Jahon | 16:02 / 14.02.2017
31508
6 daqiqa o‘qiladi

Mojaro tafsilotlari: Aloqa uzildi, Flinn birinchi qurbonmi?

AQSh prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Maykl Flinn iste'foga chiqdi. U iste'fo to‘g‘risidagi maktubida vitse-prezident Maykl Pens va Oq uyning boshqa vakillariga Rossiyaning AQShdagi elchisi Sergey Kislyak bilan suhbati haqida to‘liq ma'lumot bermaganini tan oldi. U Donald Tramp va Maykl Pensdan uzr so‘ragan.

O‘tgan oyda OAV uni Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Sergey Kislyak bilan o‘tgan yilning dekabrida o‘tkazgan uchrashuvida Rossiyaga qarshi sanksiyalarni muhokama qilganlikda aybladi.

«Afsuski, voqealarning tez rivojlanishi sababli AQShning saylangan vitse-prezidenti va boshqalarga Rossiya elchisi bilan telefon orqali suhbatim haqida qasddan bo‘lmagan holatda yetarlicha ma'lumot taqdim etmadim. Prezident va vitse-prezidentdan buning uchun uzr so‘radim, ular buni qabul qildi», degan Flinning bugungi bayonotida.

Endilikda uning o‘rnini iste'fodagi general-leytenant Kit Kellog egalladi.

Telefon muloqoti
The Washington Post Flinn Trampning inaugratsiya marosimiga 1 oy vaqt borligida Rossiya elchisi Kislyak bilan telefon orqali suhbatida Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish masalasida gaplashgani ehtimoli haqida yozdi.

Nashrdagilar uning bunday muloqotga kirishishi Moskva uchun sanksiyalar kelgusida yumshatilishi yoki butunlay bekor qilinishi mumkinligi haqida yolg‘on tasavvur uyg‘otishini taxmin qilishdi.

Shuningdek, Flinn avvaliga bunday suhbat bo‘lib o‘tganini tan olmagani, keyinroq uning rasmiy vakili orqali «suhbatda bu mavzu ham muhokama qilingan bo‘lishi mumkinligi»ni bildirganiga urg‘u qaratildi.

Kremldagilar ham o‘z o‘rnida «bu muloqot bo‘lib o‘tgani», lekin «boshqa xabarlar rost emasligi»ni bildirdi.

The Washington Post nashri Adliya vazirligini sobiq rahbari Salli Yyeytsning Oq uyni ogohlantirgani haqida yozdi. U prezidentning xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Maykl Flinn «Rossiya tomonidan shantajga uchrashi mumkinligi», Moskva bu amaldorni boshqara olishini aytgandi. Lekin Rossiya Trampning maslahatchisiga qay vosita bilan ta'sir o‘tkazishi aniq aytilmadi.

Nashr shuningdek, Barak Obama prezidentligining so‘nggi kunlarida AQSh Milliy razvedkasi direktori Jyeyms Klepper, shuningdek, MRBning sobiq rahbari Jon Brennan Yyeytsning fikrini qo‘llab-quvvatlayotganini qayd etdi. Gazeta manbalari talqiniga ko‘ra, Yyets, Klepper va Brennan «Flinn kelishuv yo‘liga o‘tib, o‘zini obro‘sizlantiradigan vaziyatda qoldirishi»dan xavfsirashgan.

Oq uy va Kongressning reaksiyasi
AQSh prezidenti Donald Tramp vaziyat og‘irlashganidan xabar topgach, vitse-prezident bilan bu masalani muhokama qilgan. Trampning katta maslahatchisi Kellienn Konueyning aytishicha esa, prezident «Flinnga to‘la ishonishda» davom etgan.

Senatdagi Demokratik ozchilik yetakchisi Chak Shumer Flinnga nisbatan tekshiruv o‘tkazish zarurligini ma'lum qildi.

«Biz Flinn rossiyaliklar elchisi va boshqalar bilan o‘tkazgan muhokamalar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilishini so‘raymiz va talab qilamiz», — deya Shumerning so‘zlarini keltirgan The Hill.

«Birinchidan, biz Flinn Rossiya elchisi va boshqalar bilan nimani gaplashganini aniqlash uchun mustaqil tekshiruv o‘tkazilishini talab etamiz. Ikkinchidan, uning tekshiruv oxiriga qadar ishdan olinishi, agar uning qonunchilikni va etik tamoyillarni buzgani aniqlansa ishdan ketkazilishi kerak», — degandi Shumer matbuot anjumanida.

Bundan tashqari, Davlat departamentida AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Tom Shennon 14 fevral kuni RFning AQShdagi elchisi Sergey Kislyak bilan uchrashuv o‘tkazilishi aytilgan. Ushbu muloqot Vashingtonda, ishchi tushlik formatida o‘tkaziladi. Marosim matbuot uchun yopiq bo‘ladi. Uchrashuvda aynan qanday mavzu muhokama qilinishi aniq aytilmagan.

Munosabat
Pentagon sodiq xodimi Maykl Malufning fikricha, Maykl Flinning iste'fosi voqealarning muvaffaqiyatsiz rivojini anglatadi. U buni demokratlarning g‘alabasi deb atash mumkinligi haqida gapirgan.

«Bu OAV va demokratlar g‘alabasi. Ularga joriy ma'muriyat yoqmayotgandi, shuning uchun ular qo‘llaridan kelgan ishni qilishmoqda. Bu hali boshlanishi», — deydi ekspert. U elita avvaldan Flinnga qarshi bo‘lgani, uning Rossiya hukumati ta'siridagi RT telekanalida tahlilchi sifatida namoyon bo‘lgani olovga yog‘ sepgan kabi ta'sir qilganini eslab o‘tgan.

Bundan tashqari, Maluf Tramp hamisha Rossiya bilan munosabatlarni tiklash tarafdori ekani uchun tanqidga uchrab kelayotgani, matbuot esa uning o‘zi yoki ma'muriyatidagi a'zolarning ehtiyotsizligini kutib yashashi haqida qayd etib o‘tgan. Shu bilan birgalikda, Flinn mojarosi AQSh prezidentining bu yo‘nalishdagi rejalariga ta'sir ko‘rsatmasligini qo‘shimcha qilgan.

«Tramp Putin bilan yaqinlashish niyatida ekani, u bilan hamkorlik qilishga tayyorligini aytgan. Menimcha u hech narsani o‘zgartirmaydi», — deya so‘zini yakunlagan u.

Rus elchisi bilan gaplashgan amerikalik amaldor nega iste'foga chiqdi?

Mavzuga oid