Sport | 16:41 / 08.02.2017
30851
4 daqiqa o‘qiladi

Muxlis nolasi: «O‘yinni sharhlang, janob sharhlovchi!»

Kecha, 7 fevral kuni Osiyo Chempionlar ligasining saralash uchrashuvi doirasida O‘zbekistonning ikki jamoasi o‘z o‘yinlarini o‘tkazdi. Har ikki uchrashuv ham O‘ZMTRK tarkibidagi Sport va UzHD telekanallari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilindi. Ammo ushbu translyatsiyalar vaqtida o‘yinlarni sharhlab borgan sharhlovchilarga o‘yin vaqtida ham, o‘yindan keyin ham qattiq e'tirozlar yangradi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu ikki o‘yin sharhi eng ko‘p muhokama qilindi. Shunday e'tirozlardan biri Kun.Uz tahririyatiga kelib tushdi.

Quyida ushbu e'tiroz ma'nosida yozilgan murojaat sayt o‘quvchilariga taqdim etiladi.

Assalomu alaykum, hurmatli Kun.Uz va Tribuna.Uz sayti ijodkorlari! Ochig‘ini aytsam, kimga murojaat etishni bilmadim, dardimni kim eshitarkin degan umidda axiyri sizlarga yozishga qaror qildim. Zora aytmoqchi bo‘lganlarim sizga ma'qul kelib, bu xat saytda e'lon qilinsa. Shu orqali Sport kanali mutasaddilariga gaplarimiz yetib borsa...

Bugun (xat 7 fevral kuni kechki payt Kun.Uz tahririyati e-pochtasiga kelib tushgan) Sport telekanali orqali OChL saralash bosqichining «Nasaf» ishtirokidagi o‘yini namoyish qilindi. Xursand bo‘lib o‘yinni ko‘ramiz deganimizda, xafsalamiz pir bo‘ldi. Jamoamiz qayd etgan natijadangina emas, o‘yinni sharhlagan sharhlovchining o‘zi kayfiyatimizni rasvo qilish uchun yetarli bo‘ldi.

Uchrashuvni sharhlash uchun «Nasaf» darvozaboni Eldor Suyunov ham chaqirilibdi. Albatta, bu yaxshi. Chunki futbolni ichidan bilgan, uning ishtirokchisi bo‘lgan odam bilan sharhni qiziqarliroq qilish mumkin. Biroq shu kuni o‘yinni sharhlagan (ochig‘i kimligini ham bilmayman, Sport kanalida «voh» deb eslab qoladigan tayinli sharhlovchi ham qolmagan, afsuski) sharhlovchimi, suxandonmi, farqlashning iloji bo‘lmadi, kimsa shu qadar ko‘ngilni xira qildiki, televizorning ovozini o‘chirib, radioni yoqib qo‘ygan holda o‘yinni eshitishga to‘g‘ri keldi. Menimcha, shu kuni sharhlovchi ko‘pchilikning qon bosimini oshirib yuborgan...

Uning o‘yinni sharhlash paytidagi xatolarini aytmay qo‘ya qolay. Uning birgina Eldor Suyunovni sharhga qo‘shmoqchi bo‘lgan vaziyatlarini o‘zini eslasam asabiylashyapman... «Nasaf» hujum qilmoqda. Sharhlovchi esa Suyunovga savol bermoqda. «Nasaf» xavfli vaziyat yaratyapti, u bo‘lsa «Eldor, «Nasaf» mavsumga qanday tayyorgarlik ko‘rdi», deb savol beryapti... Ey baraka topgur, agar darvozabonni intervyu olishga chaqirgan bo‘lsang, o‘yindan keyin qilsa ham bo‘ladiku buni? Nahot «Nasaf»ning o‘zi kam sonli hujum bo‘lsayu, o‘shani ham bir chetga surib, vaziyatga aloqasi yo‘q bo‘lgan mavzuda gapirib o‘tirish mumkin bo‘lsa?

Biz XXI asrda, texnologiyalar rivojlangan asrda yashamoqdamiz, o‘yindan oldingi ma'lumotlar, prevyularni internet orqali o‘qib olamiz. Menimcha, 90 foiz odam xuddi shunday qiladi. Bunaqa auditoriyaga hujum bo‘layotganda, maydonda kurash kechayotganda, darvozabondan qanday tayyorgarlik ko‘rganini eshitimiz shart emas, menimcha.

Yozmay desam bo‘lmadi. Bir paytlari Axbor Imomxo‘jayevdek sharhlovchilarni yetishtirib bergan o‘zbek sharhlovchilik maktabida nahotki birorta munosib shogird yetishib chiqmay qolgan bo‘lsa?..

Shuhrat, Farg‘ona viloyati

Mavzuga oid