O‘zbekiston | 21:07 / 28.12.2016
44131
3 daqiqa o‘qiladi

Paxta dalalarida majburiy mehnatga qarshi kurash bo‘yicha hisobot berildi

O‘zbekistonda 2016 yilgi paxta terish mavsumida (19 sentabrdan 31 oktabrgacha) O‘zbekiston mehnat vazirligiga 3919 ta murojaat kelib tushgan. Bu haqda vazirlik materiallarida aytilgan.

Joriy yilda barcha hududiy mehnat organlariga paxta terish mavsumi boshlangungacha va u vaqtida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borish buyurilgan. Buning uchun bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan tushuntirish ishlarini o‘tkazish jadvallari ishlab chiqilgan va tuman (shahar) hokimlari tomonidan tasdiqlangan.  

30 ta shikoyat bo‘yicha mehnat qonunbuzarliklariga yo‘l qo‘yilganini aniqlash bo‘yicha tergov o‘tkazilgan, ulardan 10 tasi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan, 7 ta shikoyat bo‘yicha aybdor shaxslar bilan tushuntirish ishlari olib borilgan, 13 ta shikoyat bo‘yicha qonunbuzarliklar tasdiqlanmagan.

"Umumiy hisobda, 3 nafar maktab direktori va 2 nafar kasb-hunar kolleji direktori, 2 nafar fermer xo‘jaligi rahbari va bir nafar poliklinika bosh shifokori o‘z xodimlari va 18 yoshga yetmagan bolalarni paxta terishga majburlagani uchun 4,7 mln so‘m jarima ko‘rinishida ma'muriy javobgarlikka tortilgan", deb ta'kidlandi vazirlikda. 

Bundan tashqari, Davlat mehnat huquq inspeksiyasi tomonidan bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha mehnat qonunchiligining nazorati amalga oshirilgan.

Bu ish natijalariga ko‘ra, 14 ta qoidabuzarlik aniqlangan, ulardan 5 tasida ish haqi vaqtida to‘lanmagan va 9 tasida ishga yollash va mehnat sharoitlarini ta'minlamaslik qayd qilingan. 

2016 yilda Xalqaro mehnat tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, O‘zbekistonda majburiy va bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslikning milliy monitoringi mustaqil jamoatchilik tashkilotlari tomonidan o‘tkazilgan. Monitoring ishiga aralashishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida davlat organlari vakillari monitoring guruhlari tarkibiga kiritilmagan. Biroq joylardagi mehnat organlari hamda davlat mehnat huquq va texnik inspektorlari o‘z vakolatlari doirasida majburiy mehnat va bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha mustaqil ish olib borganlar.

 

Mavzuga oid