O‘zbekiston | 20:00 / 17.12.2019
5061
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zMTDP Samarqand kengashi: “Davlat tilini barcha bilishi shart”

O‘zbekiston milliy tiklanish demokratik partiyasi Samarqand viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Azimjon Soliyev bilan suhbatimiz asosan bitta savol atrofida kechdi: “O‘zMTDP uchun ovoz bergan fuqaro jamiyatdagi qaysi muammolarni bartaraf etishga hissa qo‘shadi?” Quyida partiya vakilining bir qator fikrlari bilan tanishasiz.

“Davlat tili bo‘yicha qonunlarimizni mukammallashtirish kerak”

  • Garchi o‘zbek tili rasman davlat tili maqomida bo‘lsa ham shuncha yil davomida tilimizni to‘liq himoya qila olmadik. Eng oddiy qoida: O‘zbekistonda kim bo‘lishidan qat'iy nazar barcha davlat tilini bilishi shart. Ammo hozir ahvol bunday emas. Hatto davlat idoralarida davlat tilini bilmaydiganlar bor.

Boshqa millat vakillarini kamsitmagan holda, ularga ham sharoit qilib bergan holda o‘zbek tilini tom ma'noda davlat tiliga aylantirishni dasturimizga kiritganmiz. Tan olish kerak qonunchiligimizda bu borada kamchiliklar bor. Aytaylik, yuqorida aytganimiz – barchaning davlat tilini bilishi qonunlarda ko‘rsatilmagan. Soddaroq qilib aytganda tilimizni behurmat qilganga hech qanday javobgarlik yo‘q.

Agar aniq qilib aytadigan bo‘lsam partiyamizning 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturida 14 qismdan iborat band bor. Ulardan bir nechtasini sanab o‘taman:

- Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida va rasmiy doiralarda davlat tili qo‘llanilishiga, shuningdek, qonun hujjatlari va idoraviy yozishmalarning to‘liq davlat tilida yozilishiga erishish.

- “Davlat tili haqida”gi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish.

- Ommaviy axborot vositalarida, xususan, televideniye, radio va ko‘chalardagi reklamalar va boshqa tashqi yozuvlarning davlat tilida bo‘lishini ta'minlash.

Ana shu kabi muhim aniq rejalar kiritilgan.

Jamiyatni ziyolilar o‘zgartirmasa boshqa hech kim o‘zgartirolmaydi

– Tarixga murojaat qilib ko‘rsangiz, har qanday jamiyatning faqat ziyolilar harakati bilan taraqqiyotga erishganiga guvoh bo‘lasiz. Bejizga bizning elektoratimiz asosan ziyolilardan iborat emas. Chunki millatning jonkuyarlari ham shular aslida.  Nima uchun o‘tgan asrda yurtning elitasi, ziyolilari qatag‘on qilindi? Chunki yurt uchun nima qilish mumkin bo‘lsa ziyolilar qila olardi. Insoniyat tarixida dunyo tanigan olimlar chiqqan yurtdan so‘nggi yuz yilda hech kim chiqmaganining ham sababi shu – qatag‘on.

Modomiki asosiy umid ziyolilardan ekan, o‘z-o‘zidan gap ta'lim-tarbiyaning ahvoliga borib taqaladi. Agar hozirgi ta'lim tizimidan, yetishib chiqayotgan kadrlar  bo‘yicha kamchiliklar borligi bot-bot tilga olinayotganini hisobga olsak, demak, ta'lim tizimimizda ham qayerdadir kamchiliklar ko‘p bo‘lgan. Ochig‘ini aytish kerak, oliy ta'lim dargohini bitirib kelib bitta hujjatni mustaqil to‘ldira olmaydigan yoshlarimiz bor. Bu borada biz 25 yilni boy berdik. Shu sababdan dasturimizda ta'lim bilan bog‘liq juda ko‘p masalalarni belgilab olganmiz. Xususan, pedagoglar tayyorlash va tanlash tizimini tubdan takomillashtirish shart deb hisoblaymiz. O‘qituvchi va ustoz maqomini oshirish, ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, ular uchun qulay, ortiqcha qog‘ozbozlik va rasmiyatchiliklardan xoli mehnat sharoitlarini yaratishni rejalashtirganmiz. Ta'lim borasida aytadigan gapimiz shu – Zudlik bilan tiklanish kerak.

“Ishga tayinlash tizimini maksimal kamaytirish lozim”

Kadrlar haqda gap ketganda yana bir narsani esdan chiqarmaslik kerak. Xalqimiz yaxshi kadrni, yaxshi mutaxassisni yana 25 yil kutishi kerak emas. Ta'lim tizimini tezlik bilan to‘g‘ri o‘zanga solish bilan bir qatorda, shu kecha-kunduzda mavjud mutaxassislardan ham to‘g‘ri foydalanishni yo‘lga qo‘yish kerak deb hisoblaymiz.

E'tibor berib qaraydigan bo‘lsak, bizda deyarli barcha sohada, ayniqsa, rahbarlik lavozimlarida ish boshlash – tayinlov asosida amalga oshiriladi. Buning o‘rniga turli xil usuldagi tanlovlar usuli samaraliroq. Misol uchun, har ikki yilda xalq ta'limi boshqarmasi rahbarini o‘qituvchilarning o‘zlari (boringki ota-onalar ham) internet orqali ovoz berish yo‘li bilan tanlashlari mumkin-ku. Eng yaxshi kadrni xalqning o‘zi tanlab oladi-ku. Tasavvur qiling, agar bu tizim barcha sohada yo‘lga qo‘yilsa, soha xodimlari o‘zlariga rahbarni ovoz berib tanlasa, juda ko‘p muammolarning oldi olingan bo‘lardi. Hozir esa, butun boshli sohaga katta ehtimol bilan boshqa soha vakili kimnidir tayinlaydi. Xullas, ana shu masalalar bo‘yicha ham qator takliflarni ilgari surmoqchimiz.

Fuqaro partiyamizga ovoz berib, mamlakatni tezda taraqqiy ettirishning eng hayotiy yo‘llarini tanlaydi deb bilaman. Mamlakat taqdiri uchun jon kuydirgan har qanday inson agar dasturlarimizni o‘qib chiqsa, “axir bu mening g‘oyalarim-ku, mening partiyam shu ekan” deyishiga shubham yo‘q, - deydi Milliy tiklanish demokratik partiyasi Samarqand viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Azimjon Soliyev.

Mavzuga oid