O‘zbekiston | 18:00 / 01.12.2017
20723
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning yangi elchisi Donald Trampga ishonch yorlig‘ini topshirdi

Foto: «Jahon» AA

O‘zbekistonning AQShga tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Javlon Vahobov AQSh prezidenti Donald Trampga ishonch yorlig‘ini topshirdi. Marosim AQSh prezidentining rasmiy qarorgohi — Oq uyda bo‘lib o‘tgan.

«Jahon» AA xabariga ko‘ra, marosimdan keyin kechgan suhbat chog‘ida prezident Donald Tramp keyingi yil mobaynida O‘zbekistonda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar «respublikaning aniq-ravshan islohotlar qo‘llashni maqsad qilganidan dalolat ekanligini» bayon etdi. O‘zbekiston tomonidan tashlangan qadamlar, shu jumladan, milliy valyuta konvertatsiyasi ta'minlanishi xalqaro sarmoyadorlar uchun mamlakatning jozibadorligini oshirdi. Amerika ma'muriyati rahbari bolalar mehnatiga barham berish hamda davlat boshqaruvi tizimida shaffoflik ta'minlanishidagi rivojlanishni olqishladi.

AQSh prezidenti O‘zbekiston — Amerika munosabatlarini yanada mustahkamlashga tayyor ekanligini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakatning o‘zaro ko‘plab manfaatlari mavjud. «Vashington kuchli va mustaqil O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlaydi, bu mintaqaviy sheriklikka hamda Afg‘onistonni barqarorlashtirishga yo‘l ochadi», degan u.

Ta'kidlanganidek, AQSh O‘zbekistonning allaqachon mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar yaxshilanishiga ko‘maklashgan «yaxshi qo‘shnichilik siyosatini» olqishlaydi. Qirg‘iziston bilan chegaralarining katta qismini delimitatsiya qilish yuzasidan rasmiy Toshkent tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlarning samaradorligi alohida qayd etildi.

Mavzuga oid