Jahon | 11:24 / 13.01.2025
1897
3 daqiqa o‘qiladi

Sun’iy idrok ko‘krak bezi saratonini an’anaviy skriningdan yaxshiroq aniqlay oldi

Germaniyada shifokorlar birinchi marta umummilliy skrining dasturi doirasida sun’iy idrokni sinab ko‘rdi.

Foto: AFP

Germaniyada tadqiqotchilar ko‘krak bezi saratonini skrining qilishda sun’iy idrokdan foydalanish kasallikni aniqroq tashxislash imkoniyatini berishini aniqladi. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda.

“Ko‘krak bezi saratoni skriningida ishtirok etuvchi ayollarga zarar yetkazmasdan, kasallikni aniqlash foizini oshirishimiz mumkin”, — deydi Germaniyaning Lyubek universitetidan tadqiqot hammuallifi, professor Aleksandr Katalinich.

Tadqiqotchi bunday yondashuv “radiologlar uchun ish yuklamasini kamaytirishi” mumkinligini ta’kidladi.

Xabarga ko‘ra, nemis shifokorlari ilk bor umummilliy skrining dasturi doirasida sun’iy idrokni sinab ko‘rgan, natijada yangi usulning bir qator afzalliklari aniqlangan.

Katalinich va boshqa tadqiqotchilar Germaniyaning milliy dasturi doirasida 2021 yil iyuldan 2023 yil fevralgacha bo‘lgan davrda sut bezi saratoni skriningidan o‘tgan 461 818 nafar ayolning ma’lumotlarini tahlil qildi. Ushbu dastur kasallik alomatlariga ega bo‘lmagan 50-69 yoshdagi ayollarga mo‘ljallangandi.

Barcha ayollar ikkita rentgenolog tomonidan alohida tekshiruvdan o‘tkazildi va 260 739 nafar bemorning sog‘lig‘ini tekshirishda neyron tarmoqlardan foydalanildi.

Tadqiqotda qatnashgan 2881 nafar ayolda saraton kasalligi aniqlandi. Sun’iy idrok (SI) qo‘llanilgan guruhda kasallikni aniqlash foizi 6,7 foizga yuqori bo‘ldi. Biroq ayollarning yoshi va radiologlar malakasi kabi omillar hisobga olingandan so‘ng, tadqiqotchilar bu farq yanada sezilarli ekanligini aniqladi — SI qo‘llangan guruhda ko‘rsatkich 17,6 foizga yuqori bo‘ldi. Boshqacha qilib aytganda, neyron tarmoqlardan foydalanib skriningdan o‘tkazilgan har 1000 nafar ayolda qo‘shimcha bitta saraton holati aniqlandi.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, skanerlashdan keyingi noaniqlik natijasida ayollarni navbatdagi tekshiruvga qayta yo‘naltirish chastotasi taxminan bir xil bo‘lgani ham alohida ahamiyatga ega.

Olimlarning ta’kidlashicha, agar shifokorlar sun’iy idrok e’tiborini jalb qilgan tasvirlarni o‘rganmaganida, 20 ta sut bezi saratoni tashxisi e’tibordan chetda qolgan bo‘lardi.

Londondagi Qirolicha Mariya universitetining saraton skriningi bo‘yicha faxriy professori Stiven Daffi nemis tadqiqotining natijalarini hayratlanarli va ishonchli deb atadi hamda Buyuk britaniyada sun’iy idrokning bu sohadagi o‘rniga qiziqish katta ekanini ta’kidladi. 

Mavzuga oid