Jamiyat | 17:40 / 22.09.2017
22245
5 daqiqa o‘qiladi

Xususiy maktablarni tashkil etish nechog‘lik zaruriyatga aylandi?

Foto: Independent

Buyuk britaniyalik Nial Fergyuson o‘zining «Buyuk degeneratsiya. Davlat va institutlar qanday halok bo‘ladi» asarida o‘quvchining oldiga bir noqulay savolni ko‘ndalang qo‘yadi: Nega g‘arb demokratiyasida siyosiy va moliyaviy munosabatlar so‘nib bormoqda, qonun ijodkorlari qanday qilib qonunlarning ustidan hukmronlikni o‘rnatdi hamda jahon moliyaviy tizimiga barqarorlikni qayta olib kirish uchun nima zarur? Muallifning aytishicha, kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning bir timsoli bu - xususiy ta'lim maktablarni ko‘paytirish va qo‘llab-quvvatlash.

Fergyusonning ta'kidlashicha, davlat ta'lim tizimidan tashqarida bo‘lgan xususiy maktablar barcha ijtimoiy sinf - boy, o‘rtahol va kambag‘al uchun ham foydali.

«Agar men mamlakatda yagona ta'lim siyosatini yoqlab ovoz bersam, demak, bu tizim xususiy maktablar sonini muntazam oshirib borish hamda ehtiyojmand oila farzandlariga turli stipendiya, dotatsiya va vaucher dasturlari ko‘rinishidagi imkoniyatlarni taqdim etishi shart», deydi u.

Albatta, ta'kidlash joizki, hukumat modelidagi umumta'lim maktablar qanchadir muddat katta samara bilan faoliyat yuritdi. 1852 yildan AQSh tajribasida majburiy boshlang‘ich ta'limni uzluksiz ta'minlash maqsadida mahalliy soliq ham joriy etildi. Bu ko‘rinishdagi turli tadbirlar tez fursatda ijobiy natija bera boshladi: aholining savodxonlik darajasi keskin ortib, maorifga e'tibor kuchaydi. Ammo, birozdan so‘ng, ta'lim sohasini to‘liq nazorat qilib turgan hokimiyat ushbu yo‘nalishda monopoliya o‘rnatadi, tabiiy qonuniyatga ko‘ra, raqobatsiz faoliyat sifatsizlashib qoladi. Aholi savodxonligi oshgach, uni yanada yuqori darajaga olib chiqish uchun imkoniyat kamaydi.

Men bu bilan davlat maktablarini qoralab, xususiy maktablarni yonini olmoqchi emasman. Shunchaki, maorif faoliyatini taqqoslash uchun, uning barqaror rivojlanishini ta'minlash maqsadida muqobil tizim mavjud bo‘lishi lozim. Bu o‘rinda majburiy ta'limning davlat tomonidan bepul ta'minlanishi yoqlab chiqqanlar yodida tutishi lozim bo‘lgan bir omil bor: qarshilik sifatsiz tizimni davomiy yashab qolishini ta'minlaydi hamda xususiy maktabga ehtiyojni oshiraveradi.

Finlyandiya ta'lim tizimida mavjud munosabatlar ajoyib yechimni taklif etadi: xususiy maktabning boshqaruvi va ta'lim jarayonlari mahalliy hokimiyat tomonidan boshqarilmaydi, balki davlat standartidan past bo‘lmasligi nazorat qilinadi. Shuningdek, bunday faoliyatni davlat byudjyetidan moliyalashtirib boriladi. Shunga o‘xshash tizim Angliyada ham mavjud va ular «Akademiya» nomi bilan ataladi. Bu turdagi maktablar AQShda charter deyiladi, ularning soni 2 mingdan ortgan. Muhimi shundaki, mahalliy hokimiyat byudjyetidan moliyalashtiriladigan charter maktablarda quyi ijtimoiy sinf vakillari ham ta'lim olish imkoniyatiga ega. 

Achinarlisi, Nyu-York shahrida joylashgan davlat maktablaridagi 3, 4 va 5-sinf o‘quvchilarning 62 foizigina matematika fanini o‘zlashtirib, yakuniy imtihonlardan qoniqarli baho olgan. Harlemdagi «Success Academy» o‘quvchilari shu yili yakuniy imtihonlarni 99 foizga muvaffaqiyatli topshirgan.

Demak, quyidagi bosqichlarni bosib o‘tgan holda ta'lim va maorifni isloh qilish, oldimizda turgan muammolarga konstruktiv yechim topish muhim masalaga aylanmoqda.

Ya'ni:

- Mustaqil boshqaruv huquqiga ega (ayrim holda mahalliy byudjyet dotatsiyaga ega) 

- O‘quvchilarni saralash va imtihon qila olish huquqiga ega bo‘lgan maktablar sonini oshirish lozim.

Misol tariqasida Haydarobod shahridagi xaroba ko‘chalar orasida paydo bo‘lgan «Qirollik o‘rta maktabi», «Yosh bulbulcha» va «Jannat gullari» maktablarini keltirish mumkin. Ularning faoliyat olib borishi inqiroz ko‘chasiga yuz tutgan davlat maktablarini raqobatga kirishishga, ta'lim sifatini oshirishga, o‘quvchi va o‘qituvchilarga qulay sharoit yaratishga majbur qilib kelmoqda.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, har qanday konservativ fikrlashni saqlab qolgan holda ta'lim sohasida raqobat qilish holatini paydo qilish mumkin. Bugungi kunda uchrab turgan ko‘plab maktab va uning atrofidagi masalalar esa shuning ta'sir doirasida ijobiy tomonga o‘zgarishi mumkin.

Internet ma'lumotlari asosida Alisher Ro‘zioxunov tayyorladi

Mavzuga oid