Jamiyat | 21:10 / 19.01.2018
57770
2 daqiqa o‘qiladi

Ajrim ko‘rsatkichlari oshdi, "Oltin to‘y"dan o‘tganlar ham bor

2017 yilda O‘zbekistonda 31 930 ta nikohdan ajralish haqidagi dalolatnoma qayd qilingan bo‘lib, bu 2016 yilga nisbatan 2 609 taga yoki 8,1 foizga ko‘p demakdir. Adliya vazirligining FHDYo sohasidagi tahlillari natijalari shuni ko‘rsatmoqda.

FHDYo organlarida ajralishlar 621 taga (1,9 foizga), sud qarori asosidagi ajrimlar esa 1 988 taga (6,2 foizga) ko‘paygan.

2017 yil davomida nikohi bekor qilingan oilalar tahlil qilinganda, 1 yildan 8 yilgacha o‘zaro er-xotin sifatida yashab, keyin ajrashganlar soni 18 575 ta yoki 58 foizni tashkil qiladi. Bundan 2-3 yilgacha birga yashab, ajrashganlar ko‘rsatkichlari - 5 174 ta (16,2 foiz), 4-5 yilgacha birga yashab, ajrashganlar esa - 5 524 ta (17,3 foiz).

Ta'kidlash joizki, O‘zbekistonda "Oltin to‘y" bosqichidan o‘tgan, ya'ni 50 yil birga yashagan 23 oilaning nikohi ham bekor qilingan.

Bundan tashqari, 60 yil yashagan 1 ta, 61 yil yashagan 2 ta, 63 yil yashagan 1 ta, 65 yil yashagan 1 ta, 67 yil birga yashagan 1 ta oila ajrashgan.

Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanida 8 nafar voyaga yetmagan farzandi bor oilaning nikohi sud tomonidan bekor qilingan.

Shunday qilib, 2017 yilda O‘zbekistonda 306 197 ta yangi oila jamiyatga qo‘shilgan bo‘lsa, shu yilgacha qayd qilingan nikohlarning 31 930 tasi bekor qilingan. 2016 yilda esa 275 048 ta nikoh qayd etilgan bo‘lib, 29 321 tasi bekor qilingan.

Mavzuga oid