O‘zbekiston | 18:50 / 29.01.2018
84732
3 daqiqa o‘qiladi

Tatyana Karimova Islom Karimov qanday ota, qanday bobo bo‘lganini aytib berdi

Foto: Getty Images

Islom Karimov fondining Facebook’dagi sahifasida O‘zbekiston Respublikasi birinchi prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova bilan suhbat e'lon qilindi. Unda birinchi prezident qanday ota, qanday bobo bo‘lganlari haqida ham ma'lumot berildi.

“Islom Abdug‘aniyevich qorni, alalxusus, birinchi qorni juda yaxshi ko‘rardilar. Qorda farzandlar, keyinroq nabiralar bilan sayr qilish uchun hamisha vaqt topishga intilardilar. Islom Abdug‘aniyevich bolalarni suzish, qo‘rqmay suvga sho‘ng‘ish, velosiped minishga o‘rgatdilar.

Kenja qizimiz Lola kichkinaligida uni chanada uchirish va qorbobo yasash uchun ko‘chaga olib chiqar edilar. Kuzda daraxt barglarini to‘plashardi, o‘sha gerbariylar hozirgacha saqlanadi. Yakshanba kunlari esa ular bog‘-hovlida velosipedda uchishardi.

Keyinroq Islom Abdug‘aniyevich bog‘-hovli hududida o‘shanday tuganmas zavq ila nabiralar bilan sayr qildilar, ularga ham suzish, velosiped minish va tabiat go‘zalligini his etishni o‘rgatdilar. Bolalar skeytbord va rolikda uchayotganini tomosha qilishni yaxshi ko‘rardilar. Ularning abjirligidan hayratga tushardilar, bu boradagina oddiy kuzatuvchi edilar.

Islom Abdug‘aniyevich Prezidentlikka kirishganlaridan keyin yanada band bo‘ldilar va shu bois biror yerga borishga vaqt ham bo‘lmas edi. Umr yo‘ldoshim ishga yanada ko‘proq diqqat-eʼtibor qaratgan edilar va oila uchun yanada kamroq vaqt qolgan edi. 

Taqdir menga butun umr Islom Abdug‘aniyevichga xizmat qilishni nasib etdi. Men turmush o‘rtog‘im ishlashi uchun, ayniqsa, Prezident bo‘lganlaridan keyin imkon qadar kerakli shart-sharoit yaratishga intildim. Negaki, Islom Abdug‘aniyevich uchun ish juda ham muhim ekanini yaxshi bilar edim.

U kishi kuchli iroda va xarakter sohibi bo‘lib, juda ko‘p ishlar edilar. Biz oila qurgan kezlarimizda kamolga yetgan inson edilar. Men o‘shandayoq u kishining shaxsiyati ko‘lamini anglagan, murakkab, lekin sharafli bir yo‘lni bosib o‘tishlarini his etgan edim. 

Men hamisha Islom Abdug‘aniyevichga hamnafas bo‘ldim. Mendan butun umr izlanish, o‘sish, matonatli bo‘lish va tushunishga odatlanish, takomillashish yo‘lidan yurmoq talab etildi. Negaki, umr yo‘ldoshim mudom o‘qib-izlanib yuksak cho‘qqilar sari talpinardilar. Muhabbat bizni birlashtirdi, butun hayot yo‘limizni yoritdi…”.

Mavzuga oid