Light | 21:15 / 20.03.2018
56857
7 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng sayohatbop 10 shahri: Samarqand ular orasida

Sayohat uchun yo‘nalishlar soni tobora oshib bormoqda. Bir mamlakat o‘zining diqqatga sazovor maskanlari bilan mashhur bo‘lsa, boshqasi o‘zining taomlari va urf-odatlari bilan tanilgan. Stuff.co.nz saytida dunyoning eng sayohatbop 10 shahri haqida ma'lumot berildi. Shunisi quvonchliki, ularning orasida azim Samarqand shahri ham bor.

Lissabon (Portugaliya)

Lissabonda bugungi kunda hukmron ijobiy muhitni  sezmaslik mumkin emas, zero eski moliyaviy inqirozlar va ishsizlikning yuqori ko‘rsatkichlari o‘tmishda qoldi.

Foto: 123rf

Bunday qarashning bir qismi turizm bilan bog‘liq, chunki sayyohlar Lissabonning do‘stona muhiti va uncha qimmat bo‘lmagan diqqatga sazovor maskanlariga maftun bo‘lishadi. Alfamning an'anaviy kafelli binolari, Bayrro-Alto yo‘lakchalari, Balemning keng bulvari va Chiadodagi do‘konlar har qanday sayyoh e'tiboridan chetda qolmaydi.

Seul (Janubiy Koreya)

Seulning faqat birgina kamchiligi bor: u ham bo‘lsa, KXDR yetakchisi Kim Chen Inga yaqinligi. Qolgan masalalarda Janubiy Koreya poytaxti - kosmopolit shahar.

Foto: 123RF

Seulda sayyohlarga yoqishi mumkin bo‘lgan narsalar talaygina. Tarixsevarlar uchun ibodatxonalar va muqaddas dargohlar mavjud. Xaridorlar uchun savdo markazlari va butiklar ishlab turibdi. Oqshomni mazmunli o‘tkazish uchun restoranlar ham ko‘p. Bu yerlarda koreys milliy taomlari bilan bir qatorda qovurma jo‘jalarni tatib ko‘rasiz.

Gyoteborg (Shvetsiya)

Bugungi kunda Skandinaviya (Yevropa shimolidagi tarixiy-madaniy mintaqa)ga sayohat qilish borasida hech qanday muammolar yo‘q.

Foto: AP

Gyoteborg do‘stona shahar. Dengiz bo‘yidagi bu tarixiy shaharni tadqiq qilish uchun eski tramvayga o‘tirishning o‘zi kifoya - u sizni bozorlardan tortib muzeylargacha, restoranlardan tortib barlar va jonli musiqa yangrovchi maskanlargacha elitib qo‘yadi.

Lima (Peru)

Lima boy tarixga ega shahar. Ko‘p sonli jahonga mashhur muzeylar, noyob me'morchilik va ajoyib joylashuv Peru poytaxtini sayyohlarbop shaharlar sirasiga kiritish uchun arzirli sabab.

Foto: AP

Bugunga kelib Limadagi Virjilio Martines tomonidan boshqariluvchi jahonga mashhur restoran dunyoning eng zo‘r 50 restorani orasida 5-o‘rinni egallaydi. Bu yerda gastronomik turizm yaxshi rivojlangan.

Sapporo (Yaponiya)

So‘nggi yillarda Sapporoning eng sayohatbop turistik yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etilishiga sabablar talaygina. Yaponiya tog‘-chang‘i kurortlari va Sapporoning jahonga mashhur Nisekoga yaqinligi shular jumlasidandir.

Foto: SHUTTERSTOCK

Bu shaharni shunchaki tranzit punkti sifatida ko‘rish to‘g‘ri emas. Shahar Yaponiyaning gastronomik markazlaridan biri hisoblanadi. Sapporoning dengiz mahsulotlari, ajoyib sut mahsulotlari va turli ichimliklari sayyohlarni befarq qoldirmaydi. Shuningdek shaharda Yaponiyaning eng yaxshi yozgi festivallari o‘tkaziladi.

