Jahon | 09:36 / 05.09.2017
46545
3 daqiqa o‘qiladi

Xrushchyov Ukrainaga Qrimni nega bergan?

Foto: © RIA Novosti

Sovetlar Ittifoqi Kommunistik Partiyasi Markaziy Qo‘mitasi birinchi kotibi Nikita Xrushchyovning o‘g‘li Sergey otasi Qrimni Ukrainaga 1954 yilda nega berib yuborganini aytib o‘tdi. U hozirda AQShdagi Braun universiteti professori hisoblanadi.

"Otamning Qrimni Ukrainaga berishiga sabab, agarda siz xaritaga qarasangiz, Qrim Ukrainaga juda yaqin joylashgan, hamda u yerda iqtisodiyot bilan shug‘ullanishni boshlashganda va, eng asosiysi, hozirda afsuski ko‘mib tashlangan o‘sha kanalni qurilishi start olganda, Davlat reja qo‘mitasi bitta yuridik shaxs qo‘l ostida qurilish olib borilsa yaxshi bo‘lishini aytdi, hamda Ukrainaga ko‘plab mintaqalar berilgani kabi u ham topshirildi", - deya Xrushchyovning so‘zlarini keltiradi "112 Ukraina" telekanali sayti.

Sergey Xrushchyovning iddao etishicha, bu qarorda “hech qanday siyosat”, “Ukraina byurokratiyasini xursand qilish harakatlari” va uning onasiga “sovg‘a” berish niyati bo‘lmagan. "Bu tuzilmaviy va to‘g‘ri qaror edi. Qrim tiklanishni boshladi, ko‘p tokzorlar yaratildi", - deya qo‘shimcha qildi u.

RSFSR tarkibida bo‘lgan Qrim Sovetlar Ittifoqi Oliy kengashi Prezidiumi farmoniga ko‘ra 1954 yilning 19 fevral kuni Ukraina SSR tarkibiga o‘tkazilgan. Bu Ukrainada uzoq vaqt davomida ishlagan mamlakatning o‘sha paytdagi yetakchisi Nikita Xrushchyovning tashabbusi bilan qilingan, deb hisoblanadi. 

Sovetlar Ittifoqi parchalanib ketganidan so‘ng Qrim Ukraina tarkibida qoldi. 2014 yilning martida o‘tkazilgan referendumdan so‘ng u Rossiya mintaqasiga aylandi. Qrim hukumati Ukrainada 2014 yilning fevralidagi davlat to‘ntarishidan keyin referendum o‘tkazdi. Ukraina Qrimni hamon o‘ziniki, biroq vaqtinchalik egallab olingan hudud, deb biladi.

Mavzuga oid