Jahon | 21:33 / 26.03.2017
11792
7 daqiqa o‘qiladi

Xitoyga singayotgan Hongkong va uning boshqaruvidagi ilk ayol

Lam xonim nomzodi saylovlarda Xitoy markaziy hokimiyati tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi.

Pekin siyosati tarafdori, 59 yoshli Kerri Lam besh yillik muddatga Hongkong ma'muriyati rahbari etib saylandi. Markaziy saylov komissiyasidan xabar berishlaricha, u saylovchilar hay'ati a'zolarining 777 ta ovozini jamg‘argan. Birinchi turdayoq g‘olib bo‘lish uchun 600 ta ovoz yetarli edi. 

Lam nomzodi XXR markaziy hokimiyatining qo‘llovida edi va uning g‘alabasiga hech kim shubha qilmayotgandi. Uning asosiy raqibi, sobiq moliya vaziri Jon Tsang 365 ta ovoz olgan. Uchinchi nomzod, apellyatsion sudning sobiq sudyasi Hu Gosing uchun faqat 21 kishi ovoz bergan.

Kerri Lam — sobiq katta vazir, mahalliy ma'muriyatda "ikkinchi raqamli" inson edi (bu lavozimni u 2012 yildan 2017 yanvarigacha egallagan). U boshdan bosh saylovoldi poygasining shubhasiz favoriti hisoblanardi. Garchi Tsangning obro‘-e'tibori xalq o‘rtasida katta bo‘lishiga qaramasdan, Pekin aynan Keri Lamni qo‘llab-quvvatlay boshlagan, deb xabar beradi manbalar.

Hokimiyatning silliq almashinuvi

Hongkongning amaldagi ijroiya hokimiyati rahbari Lyung Chun-ying Keri Lamni saylovlardagi g‘alaba bilan tabrikladi va hokimiyatni to‘siqlarsiz topshirishini bildirib o‘tdi. 

Uning o‘zi o‘tgan yilning oxirida "oilaviy sharoitlarga ko‘ra" ikkinchi muddat uchun saylovlarda ishtirok etmasligini bildirib o‘tgan edi. 13 mart kuni Lyung Chun-ying XXR oliy kengashuv organi — Xitoy xalq siyosiy maslahatlashuv kengashining Butunxitoy qo‘mitasi raisi o‘rinbosarligiga tavsiya qilindi.

U endi 1 iyul kuni Hongkongdagi vakolatlari tugaguncha har ikki lavozimda ishlab turadi. Saylov oldidan Lyung Chun-ying o‘z vorisi Pekin tomonidan bildirilayotgan yetarli ishonchdan foydalanmasa, Hongkong muxtoriyatning keng maqomidan mahrum bo‘lib qolishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. 

Omadli karera

Hongkong universitetining jamiyatshunoslik fanlari fakulteti bitiruvchisi Kerri Lam 1980 yilda davlat xizmatida ish boshlagan va hukumat tizimi va idoralarda bir necha lavozimlarda ishlagan. 2007–2012 yillarda Hongkongni rivojlantirish vaziri lavozimida ishlangan, keyin esa mahalliy ma'muriyatning katta vaziri bo‘lgan. Ingliz tilida erkin gaplasha oladi. Turmush qurgan, ikki farzandning onasi, katolik cherkoviga boradi. 

Qanday ovoz berishdi?

XXR tarkibida alohida ma'muriy statusga ega, "bir mamlakat — ikki tizim" formulasi bo‘yicha boshqariluvchi Hongkong muxtoriyatida hozircha to‘g‘ridan-to‘g‘ri umumxalq saylovlari tizimi joriy etilmagan. Oliy maqomdagi shaxs saylovlari saylovchilar hay'ati yordamida bo‘lib o‘tadi. Bu organning tarkibi 2016 yilning dekabrida shakllantirilgan, unga moliya, sanoat, ilm-fan, diniy doiralar va jamoatchilik vakillari, ko‘zga ko‘ringan biznesmenlar va siyosiy arboblar — jami 1194 kishi a'zo bo‘lgan. Ularning aksariyati Pekin tarafdori ekanligini namoyish etishni xohlaydi va "markaz"ning xohishlarini ro‘yobga chiqaradi. 

