Turizm, qurilish, xalqaro savdo-sotiq, transport va logistika hamda... aerokosmik sanoat
2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasi e'lon qilindi.
Dasturning III bobi «Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari» deb nomlangan. Uning Tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobiga uning raqobatbardoshligini oshirish bo‘limida amalga oshirilishi mo‘ljallanayotgan quyidagi chora-tadbirlar belgilab olinmoqda.
Energetika sohasida monopoliyani tugatish, elektr energiyasi yetkazib berishda raqobat muhitini shakllantirish va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantirish.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi. Loyihada:
- energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish uchun energetika tizimini isloh qilish;
- uning asosiy maqsadi, ustuvor yo‘nalish va vazifalarini belgilab beradigan strategiya va aniq tadbirlar nazarda tutiladi.
Mahalliy aholining mamlakat bo‘ylab sayohatlarini rag‘batlantirish, sayyohlar uchun tegishli infratuzilmalar yaratish, hududlarning sayyohlik salohiyatini keng targ‘ibot qilish orqali ichki turizmni tizimli rivojlantirish.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyiha bilan kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi. Dasturda:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari hamda Toshkent shahrida hammabop mehmonxonalar tarmog‘ini franshizing shartnomasi asosida qurish maqsadida chet el nufuzli kompaniyalarini jalb etish:
- turizm infratuzilmalari uchun malakali mutaxassislar tayyorlash, turizm sohasiga taalluqli yangi ish joylarini barpo etish nazarda tutiladi.
Xorijiy sayyohlarning tashrifi uchun keng sharoitlar yaratish, ularning sayohat dasturlarini mazmunan boyitish va ko‘rsatiladigan xizmatlar turlarini kengaytirish hisobiga turizmni jadal rivojlantirish.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyihada:
- turizmni rivojlantirish uchun viza tartibini soddalashtirish;
- xalqaro aviaqatnovlarni ko‘paytirish, shu jumladan xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilish uchun keng imkoniyatlar yaratish;
- turistik mahsulotlarni xarid qilish tizimi, jumladan, elektron to‘lovlar tizimini rivojlantirish, sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga imtiyoz va preferensiyalar taqdim qilish;
- sayohat dasturlarini mazmunan boyitish va ko‘rsatiladigan xizmatlar turlarini kengaytirish;
- O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib qilishga oid masalalar nazarda tutiladi.
Mamlakatimizdagi moddiy madaniy meros obektlarida va ular atrofidagi obektlarda tegishli infratuzilmani shakllantirish, amalga oshiriladigan diniy marosimlar uchun tegishli sharoitlarni yaratish orqali ziyorat turizmini sohaning istiqbolli yo‘nalishi sifatida, shu jumladan, musulmon davlatlari uchun ziyorat turizimini rivojlantirish.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyihada:
- ziyorat turizmi bo‘yicha xizmat ko‘rsatish obektlari tomonidan qo‘llanilishi majburiy bo‘lgan standartlarni qabul qilish, sayyohlarni keng jalb qilish uchun zaruriy infratuzilmani shakllantirish, ziyoratchilar uchun xizmat ko‘rsatishning maqbul turlarini joriy etish;
- ziyorat turizmiga musulmon davlatlardan sayyohlarni jalb qilish borasida «Toshkent–Samarqand–Buxoro» yo‘nalishi bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqish nazarda tutiladi.
Davolash-sog‘lomlashtirish va rekreatsiya turizmini tizimli rivojlantirish, davolash-sog‘lomlashtirish imkoniyatiga ega bo‘lgan tabiiy resurslardan oqilona foydalanish choralarini ko‘rish.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyihada:
- davolash va sog‘lomlashtirish muassasalarini xorijiy, birinchi navbatda, Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolarini qabul qilishga moslashtirish;
- davolash xususiyatiga ega bo‘lgan, ma'danlarga boy tabiat boyliklaridan samarali foydalanish bo‘yicha tegishli infratuzilmani yaratish;
- mavjud imkoniyatlarni keng targ‘ib qilish va sayyohlarni jalb etishga oid masalalar nazarda tutiladi.
Namunali fermer xo‘jaliklarini sayyohlarga xizmat ko‘rsatishga moslashtirish, ularga sayyohlarni jalb qilish hamda ularning mamlakatimizda qolish kunlarini uzaytirish maqsadida agroturizmni rivojlantirish.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyihada:
- namunali fermer xo‘jaliklari negizida sayyohlarga xizmat ko‘rsatish, xususan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish jarayoni bilan tanishtiruvchi tashrif markazlarini tashkil qilish;
- turistlarni hosil yig‘ishga jalb qilish, qiziqarli mahorat darslarini tashkil etish;
- yetishtiriladigan mahsulotlarni turizm mahsulotlari doirasida keng targ‘ib qilish va sayyohlarni jalb qilish masalalari nazarda tutiladi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga kirish, ularda bo‘lish tartibini soddalashtirish hamda tegishli infratuzilmani yaratgan holda ekologik va turizmning boshqa faol turlarini rivojlantirish.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyihada:
- muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga kirish, ularda bo‘lish tartibini soddalashtirish;
- sayyohlar uchun tegishli infratuzilmalarni yaratish, tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan chegaralarni belgilash;
- hududlar salohiyatidan kelib chiqib turizmning faol turlarini rivojlantirish kabi masalalar nazarda tutiladi.
