Jamiyat | 01:53 / 29.03.2018
44604
4 daqiqa o‘qiladi

Nogironligi bo‘lgan fuqarolarga uylari berildi - xato uchun hokim o‘rinbosarlari hayfsan olishdi

Xabaringiz bor, Kun.uz sayti joriy yil 11 mart kuni «Andijoncha fonogramma. Nogironlarga uy berib, qaytarib olish tomoshasi» sarlavhasi ostida jurnalistik surishtiruv e'lon qilgandi. Unda Prezident Sh.Mirziyovning mehnatga layoqati cheklangan, nogironligi bo‘lgan, uy-joyga muhtoj yurtdoshlarimizga boshlang‘ich badallari to‘lab berilgan uy-joy va sovg‘alar berish to‘g‘risidagi ko‘rsatmasi doirasida Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida taqdirlangan 5 nafar yurtdoshimizning muammosi o‘rganilgan edi.

Jurnalistik surishtiruvda nogironligii bo‘lgan 5 nafar buloqboshilik yurtdoshlarimizga boshqa birovlarning uy-joylari berilgani, biroq keyinchalik ular yana o‘z uylariga qaytarilgani haqida hikoya qilingan edi.

Maqola e'lon qilingandan so‘ng Andijon viloyat hokimligi tomonidan mazkur muammo zudlik bilan o‘rganilib, ijobiy yechim topganligi Kun.uz’ga ma'lum bo‘ldi.

Ijodiy guruhimiz bunga ishonch hosil qilish uchun yana Andijon viloyatiga yo‘l oldi. Bizni viloyatning Buloqboshi tumanida mutasaddilar kutib olishdi.

Shundan so‘ng nogironligi bo‘lgan 5 nafar yurtdoshlarimizning berilgan yangi uy-joy manzili sari yo‘lga otlandik. Ijodiy guruhimizga Andijon viloyati hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Manzura Yunusova, Buloqboshi tumani hokimi O‘tkir Ma'murov, tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha muovini Farhod Normatov, tumanning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Iroda Sotvoldiyeva va boshqa ma'sul xodimlar hamrohlik qilishdi. Manzilda ko‘ngli yarim yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashdik, yangi uy joylarining hujjatlari bilan tanishib chiqdik.

Ha, muammo kecha bo‘lsa-da, o‘z yechimini topibdi. 5 nafar nogironligi bor yurtdoshlarimizning uyi va qalbi quvonchga to‘ldi. Biz o‘sha kuni mazkur muammoning kelib chiqishi sabablari bilan qiziqdik.

Ma'lum bo‘lishicha, Buloqboshi tuman hokimining ayni masalalarga mas'ul bo‘lgan muovinlarining berilgan topshiriqqa beparvoligi, sovuqqonligi va ma'suliyatsizligi sabab nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun ajratilgan uylar o‘z vaqtida qurib bitkazilmagan. Shundan so‘ng boshqa birovlarning uylariga vaqtincha kiritib turishga kelishib olishgan. Ahamiyatli jihati yuzaga kelgan muammo xaqida viloyat hokimligiga xabar berilmagan.    

Ta'kidlash kerak, bugun xalqni rozi qilish — har bir rahbarning asosiy tamoyiliga aylanishi shart. Inson manfaatlari yo‘lida chekilayotgan zahmat va mashaqqat samarasi ertangi kun taraqqiyotiga xizmat qiladi. Ammo oramizda xato va kamchiliklarni xaspo‘shlashga urinayotgan mutasaddilar xam bor. Bunga Buloqboshi tumani misolida guvoh bo‘ldik. 5 nafar nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizning muammosi yuzasidan Buloqboshi tumani hokimining qurilish ishlari bo‘yicha muovini Farhod Normatov hamda tumanning xotin-qizlar masalari bo‘yicha muovini Iroda Sotvoldiyevaga ishdagi yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun hayfsan berildi.  

O‘ylaymizki, bu kabi ko‘ngilsiz holatdan barcha mutasaddilar kerakli xulosalarni chiqarishgan. Andijon viloyati hokimligining aholi murojaatlariga befarq emasligi, aksincha, bu borada mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yganini esa alohida e'tirof etmoq kerak.

Xurshid Daliyev,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid