O‘zbekiston | 20:10 / 18.01.2018
124709
2 daqiqa o‘qiladi

Shahnoza Mirziyoyeva yangi vazirlikda ishlamoqda

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qizi Shahnoza Mirziyoyeva yangi tashkil etilgan Maktabgacha ta'lim vazirligi tizimida ish faoliyatini boshladi. Bu haqda vazirlik rasmiy saytida xabar berilgan. 

Ma'lum qilinishicha, Shahnoza Shavkatovna vazirlik tizimida Maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari sifatida ishlamoqda.

Foto: Skrinshot

Bundan avval, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 dekabr kuni o‘tkazilgan maktabgacha ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni tahlil qilish va istiqboldagi vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ishtirok etgan Shahnoza Mirziyoyeva vazir Agrepina Shin hamda uning o‘rinbosarlari qatoridan joy olgandi. Ushbu videoselektor yig‘ilishi «O‘zbekiston» telekanali orqali namoyish etilgan.

Foto: Skrinshot
Foto: Skrinshot

Eslatib o‘tamiz, davlat rahbarining joriy yil 30 sentabrdagi «Maktabgacha ta'lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida soha oldidagi dolzarb vazifalar va ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilgandi. O‘sha kuni qabul qilingan Prezident qaroriga asosan bu sohada alohida vazirlik – O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi tashkil etilgan.

Maktabgacha tarbiya ta'lim tizimining birlamchi va eng muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Sog‘lom genofondni, yetuk kadrlarni tarbiyalash, avvalo, shu tizimdan boshlanadi.

Biroq shu paytgacha bu tizim rivojlanishdan ortda qolgan edi. Oxirgi 20 yil davomida davlat tasarrufidagi maktabgacha ta'lim muassasalari soni 45 foizga kamaygan. Oqibatda maktabgacha yoshdagi bolalarning 33 foizi bog‘chalarga qamrab olingan, xolos.

Mavzuga oid