Prezident topshirig‘i bilan maxsus hukumat komissiyasi tuzildi
Bugun, 18 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be oblasti Irg‘iz rayoni hududida “Ikarus” rusumli yo‘lovchi avtobusi yonib ketdi va yo‘lovchilarning 52 nafari halok bo‘ldi, 5 kishi omon qoldi. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, fojia oqibatida halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor.
Kun.uz manbasi ma'lumot berishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan bosh vazir rahbarligida maxsus hukumat komissiyasi tuzilgan. Uning tarkibidan Tashqi ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa muassasalar vakillari o‘rin olishgan.
Maxsus komissiyaga Qozog‘iston vakillari bilan hamkorlikda Aqto‘bedagi hodisa sabablarini o‘rganish hamda halok bo‘lganlarning fuqaroligini aniqlash ishlari vazifa qilingan.