O‘zbekiston | 11:40 / 24.09.2017
21047
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyat Kengashi sessiyasi: to‘y hashamlar muhokamasi va yangi tayinlovlar

22 sentabr kuni xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining qirq ikkinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi T.Jo‘rayev boshqardi, deb yozadi «Zarafshon» gazetasi.

Deputatlar dastlab O‘zbekiston Respublikasi qonunlari yuzasidan viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i A.Xalilovning axborotlarini ko‘rib chiqib, mazkur qonunlar mazmun-mohiyatini keng aholi qatlamiga yetkazish yuzasidan chora-tadbirlar belgiladilar.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining mintaqalarda ijro etilishini nazorat-tahlil tartibida o‘rganish natijalari bo‘yicha 2017 yil 17 avgustdagi qarori muhokama qilindi.

Ta'kidlanishicha, mazkur qonun ijrosi yuzasidan viloyatimizda bir qator ishlar amalga oshirilgan. Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga kelib tushgan murojaatlarning 90 foizi ijobiy hal etilib, iste'molchilar foydasiga 2 milliard so‘mlik moddiy va ma'naviy zararlar undirilgan.

Sessiya kun tartibidagi yana bir masala — viloyat Kengashidagi O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi deputatlik guruhi tomonidan tayyorlangan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning xodimlar mehnat faoliyatiga oid hujjatlarni arxiv muassasalariga topshirishda sohaga oid qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan deputatlik guruhi rahbari Yu.Jumanazarova axborot berdi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zLiDeP deputatlik guruhi tomonidan sessiya kun tartibiga kiritilgan «Urgut» erkin iqtisodiy zonasida ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish hamda muhim loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlarining bajarilishi haqidagi masala ham deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 yanvardagi farmoniga asosan tashkil etilgan «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi uchun Urgut, Past Darg‘om va Nurobod tumanlarida 816 gektar yer maydoni ajratilgan. Tashabbuskorlar tomonidan 281,1 million AQSh dollari miqdoridagi 80ta loyihani amalga oshirish bo‘yicha dastlabki takliflar ishlab chiqilgan. Loyihalar hujjatlari tegishli tartibda tayyorlanib, ularni amalga oshirish bo‘yicha xulosalar olinmoqda.

Viloyat Kengashidagi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi deputatlik guruhi tomonidan tayyorlangan to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarni tartibga solishning qo‘shimcha chora-tadbirlari masalasi bo‘yicha deputat Z.Shodiyeva so‘zga chiqdi.

Ta'kidlandiki, bugungi kunda to‘y-ma'rakalardagi dabdaba va isrofgarchiliklar, turli odat va marosimlar xalqimizning haqli e'tiroziga sabab bo‘lmoqda. Vaholanki, ushbu masala yuzasidan xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan 2015 yil 21 iyulda tegishli qaror qabul qilinib, to‘y-hashamlarni ixchamlashtirish, ortiqcha dabdababozliklarga chek qo‘yish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilangan edi. Afsuski, ayni paytda qaror talablari bajarilmayapti. Davlatimiz rahbari ham joriy yilning 3 avgust kuni ijodkor ziyolilar vakillari bilan uchrashuvda to‘y-ma'rakalarni ixchamlashtirish masalasiga alohida e'tibor qaratgan edi.

Muhokama jarayonida deputatlar, mahalla faollari, imom-xatiblar to‘y-ma'rakalarni tartibli, kamchiqim qilib o‘tkazish bo‘yicha aholi o‘rtasida keng tushuntirish ishlari olib borish zarurligini qayd etdi.

Sessiyada tashkiliy masalalar ko‘rildi — Qurbonov Kamoliddin Musayevich viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Mirzayev Botir Toyirovich viloyat hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tasdiqlandi.

Sessiyada muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan viloyat Kengashining qarorlari qabul qilindi.

Mavzuga oid