Saylov yuqori xavfsizlik choralari ko‘rilgan holda Honkongdagi ko‘rgazma va konferensiyalar zalida bo‘lib o‘tdi. Aytish mumkinki, Pekinning Hongkongni ichki ishlariga aralashishiga qarshi tinch namoyish ham talofatlarsiz o‘tkazildi. 

Saylov islohoti inqirozi

Hongkongda o‘tkazilgan ushbu saylovlar tarixda ilk bor umumxalq saylovlari bo‘lishi mumkin edi, biroq bu tashabbus qattiq qarshilikka uchradi va jiddiy siyosiy inqirozni keltirib chiqardi. 2014 yilning 31 avgustida Butunxitoy xalq vakillari yig‘ilishi Doimiy qo‘mitasi demokratiyalashtirish yo‘lidagi va'dalari tomon qadam tashlab, 2017 yilgi Hongkong ma'muriyati rahbari saylovlarida saylov jarayoni tartibini tasdiqladi. Tashabbusga ko‘ra, saylov umumxalq xarakterida bo‘ladi, lekin bitta shart bilan: nomzodlar saylovchilar hay'ati tomonidan tasdiqlangan 2 yo 3 shaxs bo‘lishi lozim. 

Biroq demokratik muxolifat XXR tomonidan uzatilgan kelishuv qo‘lini qaytarib tashladi va nomzodlarni filtrdan o‘tkazish va "soxta demokratiya" borasida bong ura boshladi. 2014 yilning kuzida muxolifat tarafdorlari Hongkongda "chinakam erkin saylovlar" uchun ommaviy namoyishlar o‘tkazib, 79 kun mobaynida talabalardan iborat faollar shaharning markaziy ko‘chalari va chorrahalarida harakatga to‘sqinlik qilishdi.

Radikal harakatning tug‘ilishi

Pekin 2014 yil kuzida demokratik namoyishlardan so‘ng Hongkongda paydo bo‘lgan Localism deb nomlanuvchi radikal yoshlar harakatidan tashvishda. Ular o‘z hududi uchun o‘zlari to‘liq egalik qilishni yoqlab, chiqish qilishmoqda. O‘tgan yilning sentabr oyida Qonunchilik kengashiga o‘tkazilgan saylovda olti nafar talabalardan iborat faollar ham tarkibga qo‘shilgan. Ulardan ikki nafari sud qaroriga ko‘ra mandatlaridan judo qilingan: qasamyod vaqtida ular Xitoy tomon haqoratli so‘zlar yog‘dirishgan va ayirmachilik shiorlarini aytishgan.

Butunxitoy xalq vakillari yig‘ilishi Doimiy qo‘mitasi raisi Jang Deyjang yaqinda Hongkong diqqatni siyosiy nozik masalalarga emas, iqtisodiy taraqqiyotga qaratish lozimligiga chaqirdi. "Ko‘cha siyosati" o‘rniga Hongkong o‘z taraqqiyoti bilan mashg‘ul bo‘lishi, aks holda ochilayotgan iqtisodiy imkoniyatlarni qo‘ldan boy berishi mumkinligidan ogohlantirdi u.

Yigirma yillik

Hongkong ma'muriyati yangi rahbari 1 iyuldan o‘z vazifasini bajarishga kirishadi. Shu kuni Britaniyaning sobiq anklavi Xitoy yuristdiksiyasi ostiga o‘tganligining 20 yilligi ham nishonlanadi. Ushbu tadbirga XXR raisi Shi Jinping ham kelishi kutilmoqda. Demokratik muxolifat tarafdorlari shu kuni keng miqyosli norozilik aksiyalari o‘tkazishni mo‘ljallashmoqda.

Amaldagi "bir mamlakat — ikki tizim" formulasiga ko‘ra, o‘tish davri uchun ajratilgan 50 yil (2047 yilgacha) ichida Hongkong alohida ma'muriy status, keng maqomli muxtoriyat hamda ko‘plab demokratik huquq va erkinliklarni saqlab qoladi.

TASS materiallari asosida.

Mavzuga oid