O‘zbekiston | 14:22
3478
2 daqiqa o‘qiladi

2024 yilda UzAuto Motorsʼning O‘zbekiston bozoridagi ulushi 88 foizga yetdi

O‘tgan yil O‘zbekistonda sotilgan har 100 ta mashinaning 88 donasi UzAuto Motors'ga to‘g‘ri keldi. Eng ko‘p sotilgan model – Cobalt. Keyingi o‘rinlarda – Damas va Tracker.

Foto: Autostrada

O‘zbekistonda 2024 yilda 303 373 dona avtomobil sotilgan. Bu – «O‘zavtosanoat» AJ tayyorlagan hisobotda keltirib o‘tilgan.

Qayd etilishicha, hisobot davrida UzAuto Motors 353 730 dona, ADM Jizzakh 30 329 dona, BYD Uzbekistan Factory 17 132 dona, Asaka Motors 489 dona, Jizzakh Auto 394 dona, SamAuto 317 dona avtomobilni xaridorlarga yetkazib bergan.

2024 yilda korxonalarning ichki bozordagi ulushi quyidagicha:

  • UzAuto Motors – 87,9 foiz;
  • ADM Jizzakh – 7,5 foiz;
  • BYD Uzbekistan Factory – 4,3 foiz;
  • Jizzakh Auto – 0,1 foiz;
  • Asaka Motors – 0,1 foiz;
  • SamAuto – 0,1 foiz.

Eng ko‘p sotilgan avtomobil – Cobalt. O‘tgan yil 127 240 dona ushbu modeldagi avtomobil sotilgan.

Keyingi o‘rinlarda Damas (106 001 dona) va Tracker (37 903 dona) qayd etilgan. Xaridorlar 33 644 ta Onix'ga buyurtma bergan.

Ma’lumot uchun, 2023 yilda O‘zbekiston yengil avtomobillar bozori hajmi 456 347 donani tashkil etgan. Shundan UzAuto Motors hissasiga 4 mlrd 852 mln dollarlik 369 999 dona avtomobil, ADM Jizzakhʼga 823 mln dollarlik 25 ming dona avtomobil to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, 2023 yilda 291 mln dollarlik 8 948 dona BYD avtomobili, 1 mlrd 197 mln dollarlik 50 435 dona boshqa rusumdagi avtomobillar import qilingan. 

Avvalroq, 2024 yilda O‘zbekistonga umumiy qiymati 1,27 mlrd dollarlik 74 525 dona yengil avtomobil olib kirilgani xabar qilingandi. Bu 2023 yilga nisbatan miqdor jihatidan 7 foizga, qiymat jihatdan 33 foizga kam.

Mavzuga oid