochilmay qoldi.

Davlat xodimlari avvalo otilmaslik uchun harakat qilardi va albatta bunday sharoitda erkin fikrlay olmasdi. Natijada kamdan-kam davlat ishchisining ichki qobiliyatlari ro‘yobga chiqardi. Fikrsiz, pozitsiyasiz, tashabbussiz, faqat bosh egib turadigan davlat xodimlari sinfi yuzaga keldi.

Rahbar gapirganda bloknot cho‘qib go‘yo nimalarnidir yozib turish – o‘sha ruhiyatning bolasi. Nima qilib bo‘lsa ham o‘z rahbariga yoqish, yosh qizlarni sovuqda yupun kiyintirib rahbarlarni kutib olish va hokazo ongsizlik – hammasi o‘sha – xiyonat mashinasi keltirib chiqargan ruhiyat mevasi.

Ilm-fan, institutlar, tadqiqotlar – hammasi mana shu – qo‘rquv muhitida ishlardi. Butunboshli ilmiy yo‘nalishlar joyi kelsa hasadchi-tuhmatchilarning qurboniga aylanardi.

Tabiiyki sudlar, sudyalar ham avvalo qonun, kodekslarga emas, qo‘rquv mashinasi ustida turganlarning kayfiyatiga qarab hukmlar chiqarardi.

Men hozir SSSRda hammasi samarasiz bo‘lgan demoqchimasman, Stalin qurgan qo‘rquv va repressiyalar tuzumi nechog‘lik odamlar hayotini yomonlashtirgani haqida gapiryapman.

Ayni shu davrda G‘arb mamlakatlarida shaxsiy tashabbusga qurilgan hayot yuzaga keldi: har bir sohada odamlar faol bo‘lishi, ichki iqtidorini yuzaga chiqarishi, erkin fikrlashi uchun sharoit yaratilib borildi. Qo‘rquv muhiti yo‘q edi. Davlat ko‘pchilikning fikri bilan yuritilardi. Aynan shu omil G‘arbning o‘zib ketishiga omil bo‘ldi.

SSSR buzildi, milliy respublikalar tarqalib, mustaqil davlatlar yuzaga keldi. Ammo Stalin yaratgan xiyonat mashinasi yo‘qolmadi – possovet mamlakatlarning aksarida u yashab qoldi va yashab kelmoqda.

Yo‘q, Stalin davridagidek qatag‘on mashinasi tiklanmadi, ammo o‘sha ruhiyat qoldi: davlat ishida hamon ichki iqtidorini yuzaga chiqarishni istaydiganlar emas, rahbariga yoqib davlat tanasidan ozuqalanib o‘tirishni maqsad qiladiganlar ishlashi davom etdi. Sudyalarning kodeksga qarab emas, telefon kutib qarorlar chiqarishi barham topmadi.

Stalin balki o‘zi yashagan voqelikdan kelib-chiqib, o‘ziga qulay tuzumni qurgandir va qaysidir ma’noda maqsadiga yetgandir. Ammo hozir – 21-asr. Umuman boshqacha voqelik. Stalinning xiyonat va qo‘rquvga qurilgan modeli hozir ish bermaydi. U bilan nari borsa Shimoliy Koreyani qursa bo‘ladi...

Model o‘zgarmasa oldinga yurib bo‘lmaydi shu topda. Birqancha possovet mamlakatlar go‘yo vaqt kengligida adashib yurishibdi, zamondan 100 yil ortda qolib, o‘zini ovora qilib. Stalin o‘lganiga ancha bo‘ldi, janoblar, u yaratgan tuzum ham o‘lishi, ortda qolishi kerak. Xalqni va o‘zimizni ovora qilmaylik.

Shokir Sharipov

Mavzuga oid