Jamiyat | 19:30 / 15.03.2018
33775
13 daqiqa o‘qiladi

Jurnalistik surishtiruv: Boshqarma boshlig‘i maktab direktorini ishdan bo‘shatgan, mojaroda kim haq?

Tahririyatimizga Samarqand shahar 1-son bolalar musiqa va san'at maktabining (endilikda sobiq) direktori Feruza Nazarova Samarqand viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan adolatsiz tarzda ishdan bo‘shatilganini bildirib, murojaat qildi.

Vaziyatni o‘rganish uchun ushbu voqeaga aloqador barcha kishilar bilan suhbatlashib, hujjat to‘plab chiqdim.

Feruza Nazarova Samarqand viloyat xalq ta'limi boshqarmasi buyrug‘i bilan 2015 yil 15 iyulda Samarqand shahridagi 1-son bolalar musiqa va san'at maktabi direktori etib tayinlangan. Ungacha Samarqand tumanidagi 26-son bolalar musiqa va san'at maktabini boshqargan.

Foto: 1-sonli bolalar musiqa va san'at maktabi sobiq direktori Feruza Nazarova

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Bolalar musiqa va san'at maktablari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori 2016 yil 5 mayda qabul qilingan. Bolalar musiqa va san'at maktablari ana shu hujjat asosidan tasdiqlangan Nizom bilan boshqarib kelinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan bolalar musiqa va san'at maktablari xalq ta'limi boshqarmalari ixtiyoridan madaniyat boshqarmalari ixtiyoriga o‘tkazilgan.

Endi voqealar rivoji bilan xronologik tartibda tanishtiraman.

F.Nazarova rahbarlik qilayotgan 1-sonli musiqa san'at maktabiga 2017 yil 19 oktabr kuni Rossiya Federatsiyasining Mordoviya Respublikasi Saransk shahrida 2018 yilning 1–4 fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan «Chudesa iskusstva» bolalar va o‘smirlar I xalqaro tanlov-festivalida ishtirok etish uchun taklif keladi.

Foto: Saranskdan kelgan maktublar

Ushbu xalqaro tanlovda qatnashish uchun madaniyat vazirligining ruxsati olinadi va vazirlikning 2017 yil 15 dekabrdagi 01-11-10-6462-sonli xati asosida viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Kamoliddin Mizamovning imzosi bilan xizmat safariga jo‘natish haqida 2017 yil 22 dekabrda 44-S sonli buyruq chiqariladi. Buyruqqa ko‘ra, tanlovda qatnashuvchi bolalarning safardagi intizomi va xavfsizligini ta'minlash maktab o‘qituvchilari N.Muxtorov va O.Ravshanova zimmasiga yuklatiladi. Safarga maktabdan 7 nafar o‘quvchi borishi belgilanadi.

Boshqarma buyrug‘iga asosan, 1-son bolalar musiqa va san'at maktabida ham xizmat safariga «Akademik xonandalik» sinfi o‘qituvchisi Nuriddin Muxtorov va «Xoreografiya» sinfi o‘qituvchisi Oyshirin Ravshanova boshliq jami 9 kishidan iborat delegatsiyani yuborish haqida 2017 yil 25 dekabrda direktor F.Nazarova imzolagan 26-sonli buyruq chiqariladi.

Xullas, bu orada tanlov tashkilotchilaridan yana bir xat keladi va xalqaro tanlov 1–4 fevraldan oldinroqqa — 2018 yilning 25–28 yanvariga ko‘chirilgani ma'lum qilinadi.

O‘quvchilar tanlovga uzoq tayyorgarlik ko‘rishadi, aviachiptalar xarid qilinadi. Albatta, bu o‘rinda ota-onalar va homiylarning hissasini ham qayd etish joiz.

Tanlov kuni yaqinlashar ekan, delegatsiya rahbarlaridan biri Nuriddin Muxtorov bilan bog‘liq muammo chiqib qoladi. U eski pasportini yanvar oyining boshlarida almashtirishga topshiradi va 19 yanvar kuniga kelib pasport hali-beri qo‘liga tegmasligi oydinlashadi.

20 yanvar kuni F.Nazarova delegatsiyaga o‘zi rahbarlik qilishga ruxsat so‘rab, viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i K.Mizamov nomiga 50-sonli xatni kotiba orqali jo‘natadi. Kotiba qiz biz bilan suhbatda «xatni boshqarma xodimi Hojiakbar akaga topshirib keldim», dedi.

Musiqa maktabida 22 yanvar kuni pedagogik kengashning navbatdan tashqari yig‘ilishi o‘tkaziladi. 11 nafar yosh o‘quvchini rus tilini bilmaydigan Oyshirin Ravshanovaning bir o‘zi bilan Rossiyaga jo‘natish xatarli edi, albatta. Shu sababli maktab direktori F.Nazarova delegatsiyaga o‘zi boshchilik qilishga qaror qiladi. N.Muxtorov bora olmasligi haqida bildirgi yozadi. 26-sonli buyruqqa o‘zgartirish kiritiladi. Bu haqda madaniyat boshqarmasiga xabar qilinadi. 24–29 yanvar kunlari maktab direktori vazifasi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Z.Rasulova zimmasiga vaqtinchalik yuklanadi.

