Jahon | 07:49 / 20.01.2017
7110
2 daqiqa o‘qiladi

Gambiyaning yangi prezidenti o‘z lavozimini bajarishga kirishdi

Foto: AFP

Gambiyaning yangi prezidenti etib saylangan Adam Barrou rasman o‘z lavozimini bajarishga kirishdi, deb xabar bermoqda "Frans Press" axborot agentligi.  

Axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, Barrouning inauguratsiyasi Gambiyaning Senegal poytaxti Dakardagi elchixonasida bo‘lib o‘tdi. Ta'kidlanishicha, marosim vaqtida Gambiya ustidan Nigeriya harbiy-havo kuchlarining razvedka samolyotlari parvoz qilib yurgan. 

Gambiyaning amaldagi prezidenti Yahyo Jamme dekabrda o‘tgan saylovlarda yutqazgach, o‘z lavozimini tark etishni istamagan. Avvalroq agar Jamme hokimiyatni topshirishdan bosh tortsa, Senegal va Nigeriya qo‘shinlari Gambiyaga kirishga tayyorliklari ma'lum qilingandi. 

Shunga ko‘ra, Senegal qo‘shinlari saylovlarda g‘olib bo‘lgan Barrouga hokimiyatning topshirilishini ta'minlash maqsadida Gambiya hududiga bostirib kirdi. 

Jamme hokimiyatni 19 yanvarda topshirishi kerakligiga qaramasdan, Gambiya milliy assambleyasi 18 yanvarda uning prezidentlik vakolatlarini uzaytirib bergan. Shundan keyin Senegal Gambiya chegarasiga qo‘shinlarini yuborayotgani haqida xabar paydo bo‘lgan.

Mavzuga oid