Jahon | 20:38 / 13.01.2025
1201
2 daqiqa o‘qiladi

Qatar G‘azo sulh bitimining yakuniy loyihasini HAMAS va Isroilga topshirdi

AQSh, Qatar va Misr vositachiligidagi bir yildan ortiq davom etayotgan muzokaralarda «yutuqqa» erishilgani ta’kidlanmoqda.

Foto: Reuters

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilar G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining yakuniy loyihasini tomonlarga topshirdi. Bu haqda muzokaralardan xabardor rasmiyga tayanib Reuters xabar berdi.

Qayd qilinishicha, 13 yanvarga o‘tar kechasi vositachilar – AQSh, Qatar va Misr orqali bir yildan ortiq davom etayotgan muzokaralarda «yutuqqa» erishilgan. Agentlik manbasining aytishicha, Qatar vakili tomonlarga o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv matnini topshirgan.

Muzokaralarda AQSh amaldagi prezidenti Jo Bayden va AQSh saylangan prezidenti Donald Trampning elchilari, Isroil razvedka xizmatlari «Mossad» va «Shin Bet» rahbarlari, shuningdek, Qatar bosh vaziri Muhammad bin Abdurahmon as-Soniy ishtirok etgan.

«Keyingi 24 soat kelishuvga erishish uchun juda muhim bo‘ladi», dedi manba.

Isroilning yuqori martabali mulozimlaridan biri agar HAMAS taklifga javob bersa, kelishuv bir necha kun ichida tuzilishi mumkinligini aytdi. Muzokaralarga yaqin bo‘lgan Falastin rasmiysi Dohadan olingan ma’lumotlar «juda istiqbolli» degan.

HAMAS muzokaralarda muvaffaqiyatga erishilganini tasdiqladi, deb yozdi Times of Israel.

Taxminlarga ko‘ra, tomonlar kelishuvni AQSh saylangan prezidenti Donald Trampning inauguratsiyasi kuni – 20 yanvargacha tuzmoqchi. Avvalroq, u agar isroillik garovga olinganlar lavozimga kirishgunga qadar ozod etilmasa, HAMAS «jiddiy qasosga» yo‘liqishini va’da qilgan edi.

Reuters agentligining qayd etishicha, har ikki tomon o‘t ochishni to‘xtatish, garovga olinganlar va asirlarni almashishga rozi. Biroq, HAMAS kelishuv Isroilning G‘azodan chiqib ketishiga olib kelishi kerakligini ta’kidlayapti. O‘z navbatida Isroil HAMAS yo‘q qilinmaguncha urushni to‘xtatmasligini aytgan.

Mavzuga oid