Jamiyat | 11:02 / 20.09.2016
7796
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri birinchi o‘rinbosarining teleko‘prik orqali sayyor qabul bo‘lib o‘tdi

Kuni kecha Andijon viloyati Asaka tumanida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri birinchi o‘rinbosari Alisher Fayzullayevning jismoniy va yuridik shaxslar vakillarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida tashkil etilgan teleko‘prik orqali sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi.

O‘tkazilgan qabulda Asaka tuman hokimi va mas'ul xodimlari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi vakillari, vazirlik tizimidagi korxona va tashkilotlarning viloyatdagi filial va bo‘limlari rahbarlari, tumanidagi korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari, tuman faollari, tumandagi kasb-hunar kollejlarida axborot-texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha ta'lim olayotgan talabalar, fuqarolar va tadbirkorlar ishtirok etdilar.

Sayyor qabul kun tartibida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va ushbu yo‘nalishda jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati to‘g‘risidaga masalalar ko‘rib chiqildi.

Tadbir tashkiliy masalalarini vazirlikning Andijon viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Lazizbek Usmanov tashkillashtirdi. Yig‘ilish qatnashchilarga o‘tkazilayotgan sayyor qabulni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalardan foydalangan holda davlat organlari rahbarlarini qabulida bo‘lish imkoniyatlari yaratilganligi va sayyor qabul teleko‘prik orqali o‘tkazilishi bo‘yicha tushuntirib o‘tdi.

So‘ng O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Fayzullayev Respublikamizda aholi turmush darajasini yanada yuksaltirish, iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta'minlash, aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatishni kengaytirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, “Elektron hukumat” tizimini yanada rivojlantirish ustuvor ahamiyatga ega ekanligi hamda so‘nggi yillarda Andijon viloyatida, jumladan Asaka tumanida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan ma'ruza qildi.

Teleko‘prik orqali qabulda ishtirok etgan tadbirkorlar, fuqaro va talabalar tomonidan Raqamli televideniyeni rivojlantirish, internet tarmog‘ida talabalar uchun kerakli bo‘lgan ma'lumotlar to‘plamini yanada kengaytirish, qishloq joylarga yangi texnologiyalarni olib kirishni jadallashtirish hamda mobil aloqa operatorlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan savollar va takliflar berildi. Murojaatchilar tomonidan berilgan savol takliflari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Fayzullayev va vazirlikning bo‘lim boshliqlari tomonidan tegishli ma'lumotlar berildi.

Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid