O‘zbekiston | 16:49 / 17.10.2017
8654
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat raqobat qo‘mitasi Chinozda 30 ta bo‘sh turgan obektni ishga tushirmoqchi

Foto: Uz24

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan xatlovlar Chinoz tumani hududida avval xususiylashtirilgan hamda bugungi kunda bo‘sh turgan 41 ta obektlar mavjudligini ko‘rsatdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur obektlarning jami qurilish maydoni 52,3 ming kv.m.ni, egallagan yer maydonlari 48,2 gektarni tashkil etadi. Ushbu obektlar qatoriga sobiq «Keramzit shag‘al korxonasi», «Mebel fabrikasi» va «Chinoz bosh pillaxonasi» kabi yirik ishlab chiqarish majmualari ham kiritilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 fevralda qabul qilingan PQ-2796 sonli qaroriga muvofiq, joylarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar hamda Toshkent shahri hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari boshchiligida Idoralararo komissiyalar tuzilgan.

Ushbu komissiyalarga avval xususiylashtirilgan korxona va obektlarning qaytadan to‘la quvvatda va samarali ishlashini ta'minlash vazifasi yuklatilib, tadbirkorlarning investitsiya loyihalarini amalga oshirishida amaliy yordam berish bo‘yicha ko‘plab vakolatlar berilgan.

Davlat raqobat qo‘mitasi

Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasining ma'lum qilishicha, hozirda Chinoz tumanidagi bo‘sh obektlardan 30 tasi negizida mulkdorlar tomonidan yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obektlarini ishga tushirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish taklifi berilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 fevraldagi PQ-2796 sonli qaroriga muvofiq, qurilishi tugallanmagan obektlar va bo‘sh turgan ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanishni ta'minlamagan mulkdorlarga nisbatan soliq idoralari tomonidan ta'sirchan soliq mexanizmlarini qo‘llash belgilangan.

Mavzuga oid