Jahon | 17:07 / 19.08.2016
7299
2 daqiqa o‘qiladi

Saakashvilining rafiqasi Gruziya parlamenti deputati bo‘lmoqchi

Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvilining rafiqasi Sandra Rulovs mamlakat parlamenti deputatligiga saylanmoqchi. U 8 oktabr kuni o‘tkaziladigan saylovda o‘z nomzodini qo‘yishi haqidagi qarorini bugun Kortsxeli qishlog‘ida (Zugdid tumani) "Yagona milliy harakat" partiyasining sobiq rahbarlari hamkorligida mahalliy aholi bilan uchrashuvi vaqtida ma'lum qilgan.

Rulovs Gruziyaning hozirgi hukumatini tanqid qiluvchilardan bo‘lib, keyingi yillarda mamlakat turg‘unlikni boshdan kechirayotganini qayd etadi.

"Bunday vaziyatda qo‘l qovushtirib, uyda o‘tirishni istamayman. Ko‘plar siyosatga aralashmasligim kerakligini aytishmoqda, lekin men uchun Gruziyaning taraqqiyoti muhimroq va men parlament saylovlarida qatnashmoqchiman", degan u.

Rulovs 1968 yilda Niderlandiyaning Terneuzen shahrida dunyoga kelgan bo‘lib, Bryussel davlat iqtisodiyot universitetining tarjimonlik fakultetini tamomlagan. U g‘arb tillaridan tashqari, rus va gruzin tillarini puxta egallagan. 1993 yili Strasburgdagi tahsil vaqtida u bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Mixail Saakashvili bilan tanishadi va ular 1994 yilda turmush qurishadi. 2008 yilda Rulovs Niderlandiya fuqaroligini saqlab qolgan holda Gruziya fuqaroligini qabul qilgan. Rulovs va Mixail Saakashvilining oilasida 2 farzand dunyoga kelgan: 21 yoshli Edvard va 11 yoshli Nikoloz. Keyingi yillarda u kichik o‘g‘li bilan Tbilisida istiqomat qilmoqda, katta o‘g‘il esa AQShda tahsil olmoqda.

Saakashvili 2004-2013 yillarda Gruziya prezidenti bo‘lgan, keyin AQShga ko‘chib o‘tgan. O‘tgan yilning may oyida u Ukraina fuqaroligini qabul qilib, Odessa viloyati gubernatori etib tayinlangandi. 2014 yilda Gruziyada Saakashviliga bir qator jinoyatlar uchun sirtdan ayblov qo‘yilgan, 2015 yilda u Gruziya fuqaroligidan mahrum etilgan.

Mavzuga oid