Peskov: MN17 hisobotida hech qanday asosli dalillar yo‘q
RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Donetsk viloyatida sodir bo‘lgan Boeing MN17 aviahalokati sabablarini o‘rganayotgan Qo‘shma tergov guruhining (QTG) dastlabki xulosalariga izoh berar ekan, Rossiya bu hisobotda "hech qanday dalil-isbotlarni ko‘rmagani"ni ma'lum qildi.
Peskov VVS nashriga bergan intervyusida RF bu falokat yuzasidan tergov o‘tkazishni boshidanoq qo‘llab-quvvatlaganini ta'kidladi va bu guruhga Rossiyani qo‘shishmaganidan afsusda ekanini bildirdi. "Rossiya tergov natijalarini tan oladimi?" degan savolga Peskov hozircha bor-yo‘g‘i dastlabki natijalar ma'lum qilinganligini aytdi.
"Qabul yoki inkor qiladigan hech narsa yo‘q. Eng avvalo, bu - dastlabki xulosalar, biz tergovda davom etishimiz kerak. Afsuski, hozircha hech qanday asosli dalillarni ko‘rmadik", - dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, juda jiddiy fojia ro‘y bergan va buni quruq so‘zlar bilan isbotlab bo‘lmaydi. "Hisobotda avvalgidek qarama-qarshiliklar ko‘p. Qandaydir aniq bir xulosaga kelishga hali erta. Boz ustiga bu masalada yana ko‘p ma'lumotlar kelib tushmoqda", - dedi Kreml vakili.
Chorshanba kuni Niderlandiya, Ukraina, Avstraliya, Malayziya va Belgiya vakillaridan iborat Qo‘shma tergov guruhi Malayziya avialiniyasiga qarashli Boeing samolyotining Donbass uzra aviahalokatga uchraganiga doir dastlabki tergov natijalarini taqdim etdi. QTGning ta'kidlashicha, samolyot Rossiya Federatsiyasi hududidan olib kirilgan "Buk" raketa tizimidan urib tushirilgan. Biroq shuni ta'kidlash joizki, QTG bu versiyani inkor etuvchi Rossiya taqdim qilgan ma'lumotlarni o‘rganib chiqishga ulgurmagan.
O‘z navbatida, Rossiya mudofaa vazirligi QTG xulosalarining obektivligi shubha uyg‘otishini ta'kidladi. "Bugun tergov guruhi brifingida taqdim etilgan barcha ma'lumotlar asosan ikki manbaga asoslangan: internet va Ukraina maxsus xizmatlari. Shu bois bu ma'lumotlarning obektivligi hamda ular asosida qilingan xulosalar shubha uyg‘otishi tabiiy", - deya ta'kidladi Rossiya harbiy idorasining rasmiy vakili, general-mayor Igor Konashenkov.
Shuningdek u Rossiyaning zenit raketa majmualari Ukraina chegarasini kesib o‘tmaganligini ta'kidladi.
2014 yilning 17 iyulida Malayziya avialiniyalariga qarashli Boeing 777 yo‘lovchi samolyoti Amsterdamdan Kuala-Lumpurga MH17 reysini amalga oshirayotib, Donetsk viloyatining sharqida aviahalokatga uchragan. Buning natijasida 283 nafar yo‘lovchi hamda ekipajning 15 a'zosi halok bo‘lgan.
Mavzuga oid
12:37 / 14.12.2024
Fuqaro aviatsiyasi tarixidagi eng yirik halokatlar
15:29 / 25.11.2024
Vilnyus aeroporti yaqinida yuk tashuvchi Boeing qulab tushdi
11:56 / 02.11.2024
Aviatsiya tarixidagi g‘alati halokat: uchuvchi nega samolyotni tog‘ga olib borib urgandi?
22:43 / 21.10.2024