Iqtisodiyot | 20:21 / 12.05.2017
9518
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyning Yangi ipak yo‘li doirasidagi tashqi savdo aylanmasi rekord darajaga yetdi

Foto: TASS

XXR tijorat vaziri o‘rinbosari Tsyan Kemin matbuot anjumani davomida Yangi ipak yo‘li loyihasini amalga oshirishdagi muvaffaqiyatlar haqida gapirib berdi. Amaldorning so‘zlariga ko‘ra, 2016 yil yakuni bo‘yicha XXRning loyiha ishtirokchi davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 20 trln. yuan (2,9 trln. AQSh dollari) miqdoridagi rekord darajaga yetdi.

«Biz tashqi savdo aylanmasi jiddiy o‘sayotganini kuzatmoqdamiz. Xitoy hukumati tomonidan qabul qilingan qo‘shimcha choralar tufayli, 2017 yilda ushbu ko‘rsatkich ilk bora 25 trln. yuandan oshib ketishi mumkin», - deya ma'lum qildi Tsyan Kemin.

Uning qayd etishicha, ayni damda Xitoy hududida 11 ta alohida iqtisodiy zonalar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ularda xorijiy kompaniyalar uchun qulay sarmoyaviy muhit yaratilgan, deb yozadi «Jenmin jibao».

«15 may kuni Pekinda «Bir makon, bir yo‘l» xalqaro yig‘ilishi o‘z ishini boshlaydi, u Xitoy hukumatining iqtisodiy tashabbusiga yangicha nazar bilan qarash imkonini beradi. Bizning kutishimizcha, tadbir davomida birdaniga bir necha yirik kelishuvlar imzolanadi», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi XXR tijorat vaziri.

Eslatib o‘tamiz, Pekinda 14-15 may kunlari bo‘lib o‘tadigan «Bir makon, bir yo‘l» xalqaro forumida O‘zbekiston prezidenti ham ishtirok etadi.

Mavzuga oid