O‘zbekiston | 19:50 / 03.11.2016
6585
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov andijonlik saylovchilar huzurida bo‘ldi

3 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Sarvar Otamuratovning Andijon viloyatidagi saylovchilar va keng jamoatchik bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zMTDP Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Uchrashuvda turli sohalar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xotin-qizlar, yoshlar, mahalla faollari, partiya a'zolari hamda OAV xodimlari ishtirok etdilar.

Uchrashuv Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarining saylovchilari bilan onlayn video konferensiya orqali muloqot tarzida bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuvda nomzodning ishonchli vakili Sadbar Mamitova ishtirokchilarga Sarvar Otamuratovni tanishtirdi va uning tarjimai holiga to‘xtalib o‘tdi. 

Prezidentlikka nomzod S.Otamuratov so‘zga chiqib, saylovchilarni saylovoldi Dasturida belgilangan ustuvor vazifalar bilan tanishtirdi.

Shundan kelib chiqqan holda saylovoldi Dasturda milliy o‘zlikni anglash, milliy g‘urur va qadr-qimmat tuyg‘usini mustahkamlash, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi turmush sifati, darajasi va farovonligini oshirish bo‘yicha Davlat dasturlari qabul qilish hamda Kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish belgilangan.

Ayniqsa, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va oilaviy tadbirkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan Andijon viloyatida ishlab chiqarishni texnik va texnologik modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishga yo‘naltirilmagan xarajatlarni qisqartirish, yangi, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, istiqbolli ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan korxonalarga soliq va majburiy to‘lovlarda imtiyozlar berish yo‘li bilan mahalliy sanoat samaradorligini yanada oshirish muhim masaladir.

Milliy bozorni sifati past, xalqaro andozalarga mos kelmaydigan mahsulotlardan muhofaza etish, qulay va jozibador sarmoya muhitini shakllantirishning huquqiy asoslarini kuchaytirish, davlat kompaniyalari va davlat ulushi ustunlik qiladigan korxonalarning moliya-xo‘jalik faoliyati shaffofligini ta'minlash orqali ularning faoliyat samaradorligini oshirish, ichki xususiy investitsiyalarni milliy iqtisodiyotga yo‘naltirishni yanada kengaytirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash Sarvar Otamuratov saylovoldi Dasturida ustuvor vazifa etib belgilangan.

Bular bugungi kunda 47 ta yirik sanoat korxonalariga ega bo‘lgan Andijon viloyati uchun juda muhimdir. Xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalardan 38 tasi yengil sanoatda, 18 tasi avtomobilsozlikda, 17 tasi xizmat ko‘rsatishda, 5 tasi oziq-ovqat sohasida, 4 tasi elektrotexnika, 4 tasi kimyo sohasida, 5 tasi poyabzal, 12 tasi savdo, 5 tasi farmatsevtika sohalarida faoliyat yuritmoqda. Andijon viloyatida joriy yil birinchi yarim yilligida yalpi hududiy mahsulot 95,5 foizga, hududiy sanoat 137,3 foizga o‘sgan. Shunday ekan, istiqbolli ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan korxonalarga soliq va majburiy to‘lovlarda imtiyozlar berishni yanada kengaytirish vaqti keldi, - dedi S.Otamuratov.

Uchrashuv so‘ngida S.Otamuratov ishtirokchilar tomonidan saylovoldi Dastur yuzasidan berilgan barcha savollarga javob berdi.

 

Mavzuga oid