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo sifatida kirishi yuzasidan muzokaralarni faollashtirish.
Chora-tadbirlar dasturi. Dasturda:
- milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlarida nazarda tutilgan normalar bilan o‘zaro taqqoslash hamda ularni o‘zaro muvofiqlashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
- Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiyaning yangilangan tarkibini tasdiqlash ;
- xalqaro tashkilotlar va rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish ustunliklari, oqibatlarini o‘rganish va tahlil qilish hamda mamlakat uchun manfaatli shartlarda huquqiy va institutsional islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflarni shakllantirish;
- Jahon savdo tashkilotining O‘zbekiston Respublikasini ushbu tashkilotga a'zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhi bilan to‘rtinchi yig‘ilishini o‘tkazish nazarda tutiladi.
Meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilinishiga ko‘maklashish hamda bojxona rasmiylashtiruvi vaqti va moliya xarajatlarini qisqartirish maqsadida meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilinishi bo‘yicha «yashil yo‘lak» tizimini Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus va Boltiqbo‘yi mamlakatlari bilan yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rish.
Kelishuv bitimlari. Bitimlarda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus va Boltiqbo‘yi mamlakatlarining bojxona va karantin xizmati organlari bilan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishi bo‘yicha «yashil yo‘lak» tizimini joriy etish bo‘yicha tegishli tadbirlar nazarda tutiladi.
Chegaradosh mamlakatlar bilan logistik marshrutlarni diversifikatsiya qilish.
Kelishuv bitimlari. Bunda chegaradosh mamlakatlar bilan amaliy muzokaralar o‘tkazish, qo‘shni davlatlarning infratuzilmalarini rivojlantirishga investitsiyalar kiritish tashabbusi bilan chiqish orqali mahsulotlarning eksport-importidagi logistik muammolarni hal etishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutiladi.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarning «Integratsiyalashgan transport boshqaruv tizimi» Kontseptsiyasi va Bitimini ishlab chiqish va qabul qilish.
«Yo‘l xaritasi» va chora-tadbirlar dasturi. Bunda tashkilotga a'zo davlatlar bilan integratsiyalashgan transport boshqaruv tizimini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borish, investitsiyaviy dastur loyihasini ishlab chiqish va moliyalashtirish manbalarini aniqlash, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarning «Integratsiyalashgan transport boshqaruv tizimi» Kontseptsiyasi va Bitimini ishlab chiqish va qabul qilish uchun tashkilotning navbatdagi yig‘ilishi kun tartibiga kiritish choralari nazarda tutiladi.
Eksport qilinadigan asosiy yuklarni quyidagi hududlar orqali temir yo‘l transportida tranzit tashishda tarif preferensiyalarini olish choralarini ko‘rish:
- Turkmaniston va Eron hududlari orqali — Bandar-Abbos bandargohiga va keyinchalik Janubiy, Janubi-Sharqiy Osiyo va Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga chiqish uchun;
- Ozarboyjon va Gurjiston hududlari orqali — Qora dengizdagi Poti, Batumi va Ilichevsk bandargohlari, O‘rta Yer dengizidagi Mersin bandargohiga, keyinchalik Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika davlatlariga, shuningdek, Marmaray dovoni orqali Yevropa Ittifoqi davlatlariga chiqish uchun;
- Qozog‘iston va Rossiya hududlari orqali — Boltiqbo‘yi va Qora dengiz hamda Uzoq Sharq bandargohlariga chiqish uchun.
«Yo‘l xaritasi» va chora-tadbirlar dasturi. Bunda:
- tegishli davlatlar temir yo‘l ma'muriyatlariga murojaatlar yuborish;
- masalalarni ikki tomonlama muzokaralar va uchrashuvlar davomida ko‘rib chiqish yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni aniq belgilash;
- chet el davlatlaridagi O‘zbekiston Respublikasi elchixonalari vakillarini keng jalb qilish;
- loyihalarni amalga oshirish uchun moliyaviy manbalarni aniqlash, xorijiy davlatlar hamda xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb qilish yuzasidan muzokaralar o‘tkazish nazarda tutiladi.
Milliy yuk tashuvchilarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik sub'yektlariga qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida «Milliy logistika portali»ni tashkil etish.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi. Loyihada tadbirkorlik sub'yektlari ushbu portal orqali dunyoning barcha nuqtalarida milliy yuk tashuvchilarning transportlari haqida ma'lumotlarni «onlayn» rejimida tezkor olishi va buyurtma berish imkoniyati yaratilishi, xalqaro logistika kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali ushbu portal imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutiladi.
