Jamiyat | 22:49 / 14.01.2025
17871
3 daqiqa o‘qiladi

«Jasjan» nomi bilan tanilgan bloger 5 sutkaga qamaldi

Toshkentda jamoat joyida «kontent uchun» bir qiz bilan janjal uyushtirgan shaxsga jazo belgilandi. U yanvar boshlarida hojatxona qog‘ozlari bilan ekologiyaga zarar yetkazgani uchun kechirim so‘rab chiqqan va jarimaga tortilgan edi.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahri Hilton mehmonxonasi oldida ijtimoiy tarmoqlarga video olish maqsadida o‘zaro janjal uyushtirib, jamoat tartibini buzgan shaxslar javobgarlikka tortildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov Kun.uz’ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Jasurbek Shodiyev («Jasjan») va Sadaf Saidova 11 yanvar kuni soat 12:00 larda Shayxontohur tumani hududida joylashgan Hilton mehmonxonasi oldida, jamoat joyida bo‘la turib, bir-birlarini haqorat qilishgani haqidagi videolavha olgan va shu yerda bo‘lgan fuqarolarning tinchligini buzgan.

Sud majlisida huquqbuzar Shodiyev aybiga iqrorligini, qilmishidan po‘shaymon ekani, qaramog‘ida bir nafar voyaga yetmagan farzandi, nogiron ukasi borligini inobatga olib, unga nisbatan yengillik berishni so‘ragan. O‘z navbatida Saidova ham jamoat tartibini buzganini tan olgan, talaba ekani, o‘ziga xulosa chiqarganini bildirgan.

Sud Jasurbek Shodiyevni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasida (mayda bezorilik) nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topgan va unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlagan. Jazo o‘talganidan so‘ng undan ma’muriy qamoqqa olinganlarni saqlash muassasasi foydasiga ma’muriy qamoqning har bir sutkasi uchun BHMning 15 foizi miqdorida mablag‘ undirish belgilangan.

Shuningdek, fuqaro Sadaf Saidova ham Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi bo‘yicha aybdor deb topilgan va unga BHMning bir baravari (375 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Joriy yilning yanvar boshlarida ushbu bloger «kontent uchun» hojatxona qog‘ozlari bilan ekologiyaga zarar yetkazgani uchun javobgarlikka tortilgan edi. 2022 yil sentabrda esa uning Instagram akkaunti ko‘zdan kechirilgan vaqtda, jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilib, jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi videomateriallar joylashtirib kelgani aniqlangandi. O‘shanda Jasurbek Shodiyevga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid