O‘zbekiston havo sharlariga boyiydigan bo‘ldi - Xalqaro aeronavtika assotsiatsiyasi vakillari O‘zbekistonda
2018 yilda O‘zbekistonga kamida yana 15 ta havo shari keltiriladi. KUN.UZ muxbiri 1 mart kuni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasida Xalqaro aeronavtika assotsiatsiyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda taqdim etilgan ma'lumotga asoslanib, shu haqida xabar berdi.
Tadbirda ma'lum qilinishicha, joriy yilda O‘zbekiston Shveytsariyaning Blaser Swisslube kompaniyasidan kamida 15 ta havo sharini xarid qiladi. Bu sharlar tarixiy shaharlarda xorijiy sayyohlar va o‘zbekistonliklar uchun xizmat qiladi. Kelgusida mamlakatda havo sharlari festivali o‘tkazilishi ham ehtimoldan xoli emas. Buning uchun havo sharlaridan foydalanish qoidalari ishlab chiqilishi talab etiladi.
Blaser Swisslube boshqaruv raisi Piter Blazerning so‘zlariga ko‘ra, sportning aeronavtika turini rivojlantirish O‘zbekiston brendining rivojlanishiga yordam beradi.
"Anchadan beri O‘zbekistonga kelish istagimiz bor edi. Ikki yilcha avval shunga harakat qildik, biroq buning iloji bo‘lmadi. Bu yil yana bir bor harakat qilib ko‘rishga qaror qildik va Shveytsariya elchixonasi ko‘magida buning uddasidan chiqdik, bu biz uchun katta omad. O‘zbekistonda bo‘lishdan juda baxtiyormiz va hamkorlikdagi loyihalarimiz asosida O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shamiz, deya umid qilamiz va o‘ylaymizki, buning uddasidan chiqamiz ham", - dedi Piter Blazer.
Piter Blazerning KUN.UZ'ga ma'lum qilishicha, ular shu kunlarda Samarqand, Buxoro shaharlariga borib, u yerlarda aeronavtikani rivojlantirish uchun imkoniyatlar qay darajada ekanini o‘rganishadi. "O‘ylaymanki, O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro kabi tarixiy shaharlar go‘zalligini nafaqat yerdan, balki yuqoridan - havo sharidan turib guvohi bo‘lishingiz mumkin bo‘ladi", - deydi u.
Shuningdek u O‘zbekistonga tashrifi davomida mamlakat, uning infratuzilmasi qay darajada rivojlanganini ko‘rib, yoqimli hayratga tushganini aytdi va bu bilan o‘zbekistonliklarni tabrikladi.
Ta'kidlash joizki, aeronavtikani rivojlantirish O‘zbekistonga ko‘plab faol sayyohlarni jalb qilishi mumkin. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sh.Shorahmetovning ta'kidlashicha, O‘zbekiston kelgusida aeroplanlar, paraplanlar, parashyutlar masalasida ham katta marralarni ko‘zlamoqda.
Shveytsariyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Oliver Cheyvning so‘zlariga ko‘ra, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ayni damdagi O‘zbekistondagi vaziyatga juda to‘g‘ri yondashmoqda.
Tadbir so‘nggida tomonlar o‘zaro esdalik sovg‘alari bilan almashishdi va kelgusi uchrashuv joriy yilning aprel oyiga rejalashtirilganini ma'lum qilishdi.
Mavzuga oid
19:11 / 29.11.2024
Shveytsariyaning Lombard Odier banki Gulnora Karimova ishi bo‘yicha pul yuvishda ayblandi
16:33 / 25.11.2024
O‘zbek ayollarini haqoratlagan turkiyalik stendapchi: unga qarshi Istanbul prokuraturasiga ariza topshirilgan
13:11 / 23.11.2024
O‘zbekiston va Shveytsariya shartnomaviy-huquqiy bazani kengaytirishga kelishib oldi
19:32 / 07.11.2024