Jahon | 20:36 / 13.10.2016
6752
2 daqiqa o‘qiladi

Rim papasi: nasroniylikni himoyalab, qochqinlarga qarshi chiquvchilar – ikkiyuzlamachilardir

Foto:pastinfo.am

Rim papasi Frantsisk G‘arbda nasroniylikni himoyalab, biroq shu bilan birga qochqinlarga yordam berishni rad etadiganlarni ikkiyuzlamachilikda aybladi.

"Ziddiyat mavjud: G‘arbda nasroniylikni himoya qilishni istaganlar, boshqa tomondan, qochqinlarga va boshqa dinlarga qarshi chiqmoqdalar", deb aytdi pontifik Vatikanda lyuteran-ziyoratchilar guruhini qabul qilish vaqtida.

Frantsiskning aytishicha, gap bu vaziyatda "kasallik yoki umuman Iso payg‘ambar eng ko‘p qoralagan gunoh – ikkiyuzlamachilik" haqida ketmoqda. Shu bilan birga papa bu fenomen haqida OAV har kuni xabar berayotganini aytdi.

E'tiborlisi, 13 oktabrda Muqaddas taxt Frantsisk tomonidan Butunjahon muhojir va qochqinlar kuni munosabati bilan yo‘llagan maktubni ommaga tanishtirdi. Bu kun Rim-katolik cherkovi tomonidan 2017 yil 15 yanvarda nishonlanadi.

Pontifik bu hujjatda barcha ko‘ngilli odamlarni avvalambor balog‘atga yetmagan muhojirlar haqida qayg‘urishga chaqirgan. Uning aytishicha, bunday bolalar "ko‘rimsiz bo‘lgani va ovozga ega bo‘lmagani sababli eng zaif guruhni" tashkil qiladi. 

"Ular uch karra zaifdirlar, chunki yoshdirlar, chunki xorijlikdirlar va chunki himoyasizdirlar hamda turli sabablarga ko‘ra o‘z yurtlaridan olislarda yashashga majburdirlar", deb ta'kidlab o‘tdi papa.

Butunjahon muhojir va qochqinlar kuni cherkov tomonidan 1915 yildan beri nishonlab kelinadi. Oxirgi vaqtlar papa xalqaro hamjamiyat e'tiborini Yevropaga Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdan ommaviy migratsiya qilish muammosiga qaratib keladi.

 

Mavzuga oid