Jahon | 10:14
26151
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: Kiyevga yetkazilgan shimoliy koreyalik asirlar

Zelenskiy bu oson bo‘lmagani, odatda ruslar va koreyaliklar o‘z yaradorlarini yo‘q qilishini ta’kidladi. Ularning yonidan Tuvada berilgan hujjatlar topilgan.

Foto: Telegram / V_Zelenskiy_official

Ukraina qurolli kuchlari Shimoliy Koreyaning Rossiya tomonida jang qilgan ikki jangchisini asirga olgan, deb xabar berdi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, koreyalik yarador askarlar allaqachon Kiyevga yetkazilgan va ular hozir Ukraina Xavfsizlik xizmatining «tergovchilari bilan muloqot qilmoqda». U shimoliy koreyaliklar aynan qayerda asir olinganiga aniqlik kiritmagan.

«Bu vazifa oson bo‘lmadi: odatda ruslar va Shimoliy Koreya jangchilari yaradorlarni yo‘q qilishadi va Ukrainaga qarshi urushda yana bir davlat – Shimoliy Koreya ishtiroki haqida hech qanday dalil bo‘lmasligi uchun hamma choralarni ko‘radi», deb yozdi u.

Zelenskiy asirlarning va rossiyalik harbiyning harbiy guvohnomasi fotosini ko‘rsatgan, guvohnoma asirlardan birining yonidan chiqqan.

Hujjat Rossiyaning Tuva hududida 1998 yilda tug‘ilgan Antonin Aranzin ismli askarniki ekani ko‘rinadi.

Ukraina prezidenti shimoliy koreyalik asirlar oldiga jurnalist ham qo‘yilishi, chunki «dunyo nima bo‘layotganini bilishi lozimligi»ni aytgan.

KXDR harbiylari Kursk oblastiga tashlangani haqida ma’lumot ilk bor kuzda tarqalgandi. Ukraina, AQSh va Janubiy Koreya ma’lumotlariga ko‘ra, Pxenyan urushga 10-12 ming askar yuborgan. Rossiya urushda koreyalik askarlar ishtirok etayotganini rasman tasdiqlamagan, ammo rad ham etmagan.

Hozirga qadar shimoliy koreyaliklar jangda qatnashayotganiga rasmiy dalillar yo‘q, ammo yetarlicha bilvosita dalillar uchragan.

2024 yil dekabrida Kursk oblastida shimoliy koreyalik askarlar harakatlanayotgani aks etgani aytilgan videolar paydo bo‘ldi. Roliklardagi harbiylarning o‘zini tutishi RF armiyasi askarlaridan butkul farq qiladi — ular ochiq dalalar bo‘ylab tik yurishadi va artilleriyadan yoki dronlardan yo‘llangan aniq zarbalar ostida ham to‘xtamay oldinga harakatlanadi.

29 dekabr kuni Ukraina qurolli kuchlari birinchi marta shimoliy koreyalik jangchi yarador holda asirga olinganini e’lon qildi. Keyinroq asir vafot etgani ma’lum bo‘ldi. Ukraina prezidenti «rossiyalik harbiylar va shimoliy koreyalik nazoratchilar ushbu askarlar tirik qolishidan umuman manfaatdor emasligi»ni aytgan.

Mavzuga oid