Dunyoning 20 ta mamlakatida 50 dan ortiq xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda mahalliy eksport qiluvchi korxonalarning ishtirok etishini tashkillashtirish.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Bunda:
- Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasidan vakillar ishtirok etishi lozim bo‘lgan xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalar ro‘yxatini tasdiqlash;
- mahalliy eksport korxonalarining 2018 yilda ushbu xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirok etishini tashkillashtirish;
- ko‘rgazma va yarmarkalar orqali milliy mahsulotlar uchun xorijiy xaridorlarni jalb qilish bo‘yicha aniq choralar nazarda tutiladi.
2018–2030 yillarda qurilish sohasini modernizatsiya qilish, sohani innovatsion va ilg‘or rivojlantirish strategiyasini qabul qilish.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi. Qurilish sohasini 2018-2030 yillarda innovatsion rivojlantirish dasturi tasdiqlanadi. Dasturda:
- innovatsion texnologiyalarni joriy etish;
- milliy loyiha hamda pudrat tashkilotlarini tashqi bozorlarga chiqishini rag‘batlantirish choralari;
- qurilish sohasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida ushbu bozorga kirishdagi byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish;
- zamonaviy jahon standartlari asosida normativ va texnik reglamentlarni, amaldagi qurilish norma va talablarini to‘liq qayta ko‘rib chiqish;
- malakali quruvchi va arxitektorlar sinfini shakllantirish va bu orqali bir martalik ishchilarni jalb qilishdan iborat noto‘g‘ri amaliyotga barham berish;
- xorijdan malakali mutaxassislarni jalb qilish va tizim asosida mahalliy mutaxassislarning xorijiy mamlakatlarda malaka oshirish uchun yuborish bo‘yicha shart-sharoitlarni yaratish;
- davlat xaridlari tizimini takomillashtirish jarayonida mahalliylashtirish loyihalari asosida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarning manfaatini inobatga olish nazarda tutiladi.
Investitsiya dasturlari va loyihalarini shakllantirish hamda amalga oshirish, ularning ijrosini nazorat qilishning samarali tizimini yaratish.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi. Loyihada quyidagilar aks ettiriladi:
- investitsiya dasturlari va loyihalarini shakllantirish tartibini, vakolatli ekspertiza organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish;
- O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini yaratish va joriy etish ishlarini jadallashtirish;
- davlat va hududiy dasturlar, investitsiya loyihalari ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishi samaradorligi va shaffofligini ta'minlash.
Internet tarmog‘ida mahalliy va xorijiy investorlarni zarur statistik axborotlar, biznesni yuritish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan ta'minlaydigan «Investitsiya portali»ni ishga tushirish.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi. Loyihada:
- O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya portalini yaratish, ushbu portalni 2018 yilning 1 iyulidan boshlab ishga tushirish va doimiy ishlashini ta'minlash;
- mamlakatning investitsiya salohiyati to‘g‘risida, taqdim etilayotgan imtiyozlar, investitsiya kiritish afzalliklari, infratuzilma, geografik joylashuv, shuningdek, davlat mulki obektlari, investorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar to‘g‘risida davlat tili, rus tili va boshqa xorijiy tillarda kengaytirilgan axborotlar;
- mahalliy va xorijiy investorlarga interfaol shaklda davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarning xizmatlari;
- investorning qayerda va qanday usulda murojaat qilganligidan qat'i nazar, murojaatlar ko‘rib chiqilishining amaldagi holati va natijasidan xabardor bo‘lib turish imkoniyatini ta'minlash nazarda tutiladi.
Barcha investorlar uchun tunu kun ishlaydigan bepul tezkor aloqa telefonlarini tashkil etish.
Ijrochilarning tegishli qarori. Investorlar investitsiya loyihalarini amalga oshirishda yuzaga keladigan barcha muammoli masalalar yuzasidan dolzarb ma'lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Milliy aviatsiya sanoatini qayta tiklash hamda iqtisodiyotning yangi tarmog‘i sifatida aerokosmik sanoatni shakllantirish.
Loyiha bilan Davlat dasturi tasdiqlanadi. Dasturda:
- aerokosmik faoliyatni tartibga solish bo‘yicha mas'ul davlat organini belgilash;
- O‘zbekiston Respublikasining 2018–2035 yillarga mo‘ljallangan aerokosmik sanoatni tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha strategiyasini ishlab chiqish;
- sohaning moddiy va ilmiy bazasini shakllantirish, malakali kadrlar tayyorlash, ularni xorijiy ta'lim muassasalarida malakasini oshirish mexanizmlarini yaratish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish choralarini ko‘rish bo‘yicha tadbirlar nazarda tutiladi.
Mavzuga oid
16:10 / 21.12.2024
Londonda O‘zbekiston transport tizimini 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasi taqdim etildi
10:31 / 20.12.2024
Belgradda jamoat transporti bepul bo‘ladi
10:24 / 12.12.2024
Toshkentning ayrim ko‘chalarida transport harakati cheklandi
18:34 / 11.12.2024