Xullas, maktab direktori boshchiligidagi delegatsiya Rossiyaga yo‘l oladi. Tanlovda o‘quvchilar juda samarali qatnashadi va to‘rtta birinchi darajali diplom bilan qaytadi. Abxaziyada o‘tadigan navbatdagi tanlov-festivalda ishtirok etish uchun imtiyozli sertifikatni ham qo‘lga kiritishadi.

Foto: Saranskdagi tanlovda o‘quvchilarning qo‘lga kiritgan diplomlari
Foto: Saranskdagi tanlovda o‘quvchilarning qo‘lga kiritgan diplomlari

Ularning bu yutug‘i O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining rasmiy saytida ham e'tirof etiladi.

«Bu tanlovda Rossiya Federatsiyasining barcha shaharlari, Qozog‘iston, Gruziya va Armaniston kabi davlatlardan 200dan ziyod ishtirokchi qatnashdi. O‘quvchilar o‘zlarining yuqori ijro mahorati bilan barcha qatnashchilarni lol qoldirdi. Tanlov tashkilotchilari O‘zbekiston jamoasiga alohida tashakkurlar aytib, keyingi tanlovlarda yana ko‘rishishdan xursand bo‘lishlarini ta'kidlab, minnatdorchilik bildirishdi. Ushbu yo‘nalishdagi ustozlarga alohida e'tibor berilib, ularning xizmatlari uchun tashakkurnomalar topshirildi», deb yozadi vazirlik sayti.

O‘quvchilarning Saranskdagi chiqishi
Foto / madaniyat.uz

O‘zbekistonga qaytib kelishganidan so‘ng direktor F.Nazarovaning muammolari boshlanadi.

U Kun.uz muxbiriga so‘zlab berishicha, boshqarma boshlig‘i K.Mizamov maktabni qarovsiz tashlab ketgani uchun uni ishdan olish bilan ochiqchasiga tahdid qila boshlaydi va mehnat qonunchiligi hamda boshqarma ichki-tartib qoidalarini buzganligini ro‘kach qila boshlaydi.

Men telefon orqali K.Mizamov bilan bu xusucda gaplashganimda, u «F.Nazarova ichki-tartib qoidalarni bir marta qo‘pol ravishda buzganligi, shu sababli Mehnat kodeksining 100-moddasiga ko‘ra, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi, bu masalada barcha yuristlar bilan maslahatlashib, qat'iy qarorga kelgani»ni bayon qildi. Boshqarma boshlig‘i bilan shaxsan uchrashishning imkoni bo‘lmadi. Keyingi kunlar yo telefonni ko‘tarmadi, yo so‘rab borganimda turli majlis-u yig‘ilishlar bilan band bo‘ldi.

Alohida ta'kidlab o‘tish joizki, boshqarma boshlig‘i va xodimlari maktab kotibasi tomonidan 20 yanvarda boshqarmaga topshirilgan, N.Muxtorov o‘rniga delegatsiyaga F.Nazarova boshchilik qilinishi bildirilgan 50-sonli xatni olmaganmiz, deb bo‘yin tovlab turishibdi.

O‘rinli savol tug‘iladi: boshqarma tayyorlagan barcha hujjatlarda direktor o‘zboshimchalik bilan maktabni tashlab chiqib ketdi, deyilmoqda, xo‘p, tanlovga o‘zi bosh bo‘lib bormasligi kerak ekan, kim borishi kerak edi? Rossiyada qishning izg‘irinli kunlarida bu bolalarga biror kor-hol bo‘lganida ham direktor javob berar edi-ku?!

Boz ustiga, tanlovda yuksak natijalarni qo‘lga kiritib kelgan o‘quvchilarga  boshqarma MUTLAQO E'TIBOR bermagan. Maktab o‘qituvchilari bilan suhbatlashganimizda maktab xalq ta'limi boshqarmasi tasarrufida bo‘lganida bunday xalqaro tanlovlarda qatnashgan o‘quvchilar odatda qo‘shimcha ravishda rag‘batlantirilib kelinganini bir ovozdan ta'kidlashdi.

Boshqarma boshlig‘ining F.Nazarovaga yo‘llagan kulgili, savodsizlarcha tayyorlangan xatiga e'tibor bering: 1 fevral kuni maktab direktoriga vahimali tarzda, pochta kvitansiyasi bilan jo‘natilgan xatda, «ASOSSIZ RAVIShDA (!) O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketganingiz uchun Mehnat kodeksining 100-moddasi, 2-qismi, 4-bandiga asosan siz bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishini ma'lum qilamiz», deyilyapti va Boshqarmaning boshlang‘ich Kasaba uyushmasi qarori ilova qilinmoqda.

