O‘zbekiston | 22:00 / 16.11.2017
16053
4 daqiqa o‘qiladi

Andijonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida respublika anjumani bo‘lib o‘tdi

Foto: KUN.UZ

Andijonda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi, Toshkent islom universiteti va respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston Musulmonlar idorasining viloyat vakillari, Farg‘ona vodiysidagi diniy ta'lim muassasalari rahbarlari, imom-xatiblar ishtirok etdilar. Shuningdek, konferensiyada Qozog‘iston va Qirg‘iziston Respublikalari muftiylari boshchiligidagi delegatsiya a'zolari qatnashdi.

Mazkur tadbirning o‘tkazishdan asosiy maqsad dunyoda kechayotgan murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning asl mazmun va mohiyati, kelib chiqishi, uning oqibatlarini muhokama etish hamda xunrezlik va buzg‘unchilik holatlarini muqaddas Islom dini bilan bog‘layotgan kuchlarga nisbatan diniy soha xodimlarining yakdil munosabatini belgilash hamda ularga qarshi kurashish choralari to‘g‘risida kelishib olishdan iborat bo‘ldi. 

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti devoni sho‘'ba mudiri Muzaffar Jalilov o‘z ma'ruzasida mamlakatdagi diniy sohadagi islohotlar, mintaqada tinchlik-osoyishtalikni ta'minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami haqida tushunchalar berdi. 

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi raisi Ortiqbek Yusupovning ma'ruzasi O‘zbekistonning xalqaro maydonda diniy ekstremizm va terrorizmning oldini olish, unga qarshi kurash borasida olib borayotgan siyosati mohiyat-mazmuniga bag‘ishlandi. O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov esa  mamlakatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni yanada barqarorlashtirishda diniy xodimlar oldida turgan vazifalar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Qirg‘iziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Maxsatbek Toxtamushev hamkasbi fikr-mulohazalariga qo‘shilgan holda shunday dedi:

- O‘zbek, qozoq va qirg‘iz xalqlarini ildizi bir ulkan daraxtga qiyoslash mumkin. Chunki, bir havodan nafas olib, bir ariqdan suv ichamiz. Dinimiz, mazhabimiz ham yagona. Demak, maqsad-u o‘ylarimizning ham birligi muqaddas dinimiz sofligini saqlash, har qanday buzg‘unchilik va fitnalarga qarshi kurashda bizlarni birlashtirib turadi. 

- Dunyoning turli burchaklarida sodir etilayotgan terrorchilik Markaziy Osiyodan olisda bo‘lsa-da, biz uchun yot emas, - dedi o‘z so‘zida Qozog‘iston Respublikasining Janubiy Qozog‘iston viloyati bosh imom-xatibi Karimbek Ahmadjon. – Negaki, bu,  tinchlikka tajovuz, siz-u bizning osoyishta hayotimizga ham tahdiddir. Mazkur anjuman uch davlat ulamolarini hamjihatlikka, o‘zaro bosh qovushtirib harakat qilishga chorlayotgani bilan ahamiyatli, deb bilaman.

Kun tartibida ko‘rilgan masalalar bo‘yicha Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari o‘rinbosari Muhammadjon Quronov, Toshkent islom universiteti rektori  Ravshanbek Abdullayev, Andijon viloyati va Toshkent shahri bosh imom-xatiblari Nuriddin qori Xoliqnazarov hamda Anvar qori Tursunovlar buzg‘unchi oqimlarlarning har qanday ko‘rinishiga qarshi ma'rifat bilan kurashish, mintaqada ijtimoiy barqarorlikni  mustahkamlashni ta'minlashga barcha birdek hissa qo‘shishi lozimligi haqida o‘z mulohazalarini bildirdilar.

Anjuman doirasida respublika «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasi tashabbusi bilan Andijon davlat universitetida «Ma'rifat va bag‘rikenglik tinchlik va taraqqiyot garovidir»  shiori ostida fotoko‘rgazma tashkil etildi. Mehmonlar bu yerda «Urush va tinchlik», «Ekstremizm va terrorizm oqibatlari», «Yoshlar xunrezlik va buzg‘unchilikka qarshi», «Diniy aqidaparastlik va dunyo» va boshqa mavzulardagi ekspozitsiyalarni tomosha qilib, fikr almashdilar. 

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov
Rustamjon EShONOV olgan suratlar

Mavzuga oid