Budapesht (Vengriya)

Dunay bilan ajratilgan Buda va Pesht shaharlari o‘zining ko‘p sonli inshootlari bilan barcha yoshdagi sayyohlar uchun allaqachon Sharqiy Yevropaning navbatdagi taniqli turistik yo‘nalishiga aylanishga tayyor.

Foto: SALLY BURGESS

Budapeshtda hamma narsa oz-ozdan bor - kommunistik davrning tarixiy obidalari, me'morchilik mo‘'jizalari, daryo bo‘yidagi parlament binosi, sershovqin va zamonaviy pablar va hokazo.

Samarqand (O‘zbekiston)

Sarguzasht sayohatlarni sevuvchilarning keyingi yo‘nalishi Samarqand bo‘lishi kerak. Qadimiy Samarqand Buyuk Ipak yo‘lidagi eng asosiy savdo markazlaridan biri sifatida asrlar davomida sayyohlar e'tiborini jalb qilib kelgan. Bugunga kelib Markaziy Osiyoga sayohat qilishga qiziqish oshib bormoqda va Samarqandda yana turistik "bum" kuzatilmoqda.

Foto: JILL WORRALL

Samarqand tarixi uzoq-uzoqlarga borib taqaladi, shahar o‘z davrida Makedoniyalik Iskandar, Chingizxon kabi mashhur sarkardalar tomonidan boshqarilgan. Qadimiy obidalar, madrasa va maqbaralar, bozorlar sayyohlar e'tiboridan chetda qolmasligi aniq. Samarqandda sizni befarq qoldirmaydigan sirli go‘zallik bor.

Bolonya (Italiya)

Bolonya faqat taomlari bilan mashhur emas. U yerda ijodkor talabalar juda ko‘p bo‘lib, liberal atmosfera hukmron. Badiiy galereyalar, muzeylar va klassik musiqa yangraydigan maskanlarda vaqtingizni mazmunli o‘tkazasiz.

Foto: AFP

Odamlar orasida "Boloneze" nomi bilan mashhur ragu ham Bolonyani dunyoga tanitgan. "Boloneze" ragusi italyan pastasi uchun go‘shtli sous. U an'anaga ko‘ra, Bolonya aholisi tomonidan sarhil talyatelle va lazanya bilan birga tayyorlanadi. Ragu kamdan-kam holatlarda makaronlar va pastaning boshqa turlari bilan birga uzatiladi.

Ostin (AQSh)

AQShning sayyohlar orasida katta qiziqish uyg‘otuvchi  shaharlari ko‘p - Nyu-Yorkdan to Los-Anjyelesgacha, Chikagodan to Yangi Orleongacha. Texas shtatidagi Ostin "dunyoning jonli musiqa poytaxti" sifatida e'tirof etiladi.

Foto: JONATHAN MACKENZIE

Ostin o‘zining musiqasi va taomlari bilan mashhur. Shu bilan birga, shaharda ajoyib tabiat manzaralaridan zavq olish mumkin. U yerda 300 dan ortiq park bor.

Adelaida (Avstraliya)

Janubiy Avstraliya poytaxti yuqori sifatli xizmat ko‘rsatuvchi restoranlari, barlari, eng yaxshi festivallari va plyajlari bilan tanilgan. 

Foto: 123RF

Shunday bo‘lsa-da, aksariyatni Adelaidaga jalb qiluvchi omillardan biri - uning Avstraliyadagi eng yaxshi uzumzorlarga yaqinligi. Yarim soat G‘arb tomon harakatlaning va siz Adelaida tepaliklarida paydo bo‘lasiz. Janubga 45 daqiqa harakatlaning va o‘zingizni McLaren Vale'da ko‘rasiz. Bir soat Shimol tomon harakatlaning va Kler vodiysida paydo bo‘lasiz. Ajoyib!

Mavzuga oid