O‘zbekiston | 17:25 / 12.03.2018
34626
3 daqiqa o‘qiladi

Ilmlarning diniy yoki dunyoviy deya ajratilishi qanchalik to‘g‘ri?

Nima uchun bugungi kunda bilimlar diniy ilm yoki dunyoviy ilm deb ajratilmoqda? Bu qanchalik to‘g‘ri? Yoshlar Press-klubining diniy masalalarga bag‘ishlangan uchrashuvida ekspertlar shu haqida fikrlar bildirishdi.

"Biz Imom Al-Buxoriy va Imom At-Termiziylar bilan bir qatorda Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Beruniylar avlodi ekanligimiz bilan ham faxrlanamiz va bunga haqlimiz. Mirzo Ulug‘bekning "Ziji jadidi ko‘ragoniy" kitoblari haqida ko‘p gapirilgan. U zot ushbu olamshumul kitoblarini nima bilan boshlaganlar? "Osmonlarda burjlarni yaratgan, Oy va Quyoshni yaratgan Alloh taolo aybu nuqsonlardan pokdir, ulug‘dir muazzamdir" degan ma'noni beruvchi oyat bilan boshlagan. 

"Biz Mirzo Ulug‘bekning avlodimiz", deb maqtanar ekanmiz, bir narsani tushunishimiz kerak. Ajdodlarimiz ilmlarni diniy yo dunyoviy deb ajratishmagan. Biz bugunga kelib, diniy ilmlar va dunyoviy ilmlar degan masalalarni ko‘taryapmiz, aslida bir bunga boshqacharoq qarasak,o‘rinliroq bo‘lardi. Din bilan ilmni, e'tiqodimizni qarshi qo‘yish noto‘g‘ridir. Diniy bilimlar fandan olgan bilimlar bilan uyg‘un bo‘lishi kerakligini tushunishimiz kerak. Shunda e'tiqodimiz ham mustahkam bo‘ladi", - deydi mutaxassislardan biri.

Shu o‘rinda Hazrat Navoiyning bu boradagi fikrlari keltirib o‘tildi: "Navoiy hazratlari o‘z davrlarida mavjud bo‘lgan ilmiy ma'lumotlarni kiritish bilan birga e'tiqodiy masalalarni ham birgalikda berganlar. Dunyo, yer kurrasi dumaloq. Dumaloq narsa joyida turmaydi - u qo‘zg‘alib, dumalab ketib qoladi. Modomiki, yer dumaloq ekan, demak, yer ham abadiy emas". Bu degani hozir yoshlarimiz ilm-ma'rifatga qanchalik chanqoq bo‘lsa, ularni har tomonlama qurollantirish vazifamiz. Ularni shunday o‘qitishimiz kerakki, olgan bilimlari diniy e'tiqodlariga zid kelmasin". 

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, diniy e'tiqod bilim bilan mustahkamlanishi kerak. Shuning uchun bolalarga diniy ilmlarni bog‘chalardan berish taklif etilayotgani, shunda bolalar kichikligidan halol va haromning farqiga borishi, kattalarni hurmat qilishni o‘rganishi ta'kidlandi.

Mavzuga oid