INTeRVYu | 13:25 / 27.08.2017
27572
6 daqiqa o‘qiladi

Andijon shahri hokimi bilan aholini qiynab kelayotgan muammolar yuzasidan ochiq suhbat (video)

KUN.UZ ijodiy jamoasi tahririyat elektron pochtasiga yo‘llangan murojaatlar yuzasidan Farg‘ona vodiysida bo‘ldi. Jumladan, Andijon viloyatining Andijon shahriga qilingan tashrif davomida qo‘lga kiritilgan yutuqlar va shu bilan birga mavjud muammolar ham atroflicha o‘rganildi. Yakunda Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullayev bilan mazkur masalalar yuzasidan suhbat uyushtirildi. Suhbat davomida hokim qator dolzarb masalalar bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Andijon shahri aholisini hokimiyatga bo‘lgan ishonchi

Prezidentimiz har safar bir gapni qayta-qayta ta'kidlaydilar: “Xalqning ichida bo‘ling, xalqning dardi bilan yashang”. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, hozir oldingi ish uslubiyati bilan ishlab bo‘lmaydigan payt. Birinchi navbatda, tashabbus, ijodkorlik bilan ishlanishi kerak. Bu gaplar balandparvoz gaplar emas, ammo aytish mumkinki, bugun xalqning dard-alami va quvonch-tashvishi bilan yashaydigan vaqtdir. Ilgari hokimiyat va xalq orasida qaysidir ma'noda parda bor edi. Ko‘p narsalar viloyatning birinchi rahbariga bog‘liq. Agar birinchi rahbar xalqning muammosini o‘z vaqtida yechib bersa, ana shundagina uning odamlar orasida obro‘i va ishonchi bo‘ladi. Oddiy misol tariqasida keltiradigan bo‘lsak, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov Andijon viloyatining har bir mahallasi, har bir go‘shasida bo‘lib, odamlar dardini tinglab, ularning muammolariga ijobiy yechim topib berganlar.

To‘g‘ri, yechilishi kerak bo‘lgan masalalarimiz juda ko‘p. Aytish mumkinki, 25 yil davomida to‘planib qolgan bu muammolarni hal etish uchun vaqt, mablag‘ va boshqa e'tiborlar talab etiladi. 

Ta'lim sifati va o‘qituvchilarning obodonchilikka jalb etilayotgani haqida

Albatta, bu ayni damdagi eng dolzarb masalalardan biri. Men Andijon shahri hokimi sifatida shuni alohida ta'kidlab o‘tishni istar edimki, yangi o‘quv yilidan boshlab yuqorida keltirib o‘tilgan salbiy holatlar takrorlanmaydi. Chunki bu holat o‘qituvchilarning o‘quvchilarga ta'lim berishlariga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Ammo har bir xalq ta'limi xodimiga o‘z hududini obodonlashtirishi bo‘yicha ko‘rsatma beramiz, ammo o‘quv jarayoni vaqtida emas. Oliy ta'lim va o‘rta maxsus ta'lim tizimida tahsil olayotgan Andijon shahridagi talabalarni ommaviy hasharlarga ishlatish holati uchrayotgani haqida ma'lumotlar olindi. Men bu yolg‘on ma'lumotlar qayerdan kelayotganini bilmayman, ammo shu paytgacha Andijon shahrida hech qaysi talaba majburiy tarzda ommaviy hasharlarda ishtirok etmagan. Shu o‘rinda ta'kidlashni istardimki, o‘qituvchilar faqat ta'lim bilan shug‘ullanishadi, boshqa ishlarga mutlaqo jalb etilmaydi.

Andijon shahridagi ayrim sohalarda uchrayotgan tamagirliklar

Bu mavzu xalqning ichida yotgan og‘riqli muammolardan biri. Aynan mana shu holat bo‘yicha meni o‘zimga ham savol berishadi. Ayniqsa, ta'lim sohasida. Biz bilamizki, Andijon shahrida rusiyzabon maktablar faoliyati anchayin ommalashgan. Ana shu maktablarga bolalarini o‘qitmoqchi bo‘lgan ota-onalar aksari holatlarda tamagirlik illatiga duch kelayotgani sir emas. Bu ham mayli, mana shu ta'lim dargohlariga ishga kirayotganlar ham ana shunday noxush vaziyatlarga duch kelishmoqda. Bundan tashqari, boshlang‘ich sinfga o‘quvchi tanlab olayotgan sinf rahbarlarini, ularning boshliqlarini va o‘sha maktab direktorlarini shaxsan chaqirib, ularni rasman ikki martadan ogohlantirdim. 

Yana shuni alohida ta'kidlab o‘tish lozimki, maktab o‘quvchilarining formalari bir xil joyda tiktirilishi majburiy emas. Men shaxsan o‘zim bu haqida maktab direktorlari va o‘qituvchilar bilan tushuntirish ishlarini olib borganman.

Elektr energiyasi, tabiiy gaz va toza ichimlik suvi haqida

Ayni kunlarda Andijon shahrining ayrim hududlarida toza ichimlik suvi bilan ta'minlash ishlari jadal sur'atlarda davom ettirilmoqda. Masalan, adirlikda joylashgan “Bog‘ishamol” mahallasida ayni kunlarda toza ichimlik suvi quvurlarini tashlash ishlari amalga oshirilyapti. Ammo bu “Bog‘ishamol”da doimiy suv bo‘ladi degani emas, suv vaqti-vaqti bilan beriladi. Viloyat hokimi bilan Andijon shahridagi “Navro‘z” va “O‘zbekiston” mahallalarida istiqomat qilayotgan aholi bilan suhbatlashganimizda ularning kommunal masalalar bo‘yicha qilgan murojaatlari o‘z joyida hal etildi.

Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullayev bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda yana ko‘plab dolzarb masalalar ko‘tarildi, ularga yechim bo‘la oladigan fikrlar o‘rtaga tashlandi.

Mavzuga oid