Texasda falokatlardan himoya qiluvchi bunker-qishloq loyihasi ishlab chiqildi
AQShda shaxsiy bunkerlar qurish urf bo‘lgan. Ko‘pchilik do‘konlardan ehtiyot shart marjumak, konservalar va kerosinni ortig‘i bilan xarid qilib, olib qo‘ymoqda hamda tabiiy ofatlar, texnogen falokat yoki zombi-apokalipsisi vaqtida qo‘nim topish uchun haqiqiy bunkerlarni tayyorlamoqda. Odatga ko‘ra, bunday bunkerlar bir yoki ikki oilaga mo‘ljallagan bo‘ladi, biroq amerikaliklar buni zerikarli, deb hisoblashadi. Yaxshisi, himoyalangan yer osti qishlog‘ini barpo qilgan qiziqroq - unda katta jamoa va bir necha ming kishi yashaydigan bo‘ladi.
Texasda bunday g‘oyani amalga oshirishga jiddiy qarashmoqda. Bu murakkab, lekin keng ko‘lamli va noodatiy loyihani investitsiyalovchi guruhlar rejalari haqida dailymail.co.uk'da ma'lumot berildi.
Loyiha Trident Lakes deb nomlanadi, uni Dallas yaqinida qurishmoqchi. Unga 300 million AQSh dollari sarflash rejalashtirilgan. Trident Lakes'da 400ta xonadon bo‘ladi, ularning narxi baland bo‘lishi aniq. Falokat kelganda narxga qarab o‘tirilmaydi, axir. Har qanday vaziyatga tayyor turgan yaxshi, shu bois qishloq inshootlarining deyarli barchasi yer ostida joylashgan bo‘ladi. Tashqari esa bir juft ko‘l, golf maydonlari, park, rancho va boshqa yoqimli bonuslar bilan "bezatiladi".
Yer ostida ham toza havodan nafas olish va elektr energiyasidan foydalanish mumkin - bu yerda iste'mol suvining shaxsiy manbalari, suv va havoni tozalash tizimi, elektr stansiyalari va ko‘plab boshqa narsalar mavjud bo‘ladi. Darvoqe, bu yerda yashovchi barcha aholining DNK banki ham quriladi.