Shu o‘rinda, Samarqand viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i K.Mizamovga ayrim savollar bilan xitob qilmoqchiman:

Avvalo, F.Nazarova turmush o‘rtog‘i yoki dugonalari bilan hech kimdan so‘ramasdan Turkiyaning Antaliyasi yoki Kiprga borib dam olib kelgani yo‘q. O‘zi rahbarlik qilayotgan maktab o‘quvchilari xalqaro tanlovda munosib ishtirok etishini ta'minlash uchun borgan va buni uddalagan ham. Buning nimasi asossiz, o‘rtoq boshliq?!

Bolalarning ishtiroki ham, ularning egallagan yuksak o‘rinlariga ham tupurdim, demoqchimisiz?

Ikkinchidan, bu xatingiz 1 fevralda jo‘natilyapti, ilova qilingan kasaba uyushma qo‘mitasi qarori esa 2 fevralda o‘tkazilyapti. Bu bilan nima demoqchi bo‘lgansiz? «Kasaba uyushmasi mening cho‘ntagimda, aytgan kunim men istagan qarorni chiqarib beradi», demoqchi bo‘lyapsizmi?

Foto: Boshqarmaning Feruza Nazarovaga jo‘natgan xati

Yig‘ilishga «gunohkor» chaqirilmagan, sabablar so‘ralmagan, imzolaganlar ichida A.To‘xtayevning imzosi boshqacha bo‘lsa-da, sizdan qo‘rqqanidan «shu mening imzom» deb turibdi. Yopiray!!!

F.Nazarova azbaroyi qizaloqlarning umidini so‘ndirmaslik, ruhiyatini cho‘ktirmaslik, talantini sindirmaslik uchun nima qilib bo‘lsa-da, tanlovda ishtirokini ta'minlash uchun tirishdim, deyapti. U axir PeDAGOG-da! «Men boshqa 29ta musiqa maktabiga «dars» bo‘lishi uchun ham seni ishdan haydayman. Man har bir qadamlaring uchun SNBga otchyot beraman», deydigan, sovetcha qolipda eskicha fikrlovchi, bugungi kun talablariga mutlaqo javob bera olmaydigan, bir qobiqda qotib qolgan rahbar emas!

Yana bir e'tiborli jihat: K.Mizamov qaysi mehnat shartnomasini bekor qilmoqchiki, hanuzgacha F.Nazarovaning mehnat daftarchasida maktab madaniyat boshqarmasiga o‘tkazilganidan keyin biror yozuv qayd etilmagan? U yerdagi so‘nggi yozuv viloyat xalq ta'limi boshqarmasi kadrlar bo‘limi boshlig‘i N.Sharipova imzosi bilan turibdi.

Foto: Feruza Nazarovaning mehnat daftarchasidagi so‘nggi yozuv

Men ataylab viloyat Madaniyat boshqarmasiga ham bordim. Temiryo‘l vokzali yaqinidagi 4-son bolalar musiqa va san'at maktabining ikkita xonasiga biqinib olgan boshqarma ko‘chib kelganiga ikki oy bo‘libdi. Hamma narsa tartibsiz taxlab tashlangan — boshqarmaga ham o‘xshamaydi. Sababiga qiziqib ham o‘tirmadim, bu tartibsizlik ichida bir varaq xat tugul, kap-katta inson ham yo‘qolib qolishi hech gap emas.

F.Nazarovaning murojaatiga javoban esa 2018 yil 23 fevralda Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan ham chuqur o‘rganib chiqilib, shahar prokurori S.Oblaqulov tomonidan boshqarmaning 2018 yil 07 fevraldagi 14-KB sonli buyrug‘iga nisbatan protest keltirilgan.

Foto: Shahar prokurorining Feruza Nazarovaga javobi

Bizga ma'lum qilishlaricha, boshqarma boshlig‘i K.Mizamov prokuraturaga kelib ham norozi ohangda shovqin-suron ko‘targan «Yo u ishlaydi, yo men ishlayman» qabilida po‘pisa qilib chiqib ketgan.

Voqeaning tafsilotlari mana shulardan iborat, aziz o‘quvchi. Siz nima deb o‘ylaysiz, iqtidorli o‘quvchilarga mutlaqo befarq boshqarma boshlig‘i ushbu vaziyatda haqmi yoki ularning munosib ishtirokini ta'minlashga tirishgan maktab direktori?

To‘g‘ri, har qanday qonunbuzarlik jazolanishi kerak. Jazo esa qonuniy bo‘lishi bilan birga adolatli ham bo‘lishi shart. Lekin «o‘ylab topilgan» vajlar asosida ijro etiladigan jazo Yaratganga ham, bandasiga ham xush kelmaydi.

Ushbu masala yuzasidan 16 mart kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ochiq sud majlisi o‘tkazilishi belgilangan. Umid qilamizki, sud boshqarma boshlig‘ining shoshma-shosharlik, shaxsiy xusumat, noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan hujjatlariga va vaziyatga yetarlicha huquqiy baho beradi va adolat tantana qiladi.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi...

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid