O‘zbekiston | 17:14
10565
2 daqiqa o‘qiladi

Vnukovo aeroportiga qo‘nishda UzAirways samolyotining dvigateli ishdan chiqdi. Uchoq muvaffaqiyatli qo‘ngan

Bugun, 15 yanvar kuni Uzbekistan Airways'ning HY9607 Buxoro–Moskva yo‘nalishida parvoz qilgan samolyoti Vnukovo aeroportiga qo‘nayotganda dvigatellardan biri ishdan chiqdi. Kompaniya xabariga ko‘ra, ekipaj tomonidan tegishli choralar ko‘rilib, qo‘nish muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Havo kemasi bortida 132 yo‘lovchi bor edi.

UzAirways'ning UK32014 bort raqamli Airbus A320 uchog‘i /Foto: Dmitriy Osipov

Ma’lum qilinishicha, hozirda Uzbekistan Airways texnik xizmatlari tomonidan tiklash ishlari olib borilmoqda.

Parvozlar jadvalida rejalashtirilgan keyingi aviaqatnovlar Vnukovo xalqaro aeroportiga uchib ketgan zaxira havo kemasida amalga oshiriladi.

“Keltirilgan noqulayliklar va ushbu havo kemasida ilgari rejalashtirilgan aviaqatnovlarning kechikishi uchun uzr so‘raymiz”, – deyiladi UzAirways axborotida.

FlightRadar ma’lumotiga ko‘ra, reys UK32014 bort raqamli Airbus A320 samolyotida amalga oshirilgan bo‘lib, havo kemasi mahalliy vaqt bilan tong soat 7:43 da qo‘ngan.

Skrinshot: FlightRadar

Buxorodan Moskvaning Vnukovo aeroportiga uchgan mazkur Airbus A320-214 samolyoti Uzbekistan Express aviakompaniyasiga tegishli bo‘lib, samolyot 2010 yilning 22 dekabrida keltirilgan. Samolyotning yoshi 14 yildan sal oshgan.

Samolyot Buxoro xalqaro aeroportidan mahalliy vaqt bilan soat 05:25 da uchib, Moskvaga mahalliy vaqt bilan 07:43 da muvaffaqiyatli qo‘ngan. Parvoz davomiyligi 4 soat-u 17 daqiqani tashkil etgan.

Kuni kecha Uzbekistan Airways'ning Nyu Yorkdan Toshkentga uchgan reysi mast yo‘lovchi sabab Qozonga qo‘ngan edi.

Mavzuga oid