Foto: Samarqandda hosil bayrami - xalq sayli bo‘lib o‘tdi
Samarqand viloyati dehqonlarining yil bo‘yi yetishtirilgan hosilni sarhisob qilib, xalq sayli uyushtirildi. Erta tongdan shahar chetidagi eshkak eshish kanaliga xalq oqib kela boshladi. Saylga shoshayotganlar orasida yoshu qari, erkagu ayol, yoshlar, talabalar va o‘quvchilarni uchratish mumkin edi.
Samarqandliklar bu qadar yirik sayl yaqin o‘rtada bo‘lganini eslasha olmaydi. O‘n minglab insonlar tomosha qilish, hordiq chiqarish uchun bayramga kelishdi.
Eshkak eshish kanali atrofida har bir tuman o‘ziga ajratilgan maydonda turli ko‘rgazmalar, yarmarkalar tashkil etishgan. Yasalgan sahnalarda dong‘i chiqqan hofizlar xonish qilib turishar, folklor dastalari sho‘x va xalqona qo‘shiqlari bilan muxlislar olqishini olishdi. Doshqozonlarda esa osh va boshqa tansiq taomlar tayyorlanayotgan edi. Dasturxonlar pishiriqlaru noz-ne'matlarga to‘la, istagan inson bemalol o‘tirib, suhbatlashib tamaddi qilib ketishi mumkin.
Sayl davomida turli sport va ko‘ngilochar musobaqalar tashkillashtirildi. Kurash musobaqasida gilam, velosiped, televizor, sarka va hattoki tuyagacha zot tikilib, respublikamizning turli go‘shalaridan kelgan polvonlar bel bog‘lab maydonga chiqishdi.
Hosil bayramining tantanali qismini kirish so‘zi bilan ochar ekan viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev pilla, g‘alla, meva-sabzavotlar yetishtirishda mo‘l hosilga erishilgani, paxtani davlatga sotish rejasi respublikada birinchi bo‘lib bajarilganiga urg‘u berib, prezident Sh.Mirziyoyevning samimiy tabriklarini viloyat ahliga yetkazdi.
T.Jo‘rayev o‘zining qisqacha nutqida prezidentimizning Turkiya va Janubiy Koreya safarlarida imzolangan bitimlarga ko‘ra Samarqand viloyatida ham xorijiy investitsiyalar salmog‘i keskin ortishini bildirib o‘tdi.
«Yil bo‘yi samarali va yaxshi mehnat qildik. Yaxshi mehnat qilgan kishi, yaxshilab dam olishni ham bilishi kerak», dedi viloyat hokimi.
Paxta yetishdirishda davlatga paxta sotish rejasini birinchilardan uddalagan tumanlarga Prezident sovg‘asi — «Damas» avtomashinalari kalitlari topshirildi. Shuningdek, yig‘im-terim mavsumida jonbozlik ko‘rsatgan barcha tumanga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Viloyatdagi qishloq xo‘jaligi sohasi boshqarmalari va tashkilotlari ham sovg‘a-salomlarsiz qolmadi.
Hosil bayrami so‘ngida poytaxtdan tashrif buyurgan el suygan san'atkorlar samarqandlik dehqonlarni tabriklab, o‘z chiqishlari bilan davraga fayz ulashishdi.
Shuhrat Shokirjonov,
KUN.UZ muxbiri.
Samarqand.
Mavzuga oid
09:09 / 20.12.2024
Samarqandda 19 yoshli ayol 16 yoshli qizni kaltakladi
19:07 / 18.12.2024
Samarqandda avtobus piyodani urib yubordi
07:24 / 17.12.2024
Jizzax va Samarqand viloyati hokimlariga o‘rinbosarlar tayinlandi
19:08 / 16.12.2024